Qishloqlarda naqd pul muammosi hal etildimi?

Бугун 10:391 дақиқа

Markaziy bank qishloqlarda naqd pul yetishmasligi agentlar orqali hal etilayotganini ma’lum qildi.

Qishloqlarda naqd pul muammosi hal etildimi?

Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayevning ta’kidlashicha, qishloq joylarda naqd pulga yetishish muammosini hal qilish uchun to‘lov tashkilotlari orqali maxsus agentlar tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu agentlar orqali aholi nafaqat pul yechib olishi, balki hisobini to‘ldirishi ham mumkin. Bu tizim bankomatlar yetishmaydigan hududlarda asosiy yechim sifatida joriy qilingan.

«To‘lov tashkilotlariga “qumdon” doirasida agentlari orqali cash-in va cash-out, ya’ni pul kiritish va yechish imkoniyatini yaratib berganmiz», — dedi Nodirbek Saydullayev.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda mamlakat bo‘ylab 17 ming 990 ta shunday agent faoliyat yuritmoqda. Kunlik operatsiyalar hajmi ham yuqori bo‘lib, o‘rtacha 800 mlrd so‘m kirim va 770–780 mlrd so‘m atrofida chiqim amalga oshirilmoqda.

«Bugungi kunda 17 ming 990 ta shunday agentlar bor va deyarli birorta qishloq qolmagan, u yerda to‘lov tashkiloti agenti bo‘lmasa», — deydi Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari.

Shu bilan birga, mutaxassislar qishloq joylarda aholi ko‘pincha mahsulotlarni qarzga olishi va keyin oylik tushganidan so‘ng karta orqali to‘lash amaliyoti saqlanib qolayotganini ham qayd etmoqda.

Markaziy bankka ko‘ra, naqd pul yetishmasligi masalasi bosqichma-bosqich aynan shu agentlik tarmog‘i orqali hal etilmoqda va bu tizimni yanada kengaytirish rejalashtirilgan.

Теглар

Мавзуга оид