Raqobat qo‘mitasi savdo tarmoqlarini Ramazon oyida narxlarni oshirmaslik to‘g‘risida ogohlantirdi
Shavkat Mirziyoyev Ramazon oyida dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida narx-navo barqarorligini ta’minlash va arzonlashgan oziq-ovqat yarmarkalarini boshlash bo‘yicha topshiriq bergan edi.
© Javhar ChorshanbiyevaRaqobat qo‘mitasi yirik savdo tarmoqlari va respublikamiz hududlardagi savdo komplekslarini Ramazon oyida narxlari barqarorligini ta’minlash muhimligi to‘g‘risida ogohlantirdi.
13-fevral kuni Prezident raisligida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Mirziyoyev Ramazon kunlarida ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash har qachongidan ham muhim ekanligini ta’kidlab, tegishli topshiriq bergan edi.
Raqobat qo‘mitasi yirik savdo tarmoqlari va hududlardagi savdo komplekslarini Ramazon oyi arafasida keskin talab oshadigan ijtimoiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha chakana savdo tarmoqlari va hududlardagi savdo komplekslariga yetkazib beruvchi korxonalar tomonidan narxlarni o‘zgartirishi, logistika xarajatlari va boshqa narxning oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillar to‘g‘risida Qo‘mitani tezkor xabardor qilib borish, hamda yetkazib beruvchilarni asossiz narxlarni oshirishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ogohlantirib borishlari bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborgan.
«Raqobat qo‘mitasi xalqimiz uchun muhim bo‘lgan ijtimoiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash borasida o‘z vakolatlari doirasida zaruriy barcha choralarni ko‘rib borishini ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda.





