Prezident qarori: yoshlar uchun 100 mln so‘mgacha mikroqarzlar yo‘lga qo‘yildi
O‘zbekistonda 31 yoshga to‘lmagan fuqarolar uchun «Yoshlar biznesi» dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratiladi. Qarzlar 7 yilgacha muddatga berilib, ayrim holatlarda asosiy qarz va foiz to‘lovlari bo‘yicha imtiyozli davr ham qo‘llanadi.
© Milliy statistika qo'mitasi matbuot xizmati«Aloqabank» tomonidan «Yoshlar biznesi» dasturi doirasida 31 yoshga to‘lmaganlarga asosiy qarzdan 1 yilgacha, foiz to‘lovlaridan 3 oygacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha kreditlar Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratiladi. Bu 1-iyun kuni qabul qilingan «Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorida belgilangan.
100 mln so‘mgacha imtiyozli mikroqarzlar
Qarorga ko‘ra, sug‘urta polisi ta’minoti yoki 3-shaxs kafilligi asosida 100 mln so‘mgacha imtiyozli mikroqarzlarni quyidagi loyihalar bo‘yicha ajratish:
yoshlarning xorijiy til va raqamli texnologiyalarni o‘rganishi hamda zamonaviy kasb-hunarni egallashi bo‘yicha o‘qish xarajatlarini moliyalashtirish uchun – 20 mln so‘mgacha;
zamonaviy kasblar, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar marketingi, mobilografiya, frilanserlik, internet (onlayn) do‘konlar tashkil etish va o‘zini o‘zi band qilish faoliyat turiga mos loyihalar uchun – 50 mln so‘mgacha;
kasanachilik, to‘qimachilik mahsulotlarini tayyorlash, tikuvchilik va boshqa mahsulotlarni ikkilamchi qayta ishlash va (yoki) sotish, ulardan yangi mahsulotlar tayyorlash loyihalari uchun – 50 mln so‘mgacha;
novvoychilik va shirinliklar tayyorlash hamda sotish loyihalarga – 100 mln so‘mgacha.





