Rossiya iqtisodiyotida tarixiy pasayish: neft va gaz ulushi 9 yillik minimumga tushdi

Rossiya YAIMda neft-gaz sektorining ulushi 2017-yildan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Bunga G‘arb sanksiyalari va bozordagi past narxlar qanchalik ta’sir qildi?

Rossiya iqtisodiyotida tarixiy pasayish: neft va gaz ulushi 9 yillik minimumga tushdi

«Rosstat» ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili neft-gaz sektorining Rossiya yalpi ichki mahsulotidagi (YAIM) ulushi 13 foizni tashkil etdi. Bu mazkur idora ma’lumotlarni hisoblashni va e’lon qilishni boshlagan 2017-yildan buyon eng past ko‘rsatkichdir.

Bir yil ichida bu ulush 3 foiz punktga kamaygan. Hatto pandemiya davrida, neft arzonlashgan va qazib olish hajmi qisqargan vaqtda ham bu ko‘rsatkich yuqoriroq (14 foiz) bo‘lgan edi. O‘tgan yil davomida esa sohaning iqtisodiyotdagi vazni birinchi chorakdagi 15,5 foizdan to‘rtinchi chorakda 11,6 foizgacha muttasil pasayib bordi.

Inqirozning asosiy sabablari

Soha rivojini sanksiyalar, OPEC+ doirasidagi cheklovlar, jahon bozoridagi past narxlar va mustahkam rubl ushlab qoldi. Yil yakunlariga ko‘ra, neft-gaz kompaniyalarining aylanmasi 16,7 foizga qisqarib, 19,9 trln rublni tashkil qildi. Ularning sof foydasi esa qariyb uch barobarga (63,9 foizga) qulab, 1,9 trln rublga tushib qoldi. Agar 2024-yilda korxonalarning 60,7 foizi foyda ko‘rgan bo‘lsa, o‘tgan yili ularning yarmidan kamrog‘igina ushbu natijaga erisha oldi.

Bu holat mamlakat budjetiga ham jiddiy zarba berdi. Daromadlarning tushib ketishi ortidan bahordayoq budjetni qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keldi va neft-gaz tushumlari 2,6 trln rublga qisqartirildi. Natijada yil davomida ushbu tushumlar chorak qismga kamayib, 8,5 trln rublni tashkil etdi.

Xavotirli prognozlar

Garchi rasmiy raqamlarda sohaning ulushi kamaygan bo‘lsa-da, ekspertlarning fikricha, neft va gazning Rossiya iqtisodiyotidagi real roli YAIMdagi ulushidan ancha katta. Professor Maykl Alekseyevning tushuntirishicha, bu mablag‘lar davlat xarajatlari, yuqori maoshlar va pudratchilarga to‘lovlar orqali butun iqtisodiyotga singib ketadi.

Ammo kelajak istiqbollari unchalik quvonarli emas. Ekspertlarning ta’kidlashicha, radikal o‘zgarishlarsiz Rossiyada neft qazib olish sekin, ammo muqarrar ravishda pasayib boradi. Investitsiyalarning keskin kamayishi va qat’iy sanksiyalar soha uchun eng asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Bozordagi bu vaziyat mamlakatning asosiy daromad manbai jiddiy xavf ostida ekanini ko‘rsatmoqda.

Теглар

Мавзуга оид