Prezident JSTga a’zolikni 2026 yilda yakunlashni topshirdi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning JSTga to‘laqonli a’zoligini rasmiylashtirish bo‘yicha kompleks ishlarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezident JSTga a’zolikni 2026 yilda yakunlashni topshirdi © prezident.uz

6-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi borasida 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar va ushbu jarayonni jadallashtirish bo‘yicha 2026 yildagi vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda jarayonni jadallashtirish va to‘laqonli a’zolikni rasmiylashtirish bo‘yicha kompleks choralar muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasi

2025 yilda ko‘p va ikki tomonlama muzokaralarda salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, ishchi guruhning ikki yig‘ilishi o‘tkazilib, 200 dan ortiq savollarga javob berildi va 30 dan ziyod tashqi savdo hujjatlari taqdim etildi.

Shu bilan birga, 40 dan ortiq muzokaralar raundi o‘tkazilib, 11 ta davlat bilan kelishuvlar yakunlandi. Natijada muzokaralari tugallangan davlatlar soni 33 taga yetdi.

Islohotlar tezlashdi

O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish doirasidagi islohotlar JST a’zolari tomonidan ijobiy baholanmoqda. 2025 yilda 68 ta qonunchilik hujjati xalqaro me’yorlarga muvofiqlashtirildi.

Jumladan, intellektual mulkni ro‘yxatga olish tartibi soddalashtirildi, eksport cheklovlari bekor qilindi va shaffof eksport bojlari joriy etildi. Ayrim mahsulotlar uchun minimal eksport narxlarini belgilash amaliyoti tugatildi.

Texnik to‘siqlar qisqartirildi

Savdodagi texnik to‘siqlarni kamaytirish va sanitariya hamda fitosanitariya sohasidagi islohotlar amalga oshirildi. Xavfi yuqori mahsulotlar uchun byurokratik ro‘yxatdan o‘tkazish o‘rniga sertifikatlashtirish tizimi joriy etildi.

Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi ustidan nazorat tegishli idoraga o‘tkazildi, 14 ta texnik reglament bekor qilindi va 747 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha majburiy sertifikatlashtirish talablari tugatildi. Bu ro‘yxat 27 foizga qisqartirildi.

2026 yil vazifalari

Taqdimotda oziq-ovqat xavfsizligi va savdoni himoya qilish bo‘yicha yangi qonunlarni qabul qilish, sanitariya, veterinariya va karantin sohalarida xavflarni tahlil qilish va ilmiy asoslangan tizimlarni joriy etish rejalari ko‘rib chiqildi.

Prezident joriy yilda JSTga to‘laqonli a’zolikni rasmiylashtirish bo‘yicha barcha choralarni sifatli amalga oshirish, qonunchilikni xalqaro standartlarga to‘liq moslashtirish va muzokaralarni yakunlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishdagi yo‘li

Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayoni O‘zbekistonda 1994 yilda boshlangan bo‘lib, 1998 yilda maxsus ishchi guruh tuzilgan. Biroq keyingi yillarda jarayon sekinlashib, faqat 2020 yildan boshlab muzokaralar yana jonlandi va bosqichma-bosqich faollashdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston qator davlatlar bilan muhim kelishuvlarga erishdi. Xususan, 2024 yilda Yaponiya, Isroil, Dominikan Respublikasi, AQSH, Xitoy va Filippin bilan muzokaralar yakunlandi. 2025 yilda esa Buyuk Britaniya, Shveysariya, Argentina, Avstraliya, Honduras, Kanada, Panama, Ekvador hamda Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan bozorga kirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Shuningdek, Rossiya bilan ikki tomonlama muzokaralar ham yakunlandi.

Bugungi kunda 33 mamlakatdan 31 tasi bilan protokollar imzolangan bo‘lib, muzokaralarni faqat Tayvan (Xitoy Taypeyi) bilan yakunlash qolgan. O‘zbekiston 2026 yilda o‘tkaziladigan vazirlar konferensiyasiga qadar JSTga to‘laqonli a’zo bo‘lishni maqsad qilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид