Qozog‘istonda yangi konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkazilmoqda
Yangi konstitutsiya loyihasi eski matnning qariyb 40 foizini o‘zgartiradi. Kiritilayotgan qo‘shimchalar orasida deputatlarga prezidentga impichment e’lon qilish huquqi berilishi ham bor.

Bugun, 15-dekabr kuni Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya qabul qilinishi bo‘yicha referendumda ovoz bo‘lib o‘tmoqda. Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 07:00 dan 20:00 gacha ishlaydi. Ayrim uchastkalar, asosan harbiy qismlarda, soat 06:00 da ochildi. Yaponiya va Janubiy Koreyada vaqt farqi sabab ovoz berish yanada ertaroq boshlangan.
Byulletenda faqat bitta savol bor: fuqarolar 2026-yil 12-fevralda e’lon qilingan yangi Konstitutsiyani qabul qiladimi yoki yo‘qmi. Ovoz berish faqat butun hujjat uchun amalga oshiriladi, uni yoqlash yoki rad etish mumkin.
Referendum o‘tishi uchun saylovchilarning yarmidan ko‘pi qatnashishi kerak
Ovoz berish huquqiga 18 yoshdan katta, saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan Qozog‘iston fuqarolari ega. Ayrim uchastkalarda ertalabdan kichik navbatlar ham kuzatildi.
Referendum barcha saylovchilarning yarmidan ko‘pi ovoz bergan taqdirda o‘tgan deb hisoblanadi. Natijalar ovoz berishdan keyin yetti kundan kechiktirmay e’lon qilinishi kerak.
Konstitutsiya matnining qariyb 40 foizi o‘zgaradi
Yangi konstitutsiya loyihasi matnning qariyb 40 foizini o‘zgartiradi, ularning taxminan 70 foizi davlat hokimiyati tarmoqlari o‘rtasidagi munosabatlar arxitekturasiga oid moddalarga to‘g‘ri keladi. Umuman olganda, moddalar soni 99 tadan 95 taga kamayadi.
Asosiy farqlar davlat boshqaruviga bevosita bog‘liq moddalarda namoyon bo‘ladi. Qozog‘istonda ikki palatali parlament o‘rniga bir palatali Qurultoy tashkil etilishi taklif etilmoqda. Unda 145 deputat bo‘lib, ular partiya ro‘yxatlari bo‘yicha 5 yillik muddatga saylanishi kerak. Mamlakatda amalda bo‘lgan aralash saylov tizimi bekor qilinadi.
Yangi maslahat organi – «Xalik Kenesi»
Shuningdek, «Xalik Kenesi» (Xalq kengashi) nomli yangi maslahat organini tashkil etish taklif qilinmoqda. U kamida yiliga bir marta yig‘ilishi va qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lishi kerak.
Biroq uning 126 nafar a’zosi – milliy madaniy markazlardan, jamoat tashkilotlaridan va hududiy vakillik organlaridan 42 tadan – bevosita Qozog‘iston prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Vitse-prezident lavozimini tiklash taklif qilinmoqda
30 yildan so‘ng vitse-prezident lavozimini tiklash ham taklif qilinmoqda. U xalqaro forumlarda mamlakat manfaatlarini ifoda etadi, xorijiy delegatsiyalar bilan muzokaralarda qatnashadi, Qurultoy majlislarida prezident nomidan so‘zlaydi, shuningdek, mahalliy va xalqaro jamoat-siyosiy tashkilotlar hamda ilmiy-madaniy doiralar bilan ishlaydi.
Vitse-prezident nomzodini prezident Qurultoyga taklif qiladi, ammo buni ikki martadan ortiq qila olmaydi. Agar deputatlar nomzodni ikkinchi marta ham ma’qullamasa, parlament avtomatik tarzda tarqatiladi.
Vitse-prezident nomzodi deputatlarning ko‘pchilik ovozi bilan tasdiqlanadi. Shu tartibda Qurultoy spikeri, bosh vazir va Oliy sud sudyalarini tasdiqlash ham taklif etilmoqda. Shu bilan birga, Oliy sud raisi hamda Konstitutsiyaviy sud raisi va o‘n nafar a’zosi prezident farmonlari bilan tayinlanadi.
Prezidentga impichment e’lon qilish imkoniyati
Yangi loyihaga ko‘ra, Qurultoy deputatlari prezidentga impichment e’lon qilish tashabbusi bilan chiqishi mumkin – amaldagi Konstitutsiyada bunday norma yo‘q. Biroq bir shart bor: agar Konstitutsiyaviy sud Qurultoy qarorini tasdiqlamasa, impichment tashabbuskorlari deputatlik mandatlaridan mahrum etiladi.
Konstitutsiya xalqaro qarorlardan ustun
Yangi takliflar orasida quyidagilar ham bor:
Qozog‘iston Konstitutsiyasining xalqaro tashkilotlar qarorlaridan shartsiz ustunligi
nikohni erkak va ayolning ixtiyoriy ittifoqi sifatida belgilash
jamoat xavfsizligi va axloqqa tahdid solgan hollarda namoyishlarni cheklash.
Shu bilan birga, yangi loyihada ombudsman institutini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash, advokaturaga konstitutsiyaviy maqom berish va barcha konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni faqat umummilliy referendum orqali qabul qilish taklif qilinmoqda.





