Logo

Pora bilan qo‘lga tushgan «Milliy bank»ning sobiq mansabdori 10 yilga qamaldi

Бугун 13:582 дақиқа

Milliy bankning Andijon viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari bank balansidagi 16,8 mlrd so‘mlik mulkni arzon narxda olib berish evaziga 90 ming dollar pora talab qilgan. U talab qilingan mablag‘ning 40 ming dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Pora bilan qo‘lga tushgan «Milliy bank»ning sobiq mansabdori 10 yilga qamaldi © pixel shot

Andijon viloyatida Milliy bankning mansabdor xodimi 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U katta miqdorda pora olish va firibgarlikka suiqasd qilishda aybdor deb topilgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, u 2025-yil 4-iyundan 2026 yil 18-aprelga qadar Milliy bankning Andijon viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari hamda muammoli kreditlarni undirish va yuridik muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Qayd etilishicha, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari fuqaroning ishonchiga kirib, bank balansida turgan, aslida fermer xo‘jaligiga tegishli va garovda bo‘lgan «Davolash markaziy bino inshooti»ni arzon narxda olib berishni va’da qilgan. Aslida uning umumiy bahosi 16,8 milliard so‘mga teng bo‘lgan.

U mazkur xizmati evazida 90 ming dollar pora talab qilgan va mulki yetti yil muddatga foizsiz kredit asosida rasmiylashtirib berishini aytgan.

2026-yilning 18-aprel kuni Andijon shahridagi «Bobosadin» MFY hududida, Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i yaqinida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Mansabdor shaxs talab qilingan 90 ming dollardan 40 ming dollarini pora tariqasida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu tariqa, uning firibgarlik va pora olishga qaratilgan jinoiy harakatlari oxiriga yetkazilmasdan, jinoyat ustida fosh etilgan.

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi «a» bandi, 210-moddasi 3-qismi «a» bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybdor deb topilgan.

Ushbu moddalar juda ko‘p miqdorda firibgarlikka suiqasd qilish, juda ko‘p miqdorda pora olish hamda pora berishda ishtirokchilik qilishga suiqasd qilish bilan bog‘liq.

Sud ishdagi dalillar va guvohlar ko‘rsatmalarini inobatga olib, sobiq bank mulozimiga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Теглар

Мавзуга оид