Ramazon oyida to‘g‘ri ovqatlanish: muhim tavsiyalar
Ushbu maqolada ro‘za tutish mobaynida sog‘liqqa ta’sir ko‘rsatuvchi ayrim xatolar, xususan, noto‘g‘ri ovqatlanish haqida so‘z boradi.

Ro‘za tutaman degan odam, avvalo, ishonch bilan boshlashi kerak. Och yurishga chiday olishingizga ishonsangiz butun ichki organlaringiz ertalabdan kechgacha tanovul qilmaslik holatini tushunib, shu sharoitga mos faoliyat yuritadi. Ishonchingiz butun ichki a’zolarga shomgacha och yurishga signaldir. Ishonchli kuchliligi esa niyatga bog‘liq.
Saharlik
Ertalab uyg‘onganimiz hamono dastlab iliq suvga imkon bo‘lsa bir qoshiq asal aralashtirib ichib olib, keyin saharlikka tayyorgarlik ko‘rilsa, 10–15 daqiqadan so‘ng yegan taomimiz suv bilan aralashmasdan noqulayliklardan qutulamiz.
Saharlikda bizni asosiy ichimligimiz suv bo‘lishi lozim, choy ichgan taqdirda ham imkon qadar uni achchiq qilib damlamasdan ichish lozim.
Quyidagi mahsulotlar bizni kun davomida chanqashimizga va ichgan suvimizning tezroq tanamizni tark etishiga sabab bo‘lishi mumkin:
yog‘li mahsulotlar va yog‘li ovqatlar;
me’yoridan ortiq achchiq choy;
dudlangan go‘sht mahsulotlari (kolbasa, sosiska va hokazo);
sho‘r mahsulotlar;
tuzlama mahsulotlari;
qahva va kofeinga boy mahsulotlar;
shakarni haddan ziyod ko‘p iste’mol qilish;
barcha notabiiy kimyoviy moddalar aralashtirib tayyorlangan oziq-ovqatlar;
lavr (dafna) yaprog‘i, na’matak mevasi kabi peshob haydovchi damlamalar.
Endi esa saharlik qilish uchun to‘rt xil eng foydali mahsulotni keltirib o‘tamiz.
1. Saharlikda imkon qadar tez hazm bo‘lmaydigan va yuqori kaloriyaga ega donli mahsulotlarni iste’mol qilish lozim. Bular: suli bo‘tqasi, shirguruch, grechixali ovqat va shu kabilar.
2. Sut mahsulotlaridan tvorog, yogurt, qatiq, smetana, shirchoy ham foydali hamda bu mahsulotlar bilan kun davomida chanqamasdan yurishimiz kuzatilgan.
3. Asal, arab xurmosi, yong‘oq, mag‘iz, o‘rik turshagi, olcha qoqi va boshqa shu kabi quruq mevalar.
4. Banan, olma, nok va boshqa mevalar bilan saharlik qilib olish lozim.
Yuqoridagi mahsulotlarni saharlik paytida imkon qadar bir-biriga aralashtirmasdan, alohida iste’mol qilish tavsiya qilinadi.
Kun davomida
Ro‘zada odam doim ohista harakatda bo‘lishi kerak, harakat va ochlik sog‘ligimizni tiklashimizga va mustahkamlashimizga ikki karra hissa qo‘shadi. Harakat qilmasdan faqat yotib yashash esa sekin-asta yurakning kam urishi va organizmning shunga ko‘nikib qolishiga, holsizlanish holatlariga olib keladi.
Saharlikdan so‘ng 4–5 kilometr piyoda sayr qilib olish, iftorlikdan keyin esa taroveh namozlariga qoyim bo‘lish tavsiya qilinadi.
Sutkasiga kamida 7 soat uxlab olish kerak, lekin kunduzi och qorinda uxlashga sharoiti borlarga aytishim mumkinki, bunday uyquni kamida ikkiga ko‘paytirib, hisoblang. Ya’ni kunduzgi 1,5–2 soatlik uyqu tungi 4–5 soatning o‘rnini bosadi. Sababi —oshqozonimiz toza holatda ekanligidadir. Ko‘proq peshindan keyin uxlab olish tavsiya qilinadi.
Iftorlik
Bu paytda oshqozonimiz va butun sezgi organlarimiz hazm qilish va ta’m sezishga shay turadi va karrasiga yaxshi ishlaydi.
Avval ikki dona xurmo va taxminan 300 ml.gacha iliq yoki uy haroratidagi suv bilan og‘iz ochib olamiz yoki suvni kamroq ichib, ho‘l mevalardan yeb olib, so‘ngra 10–15 daqiqadan keyin ovqatlanishimiz mumkin. Bu xuddi avtoulovni haydash uchun qizdirib tayyorlashdek, oshqozonimizni ovqat hazm qilishga shay qiladi.
Kechki ovqat imkon qadar tez hazm bo‘ladigan va yengil bo‘lishi lozim va albatta, barra salatlar, ko‘katlar bilan birga iste’mol qilinishi kerak.
Ovqatlanib bo‘lib, taxminan 1 soatdan so‘ng yaxna ichimliklar, shirinliklar va boshqa mevalardan iste’mol qilishimiz mumkin.
Kechasi yotishdan bir soat oldin tez hazm bo‘ladigan meva va sabzavotlardan yeb olib, so‘ngra uxlashimiz mumkin.
Zararli odatlar
Saharlikda me’yoridan ortiq va tartibsiz ovqatlanib bo‘kib olish o‘ta noto‘g‘ri. Bu yomon odat, oshqozonda muammolar keltirishi bilan birgalikda aksincha kun davomida och va chanqab yurishingizga ham sabab bo‘lishi mumkin. Ortiqcha vaznga ega odamlar saharlikda nomiga mevalardan yeb olib, suvdan to‘yib olishsa, shuning o‘zi kun davomida yengil yurishlariga yetarli.
Saharlikda yaxshi ovqatlanib turib, shartta cho‘zilib yotish judayam zararli. Bu holat oshqozon-ichaklarimizning ish faoliyatini buzib, kun davomida bemajol yurish yoki shu bilan oshqozonda muammolar keltirib chiqarib, qiynalib qolishimizga sabab bo‘lishi mumkin.
Iftorlikda muzdek ichimlik bilan chanqoqni bosish zararli odat. Bu naqafat ro‘zaning shifobaxshlik xususiyatini pasaytiradi, balki iftorlikda yegan ovqatimizning tez hazm bo‘lishiga ham to‘sqinlik qiladi.
Og‘iz ochgan paytda juda ham ko‘p suv ichish odati ham ishtahani bo‘g‘ib qo‘yadi. Natijada, yaxshi ovqatlana olmay qolasiz yoki majburan ovqatlanish natijasida ertalabgacha oshqozon damlab, yegan narsangiz hazm bo‘lmasdan qiynalib yurasiz.
Ovqat payti meva, shirinliklar, tort, shokolad, gazlangan ichimliklar qo‘shib iste’mol qilish mumkin emas. Bular birga aralashsa, hazm jarayonini sekinlashtirib, bizni qiynab qo‘yadi.
Ro‘zaning yanada shifobaxsh bo‘lishini va Ramazonda tetik yurishni istasangiz, albatta, faqat tabiiy yeguliklar va ichimliklar bilan taomlanish tavsiya etiladi.
Rashid Usmonov tayyorlagan ma’lumotlardan qisqartirib olindi.





