Logo

Putin 2027 yilgacha tinchlik muzokaralariga shoshilmaydi — FT

Бугун 15:354 дақиқа

Moskva Ukraina bo‘yicha jiddiy muzokaralarni kechiktirishi mumkin. Kreml avval frontdagi asosiy maqsadlariga erishmoqchi.

Putin 2027 yilgacha tinchlik muzokaralariga shoshilmaydi — FT © Reuters

Britaniyaning «Financial Times» (FT) nashri yopiq diplomatik muhokamalarga aloqador Moskvadagi manbasiga tayanib xabar berishicha, Rossiya 2027 yilning fevraligacha Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha jiddiy muzokaralarda qatnashmasligi mumkin. Ta’kidlanishicha, Putin 2026 yil oxirigacha butun Donbass hududini egallashni maqsad qilgan.

Bu muddat Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘z armiyasiga 2026 yil oxirigacha Donetsk viloyatining qolgan qismini bosib olish haqida bergan buyrug‘i bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Avvalroq bu haqda Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy ham ma’lum qilgan edi.

Qolaversa, Ukraina razvedkasi ma’lumotlaridan xabardor va Rossiya rahbariyati bilan muloqotda bo‘lgan turli manbalar ham FT nashriga ushbu xabarni tasdiqlagan.

Rossiya AQSHdan Ukrainani yon berishga ko‘ndirishni talab qilmoqda

Nashrning muhokamalarda qatnashgan yuqori lavozimli ukrainalik mulozimlarga tayanib yozishicha, Rossiya delegatsiyasi avvalgi tinchlik muzokaralarida AQSHdan Ukrainaning keng ko‘lamli yon berishlarini ta’minlashni talab qilgan.

Gazeta manbalariga ko‘ra, yoz oxirigacha AQSH ishtirokidagi uch tomonlama muzokaralar qayta tiklanmasligi mumkin.

Rossiya tomonining bunday yon berishlarni kutayotgani haqidagi ma’lumotni FT'ning Moskvadagi manbasi ham tasdiqlagan.

«Rossiyaliklar uchun hozircha amerikaliklar ularga Ukrainani "qo‘shqo‘llab topshirish" ssenariysi ma’qul variant bo‘lib qolmoqda. Ularning o‘zlari esa biror-bir yon berishga sha’ma ham qilmayapti va faqat bir xil maqsadlarni takrorlashdan to‘xtamayapti. Aslida, ularning muzokaralardagi pozitsiyasi muloqot uchun hech qanday asos yo‘qligini anglatadi», – deydi manba.

Ukraina dronlar orqali «misli ko‘rilmagan darajada» shiddatli zarbalar bermoqda

FT nashrining yozishicha, Ukraina dronlarining Rossiya hududlariga berayotgan «misli ko‘rilmagan darajadagi shiddatli» zarbalari mamlakatda «so‘nggi o‘n yilliklardagi eng jiddiy yoqilg‘i inqirozi»ni keltirib chiqargan.

Polshaning «Rochan Consulting» tahliliy guruhi ma’lumotlariga tayangan nashrning qayd etishicha, may oyida Kiyev Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga (NQIZ) 16-marta muvaffaqiyatli zarba bergan. Bu esa bir oylik ko‘rsatkich bo‘yicha rekord natijadir.

Umuman olganda, 2026 yil boshlanganidan buyon Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari kamida 194-marta hujumga uchragan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 11 baravar ko‘p.

Joriy yilda Kiyev va Moskva tomonidan uchirilgan dron va raketalar soni rekord darajaga yetgan. Ikki davlat o‘rtasidagi uzoq masofali urush 2022 yilning fevralida Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon eng yuqori cho‘qqisiga чиққaн.

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning hujumkor dronlarining aksariyati ushlab qolinayotganini ta’kidlamoqda. Biroq zarbalar va ularning oqibatlari shuni ko‘rsatmoqdaki, hujumlar soni va miqyosining keskin oshishi strategik energetika inshootlariga jiddiy zarar yetkazmoqda.

Oqibatda mamlakat hududlarining yarmidan ko‘pida yoqilg‘i savdosiga qat’iy cheklovlar joriy qilingan, aholi esa yoqilg‘i quyish shoxobchalarida soatlab navbat kutishga majbur bo‘lmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarim yilligida Rossiya hududi hamda Ukrainaning bosib olingan qismlarida 63 933 ta Ukraina droni urib tushirilgan bo‘lib, ularning teng yarmi so‘nggi ikki oy hissasiga to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun: yanvar va fevral oylarida har oyda eng ko‘pi bilan 6 mingtadan dron tutib qolingan.

FT nashrining ta’kidlashicha, hujumlarda qo‘llanilayotgan dronlar sonining ortishi «Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimiga misli ko‘rilmagan darajada bosim o‘tkazib, muhim energetika va harbiy obyektlarni himoya qilishni qiyinlashtirmoqda».

Qayd etilishicha, ukrain dronlari zarbalarining aniqligini oshirishda AQSH tomonidan taqdim etilayotgan razvedka ma’lumotlari muhim rol o‘ynagan. Xususan, yuqori lavozimli ukrainalik mulozimlarning FT nashriga ma’lum qilishicha, Vashington Kiyevga dronlar parvozi uchun eng maqbul yo‘nalishlarni tanlash hamda dushmanning havo hujumidan mudofaa tizimlarini aylanib o‘tishda yordam bermoqda.

Ushbu xulosalar shuni ko‘rsatadiki, Kiyevning havo hujumlari jadallashuvi Rossiya havo mudofaa tizimiga misli ko‘rilmagan bosim o‘tkazmoqda. Bu esa Moskvaga urush mashinasini ta’minlab turuvchi muhim energetika va harbiy inshootlarni himoya qilishni qiyinlashtirmoqda.

Bundan tashqari, dronlar ishlab chiqarish hajmining sezilarli darajada oshgani hamda ularni boshqarish tizimlarining takomillashgani tufayli Ukraina zarbalar shiddatini oshirishga muvaffaq bo‘lgan.

«Aslini olganda, Putin bu urushda yana bir halokatli strategik xatoga yo‘l qo‘ygani ko‘rinib turibdi. U qandaydir sabablarga ko‘ra, vaqt faqat o‘z foydasiga ishlayapti, deb o‘yladi. Natijada Ukrainani taslim qila olmadi, aksincha, ularga dushman ichkarisiga zarba beruvchi qurollarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun yetarlicha vaqt berib qo‘ydi», – deydi Moskvadagi Strategiya va texnologiyalarni tahlil qilish markazi direktori Ruslan Puxov.

Putin Donetskni to‘liq bosib olishni buyurgan

Rossiyaning quruqlikdagi hujumlari sekinlashib, katta yo‘qotishlarga sabab bo‘layotganiga qaramay, Putin o‘z qo‘shinlariga yil oxirigacha Donetsk viloyatining qolgan qismini to‘liq bosib olishni buyurgan.

28-iyun kuni davlat televideniyesiga bergan intervyusida Putin Ukrainaning zarbalari muayyan «muammolar» tug‘dirayotganini tan oldi, biroq frontda Rossiya qo‘shinlari hamon ustunlikka ega ekanini aytdi.

3-iyul oqshomida Kreml jang maydonidagi qo‘mondonlik punktidan Putinga hisobot berilayotgani aks etgan videoni e’lon qildi. Videoda Rossiya Donbassdagi front chizig‘ida joylashgan Konstantinovka shahrini egallagani da’vo qilingan.

Zelenskiy esa Putinning bu da’volarini rad etib, shaharda janglar hamon davom etayotganini bildirdi.

Shu bilan birga, Rossiya Ukrainaga zarba berishda havo kuchlariga tobora ko‘proq tayanmoqda; so‘nggi oylarda raketa va dron hujumlari ko‘lami keskin oshgan. Ukraina hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyidan buyon mamlakat hududiga uchirilayotgan Rossiya raketalari va dronlarining umumiy soni oyiga 5 000 tadan oshmoqda.

2-iyul kuni Rossiya kuchlari Kiyev tomon 74 ta raketa va qariyb 500 ta dron uchirdi. Zelenskiyning qayd etishicha, hujum oqibatida 31 kishi halok bo‘lgan, 90 dan ortiq inson jarohatlangan.

Теглар

Мавзуга оид