Qozog‘istonda shakar ishlab chiqarish keskin qisqardi
2026-yil birinchi choragida Qozog‘iston shakar zavodlari atigi 9,5 ming tonna mahsulot ishlab chiqardi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,8 barobar kam ko‘rsatkich hisoblanadi.
© boevan.comQozog‘istonda shakar ishlab chiqarish hajmi keskin pasaydi. 2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, mamlakatdagi shakar zavodlari atigi 9,5 ming tonna mahsulot ishlab chiqargan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,8 barobar kamdir, deb xabar berdi «Orda.kz».
Qayd etilishicha, mahalliy shakarning ichki bozordagi ulushi 28,2 foizdan 7,1 foizgacha tushib ketdi. Bozor ehtiyojining qolgan 93 foizi import hisobiga qoplanmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatdan 30 ming tonnadan ortiq shakar eksport qilingan. Bu ichki ishlab chiqarish hajmidan uch barobar ko‘p. Mutaxassislar fikricha, eksportning katta qismi import qilingan shakarni qayta eksport qilish hisobiga to‘g‘ri kelgan bo‘lishi mumkin.
Ichki bozorda shakar savdosi ham qisqarib, 30,5 foizga kamaygan va 104,6 ming tonnani tashkil etgan.
Sabab nima?
Muammoning asosiy sabablaridan biri qand lavlagi yetishtirish maydonlarining qisqarishi bo‘ldi. 2025-yilda ekin maydonlari 25 ming gektardan 17,8 ming gektargacha, ya’ni 29,1 foizga kamaygan. Hosil esa 42,1 foizga qisqarib, 734,7 ming tonnani tashkil etgan.
Bozor ishtirokchilari yangi birja savdosi qoidalaridan ham norozi. Ularning ta’kidlashicha, kliring markazlari orqali majburiy hisob-kitoblar joriy etilishi zavodlarning aylanma mablag‘lariga bo‘lgan imkoniyatlarini cheklamoqda.
Qozog‘iston savdo va integratsiya vazirligi esa bu o‘zgarishlar mamlakatda shakar taqchilligiga olib kelmaganini bildirgan. Tahlilchilar ham bu fikrga qo‘shilgan, ammo shakar yetishmovchiligi mahalliy ishlab chiqarish barqarorligi tufayli emas, balki import orqali qoplanganini ta’kidlagan.
Shakar sanoatida beqarorlik
So‘nggi yillarda mamlakat shakar sanoatida beqarorlik kuzatilmoqda. 2022 yilda ishlab chiqarish rekord daraja – 281,8 ming tonnaga yetgan bo‘lsa, keyinchalik pasayish boshlangan. 2025-yilda ma’lum darajada tiklanish kuzatilganiga qaramay, importning bozordagi ulushi o‘sishda davom etgan.
Hozircha shakar narxlarida keskin sakrash qayd etilmagan. Yanvar–aprel oylarida mahsulot o‘rtacha 6,5 foizga qimmatlashgan. Biroq hududlar kesimida vaziyat turlicha: Olmaota shahrida shakar narxi 14,4 foizga oshgan bo‘lsa, Pavlodar viloyatida aksincha 4,2 foizga arzonlashgan.





