Logo

Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegarada yuk tashuvchilardan pul olmoqchi

Bu chora navbatlarni sun’iy ravishda yuzaga keltirishning oldini olish va tashuvchilarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan.

Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegarada yuk tashuvchilardan pul olmoqchi © Asia-Plus

9-noyabrdan boshlab Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasi orqali xalqaro yuk tashish uchun elektron navbatga yozilayotgan tashuvchilar 20 MRP (oylik hisob-kitob ko‘rsatkichi) miqdorida kafolat puli to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu haqda Qozog‘istonning Turkiston viloyati Davlat daromadlari departamenti xabar berdi.

Yangi talab «Qozig‘urt», «B. Qonisbayev» va «Atameken» chegara o‘tkazish punktlarida amal qiladi.

Elektron navbatda joy band qilish uchun tashuvchining maxsus elektron hisobida 20 MRP miqdorida mablag‘ bo‘lishi kerak. Bu 86 ming 500 tenge (taxminan 2 million 261 ming so‘m) bo‘ladi.

Agar yuk mashinasi belgilangan vaqtda chegara punktiga yetib kelsa, kafolat puli to‘liq va avtomatik tarzda qaytariladi. Agar tashuvchi 90 kalendar kun ichida ketma-ket ikki marta belgilangan vaqtda kelmasa, pul qaytarilmaydi va davlat budjetiga o‘tkaziladi.

Departamentning tushuntirishicha, bu chora navbatlarni sun’iy ravishda yuzaga keltirishning oldini olish va tashuvchilarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan.

Xalqaro yuk tashish bilan shug‘ullanuvchilarga safarlarni oldindan rejalashtirish va elektron navbatga yozilishda yangi talablarni hisobga olish tavsiya etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston qanday qilib raqamli to‘lovlar mamlakatiga aylangani haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид