Logo

«Redtag» O‘zbekiston bozoridan chiqmoqda

Бугун 18:552 дақиқа

Kompaniya tovarlarni sotib tugatish aksiyasini boshlagan, do‘konlari bosqichma-bosqich yopilmoqda.

«Redtag» O‘zbekiston bozoridan chiqmoqda © yadex maps

Mamlakatda mass-market yo‘nalishidagi ilk va eng yirik chakana savdo tarmoqlaridan biri bo‘lgan «Redtag» faoliyatini yakunlamoqda.  

«Redtag» — Birlashgan Arab Amirliklarining mashhur chakana savdo brendlaridan biri bo‘lib, Dubayda joylashgan «BMA International» kompaniyasiga tegishli. Kompaniya 2006 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Yaqin Sharq va Osiyoning qator mamlakatlarida hamyonbop narxlarda kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or buyumlarini sotadi.

Brend O‘zbekiston bozoriga 2013 yilda kirib kelgan. Mamlakatda u «RTF FASHION RETAIL» MCHJ orqali faoliyat yuritadi. Kompaniyaning 75 foiz ulushi Hoshimov Komilga, qolgan 25 foizi esa Hoshimov Zafarga tegishli.

«Redtag» franshizasi dastlab «Korzinka» tarkibida rivojlangan. 2020 yilgacha oziq-ovqat chakana savdosi va «Redtag» tarmog‘i bir kompaniya tarkibida faoliyat yuritgan. Keyinchalik investitsiyalar jalb qilinishi munosabati bilan bu ikki yo‘nalish mustaqil kompaniyalarga ajratilgan.

Brend O‘zbekiston bozorida yaxshi tanilgan bo‘lsa-da, uni boshqaruvchi «RTF FASHION RETAIL» MCHJ so‘nggi olti yil davomida moliyaviy zarar bilan faoliyat yuritgan. Bu esa bozordagi mashhurlik va yuqori sotuv hajmi har doim ham barqaror moliyaviy natijani ta’minlamasligini ko‘rsatadi.

Ayni paytda «Redtag» do‘konlarida tovarlarni to‘liq sotib tugatish aksiyalari o‘tkazilmoqda. Kompaniya ijtimoiy tarmoqlarda ham yirik chegirmalar haqida e’lonlar berib, qolgan mahsulotlarni sotish jarayonini davom ettirmoqda.

Keyingi yillarda bir qator xorijiy kompaniyalar O‘zbekiston bozorini tark etmoqda. Xususan, Finlandiyaning yetkazib berish xizmati «Wolt» 2026 yil 5-martdan boshlab mamlakatdagi faoliyatini yakunlashini ma’lum qilgan edi. Undan avval, 2025 yil yozida Qozog‘istonning yirik chakana savdo tarmog‘i «Magnum» ham O‘zbekiston bozorini tark etgandi.

Теглар

Мавзуга оид