«O‘zgidromet» bahorning ilk oyida qanday harorat kuzatilishini ma’lum qildi

26.02.2026 | 22:302 дақиқа

2025–2026 yillarning qish mavsumi ham yakunlanmoqda va bahor fasli kirib kelishiga sanoqli kunlar qoldi.

«O‘zgidromet» bahorning ilk oyida qanday harorat kuzatilishini ma’lum qildi

Bu yil mart oyi boshida ob-havo bahoriy beqaror bo‘lishi kutilmoqda. Bahorning birinchi kunida ko‘pchilik viloyatlarda havo harorati 12–17 daraja iliq bo‘lgan quruq ob-havo bo‘lishi mumkin. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2-martda O‘zbekiston hududiga janubi-g‘arbiydan nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, tog‘li hududlarda yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatiladi.

Keyinchalik, oyning birinchi o‘n kunligi oxirigacha yog‘ingarchilik davriy bo‘lib, tekislik hududlarda tanaffus bilan yomg‘ir yog‘adi, tog‘larda yomg‘ir va qor yog‘adi. Bu davrda havo harorati 10–15 daraja iliq atrofida bo‘lishi kutilmoqda (bu iqlim me’yoriga mos), ayrim kunlarda 6–9 daraja iliqqacha pasayishi mumkin.

Mart oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat kechalari 3–8 daraja iliqdan 8–13 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 12–17 daraja iliqdan 23–28 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Harorat pasayishi davrlari qisqa bo‘ladi, isish davrlari esa davomiy bo‘ladi.

Bahor faslining birinchi oyi

Odatda O‘zbekistonda mart oyida havo haroratining tez ko‘tarilishi boshlanadi. Bu oyda o‘rtacha havo harorati fevral oyiga nisbatan 5-6 darajaga, shimolda esa 7-8 darajaga yuqori bo‘ladi. Mart oyining eng iliq kunlarida, ayniqsa oyning ikkinchi yarmida, quyosh nurlari havoni 23-28 daraja issiqqacha, janubda esa 30-33 daraja issiqqacha isitadi.

Meteorologik kuzatuvlar tarixida 2008 va 2023 yillarning mart oylari eng iliq davr sifatida qayd etilgan. O‘sha yillari harorat iqlim meyoridan 5-8 darajagacha baland bo‘lgan. Mart oyida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichlar respublika hududining katta qismida 30-35 daraja issiqni, janubda esa 35-37 daraja issiqni tashkil etgan.

Biroq mart oyi juda o‘zgaruvchandir. Bu davrda havo oqimi yo‘nalishlari tez-tez almashib turadi. Janubdan keluvchi juda iliq havo oqimi Volga bo‘yi, Ural yoki G‘arbiy Sibirdan keladigan sovuq havo bilan o‘rin almashishi mumkin. Shu sababli iliq kunlar qisqa muddatli sovuqlar bilan almashib turadi.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, mart oyida mutlaq minimal harorat hududlarning katta qismida 15-20 daraja sovuq, Qoraqalpog‘iston va Qizilqum shimolida 23-25 daraja sovuq bo‘lgan. Hatto 1954 yilda Ustyurtda harorat 34-37 daraja sovuqqacha pasaygan edi. Ammo so‘nggi 25 yil ichida bunday qattiq sovuqlar kuzatilmadi. Oxirgi yillarda mart oyidagi eng past haroratlar 6-11 daraja sovuq atrofida bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda mart oyi yilning eng yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladigan davrlaridan biri hisoblanadi. Oy davomida 10 kundan 15 kungacha yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin. So‘nggi yillardagi eng rekord darajadagi yog‘ingarchilik 2022 yilning mart oyida qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda Namangan viloyatida yog‘in miqdori meyordan 450 foizgacha yetgan. Martda yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida bo‘ladi, lekin harorat keskin pasayganda yomg‘ir qorga aylanishi ham mumkin.

Теглар

Мавзуга оид

«O‘zgidromet» bahorning ilk oyida qanday harorat kuzatilishini ma’lum qildi | Vaqt.uz