Ramazon oldidan kafe va restoranlar ogohlantirildi
Raqobat qo‘mitasi umumiy ovqatlanish korxonalarini Ramazon oyida aholini chalg‘itadigan aksiyalar qilmaslikka va iste’molchilar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi taomlarni xarid qilishga majburlamaslikka chaqirdi.
© Javhar ChorshanbiyevaRaqobat qo‘mitasi umumiy ovqatlanish korxonalarini Ramazon oyi oldida ogohlantirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan Ramazon oyida «aksiya setlar» (kompleks ovqatlar to‘plami) joriy qilinib, ularni majburiy qilish holatlari, shuningdek minimum narxlar belgilab undan boshqa tanlov yo‘qligi belgilanayotgani hamda bu orqali iste’molchilarning erkin tanlov huquqlarini cheklanayotganligi alomatlari kuzatilmoqda.
Qo‘mita eslatishicha, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasiga muvofiq, iste’molchi tovar va xizmatni erkin tanlash huquqiga ega. 21-moddaga ko‘ra esa sotuvchi yoki ijrochi iste’molchini qo‘shimcha tovar yoki xizmatni majburiy sotib olishga qistashga haqli emas.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalari o‘z xizmatlarini ko‘rsatayotganda:
— iste’molchiga qo‘shimcha xizmat va mahsulotlarni olishga qistamaslik (iste’molchi «set» ko‘rinishidagi to‘plamni rad etsa unga taomnomadagi boshqa taomga buyurtma berish huquqini cheklamaslik);
— iste’molchilar sog‘lig‘i uchun aks ta’sir qiluvchi ( allergiya qo‘zg‘atuvchi fermentlar mavjudligi inobatga olinmasdan) taomlarni ovqatlar to‘plami tarkibida xarid qilishiga majburlash holatiga yo‘l qo‘ymasliklari lozim.
«Umumiy ovqatlanish korxonalari (kafe, restoran, oshxona v.b) tomonidan bu kabi qonunbuzish holatlariga yo‘l qo‘yib, iste’molchilarning huquqlari buzilgan taqdirda belgilangan tartibda ta’sir choralari ko‘rilishini ma’lum qilamiz», — deyilgan qo‘mita xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi savdo tarmoqlarini Ramazon oyida narxlarni oshirmaslik to‘g‘risida ogohlantirgan edi.





