Qozog‘istonda pensiyalar inflatsiyani «quvib o‘tdi»
Ko‘rsatkichlarni sun’iy ravishda bir-biriga moslashtirib shakllantirish «ijtimoiy buyurtma» bilan bog‘liq. Ya’ni mamlakatda farovonlik mavjud va inqiroz yo‘q degan tasavvurni yaratishga intilish bor. Biroq ekspertning fikricha, haqiqatdan uzilgan bunday manzarada yashash xavfli. Pensiyalarning keskin o‘sishi ortida davlat statistikasidagi hisoblash usuliga oid bir hiyla turishi mumkin.
© TengrinewsQozog‘istonda o‘rtacha umumiy pensiyaning keskin «oshishi» — fevral oyidagi 157 ming 843 tengedan avgust oyida 197 ming 500 tengega yetgani — ekspertlarda bunday o‘zgarishning asl sababi haqida tabiiy savollar tug‘dirdi. Ushbu sezilarli statistik sakrash ortida pensionerlar daromadlarining real oshishi emas, balki ko‘rsatkichni hisoblash yondashuvining o‘zgargani turibdi. Bu haqda qozog‘istonlik taniqli iqtisodchi Aydarxon Husainov «inbusiness.kz» nashriga bergan izohida vaziyat bo‘yicha o‘z versiyasini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avval Qozog‘iston Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi o‘rtacha umumiy pensiya deganda faqat budjetdan beriladigan kafolatlangan davlat to‘lovlarini — bazaviy va solidar pensiyalarni tushungan. Shunday qilib, bu ko‘rsatkich davlatning fuqarolar oldidagi bevosita majburiyatlarini aks ettirgan. Biroq yoz oxirida bu yondashuv o‘zgargan. Davlat pensiyasiga Yagona jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armasidan (ENPF) beriladigan to‘lovlar ham qo‘shila boshlagan. Ularning miqdori taxminan 40 ming tengeni tashkil qiladi.
«Davlat tomonidan qandaydir o‘rtacha jamg‘arma to‘lovi haqida gapirish — bu mutlaqo manipulyatsiya. Jamg‘arib boriladigan pensiya — fuqarolarning shaxsiy jamg‘armasi, davlatning bunga aloqasi yo‘q. Kimdadir katta miqdorda jamg‘arma bor va unga 400 ming tenge to‘lanadi, boshqasida esa umuman hech narsa yo‘q. Bu yerda “o‘rtacha” degan tushuncha bo‘lishi ham, mavjud bo‘lishi ham mumkin emas. Haqiqiy o‘rtacha davlat pensiyasi avvalgidek 157 ming tenge darajasida qolgan», — deya ta’kidlaydi ekspert.
Hisoblash tartibida nima o‘zgardi?
Iqtisodchining fikricha, jamg‘arib boriladigan pensiya qismini to‘lovlar statistikasiga qo‘shish amaldorlarga birinchi chorakda aholining daromadlari go‘yoki 0,1 foizga oshgani haqida hisobot berish imkonini bergan. Bu iqtisodiy o‘sish fuqarolarning daromadlariga ham ta’sir qila boshlaganining belgisi sifatida ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, Husainov statistik metodologiyada ikkita buzilish mavjudligini ta’kidlaydi. Birinchidan, yangi tarkibiy qism — ENPFdan beriladigan to‘lovlar qo‘shilganida, Milliy statistika byurosi avvalgi davrlarni ham 10–15 yil orqaga qaytib qayta hisoblab chiqishi kerak edi. Iqtisodchining fikricha, bunday qayta hisob-kitobsiz ko‘rsatkichlarni yildan-yilga obyektiv taqqoslab bo‘lmaydi. Ikkinchidan, rasmiy hisobotlarda «mulkdan olinadigan daromadlar» kategoriyasi birdaniga besh baravar oshib ketgan.
Ekspertning fikricha, depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari va dividendlar bunday miqyosda o‘zgarmagan. Bu esa hisob-kitobning boshqa bandlariga «ortiqcha» raqamlarni taqsimlashga urinish bo‘lganini ko‘rsatishi mumkin.
Davlat statistikasining sifati pasaymoqda
Alohida ravishda Aydarxon Husainov milliy statistika idorasi ishining sifati yomonlashayotganiga e’tibor qaratdi. Agar ilgari tezkor ko‘rsatkichlar oy tugaganidan 15 kun o‘tib e’lon qilingan bo‘lsa, hozir bu muddat hech qanday izohsiz bir yarim oygacha cho‘zilmoqda. Bundan tashqari, uning fikricha, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bir-biri bilan mos kelmay qo‘ygan. Masalan, aholining real daromadlari pasayishda davom etayotgan bir paytda YAIMning 6 foizga o‘sgani haqida ma’lum qilinmoqda. Shu bilan bir vaqtda, hukumat qayta ishlash sanoati o‘sayotganini bildirayotgan bo‘lsa-da, elektr energiyasi iste’moli kamaymoqda.
Yana bir misol — qurilish sohasi. Qurilishdagi ishlar hajmi yiliga 20 foizga oshgani qayd etilmoqda. Biroq ayni paytda bu sohada ish haqi va bandlik kamaymoqda, ishchilar esa qurilish maydonlarini tark etmoqda.
Iqtisodchining ta’kidlashicha, avvalgi davrlarda transport sohasida ham 1-yanvardan boshlab bir martalik 20 foizlik keskin o‘sish qayd etilgan. Holbuki, bu sohada ish haqlari atigi 2–3 foizga oshgan. Aydarxon Husainovning fikricha, ko‘rsatkichlarni sun’iy ravishda bir-biriga moslashtirib shakllantirish «ijtimoiy buyurtma» bilan bog‘liq. Ya’ni mamlakatda farovonlik mavjud va inqiroz yo‘q degan tasavvurni yaratishga intilish mavjud. Biroq ekspertning fikricha, haqiqatdan uzilgan bunday manzarada yashash xavfli. Aholining xarid qobiliyati pasayishda davom etmoqda, statistik ma’lumotlar bilan manipulyatsiya qilish esa investorlar, tahlilchilar va bozor ishtirokchilarining rasmiy ma’lumotlarga bo‘lgan ishonchini pasaytirmoqda.





