Logo

Rossiya Sibir daryolari suvini Markaziy Osiyoga olib kelishni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston esa hozircha bunga shoshilmayapti

Бугун 17:135 дақиқа

Olimlar loyihani amalga oshirish uchun taxminan 100 mlrd dollar kerak bo‘lishini hisoblagan. O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev esa shu mablag‘ning bir qismiga mamlakatda suvni ancha tejash mumkinligini aytmoqda. Sibir daryolari suvini Markaziy Osiyoga burish g‘oyasi yangi emas. SSSR davrida iqtisodiyotning og‘ir ahvolda bo‘lgani loyihaning to‘xtatilishida asosiy omillardan biri bo‘lgani aytilgan.

Rossiya Sibir daryolari suvini Markaziy Osiyoga olib kelishni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston esa hozircha bunga shoshilmayapti © Foto: dzen.ru

Sovet Ittifoqi davridan beri Rossiyadagi muhandislar Sibir daryolari suvini suv tanqisligi kuzatilayotgan Markaziy Osiyoga olib kelishni orzu qilib keladi. Biroq hozircha O‘zbekiston bunday loyihada ishtirok etishga qiziqish bildirmayapti.

Yangi taklif avvalgi rejadan farq qiladi. Ilgari suvni ochiq kanallar orqali yetkazib berish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, yangi loyihada buning uchun yopiq quvurlar tizimidan foydalanish taklif qilinmoqda. Biroq rossiyalik olimlar loyihani amalga oshirish uchun taxminan 100 mlrd dollar kerak bo‘lishini hisoblagan. O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev esa shu mablag‘ning bir qismiga mamlakatda suvni ancha tejash mumkinligini aytmoqda.

Hamroyevning ta’kidlashicha, Rossiya muhandislari 100 mlrd dollar sarflab, yiliga taxminan 5 mlrd kub metr suv yetkazib berishni taklif qilmoqda. Vazir matbuot anjumanida bu taklifga munosabat bildirgan.

«Qozog‘istonda ham: “Nega Rossiya suvni faqat O‘zbekistonga beradi, bizga bermaydi?” deb so‘rashgan. Lekin men sizlarga raqamlarni aytdim. Biz hozirning o‘zida 11 mlrd kub metr suvni tejayapmiz. Buning uchun 100 mlrd dollar sarflaganimiz yo‘q. Barcha amalga oshirgan ishlarimiz xarajatlarini qo‘shib hisoblasak, taxminan 5 mlrd dollar bo‘ladi», — degan vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun yana 5–10 mlrd dollar sarflansa, suv sarfini yanada kamaytirish mumkin.

«Yana 5 mlrd, ehtimol, 10 mlrd dollar sarflaymiz va suvni tashqaridan olib kelish o‘rniga uni yanada ko‘proq tejaymiz», — degan Hamroyev.

Shu bilan birga, vazir kelajakda O‘zbekistonga suvni boshqa mamlakatlardan olib kelish zarurati paydo bo‘lishi mumkinligini ham tan olgan. Uning fikricha, iqlim o‘zgarishi va daryolardagi suv miqdorining kamayishi mamlakatdagi suv tanqisligini yanada kuchaytirishi mumkin.

«2050-yilga borib qo‘shimcha suv manbalarini izlashimizga to‘g‘ri kelishi mumkin. Agar tabiatda kutilmagan o‘zgarishlar bo‘lmasa, suv yildan-yilga kamayib borsa va iqlim o‘zgarishi bizga salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etsa, qo‘shimcha suv manbalarini topishga majbur bo‘lamiz», — degan vazir.

Suv Sibirdan qanday olib kelinadi?

Taklif etilayotgan loyihaning bir variantiga ko‘ra, har birining uzunligi taxminan 2100 kilometr bo‘lgan yettita quvur qurilishi kerak. Ular orqali Ob daryosidan yiliga 5,5 mlrd kub metr suv yetkazib berish rejalashtirilgan.

Keyinchalik loyiha kengaytirilsa, suv yetkazib berish hajmini uch-to‘rt baravar oshirish mumkin. Buning uchun boshqa daryolar suvidan ham foydalanish ko‘zda tutilmoqda.

«IES Engineering and Consulting» kompaniyasi loyiha rahbari Dmitriy Sozonovning nashriga aytishicha, faqat Ob daryosidan suv olib kelish loyihasining o‘zi taxminan 100 mlrd dollarga tushishi mumkin. Bu hisob xalqaro miqyosdagi shunga o‘xshash loyihalar xarajatlari bilan taqqoslash asosida qilingan.

Mutaxassisning baholashicha, loyihadan foydalanish uchun har yili 700 mln dollardan 1,5 mlrd dollargacha mablag‘ kerak bo‘ladi. Bu pul asosan suvni haydash stansiyalarini ishlatish, quvurlarni ta’mirlash va infratuzilma xavfsizligini ta’minlashga sarflanadi. Asosiy inshootlarni qurishning o‘zi kamida 10 yil davom etishi mumkin.

Sovet Ittifoqi ham bu loyihani amalga oshirmoqchi bo‘lgan

Sibir daryolari suvini Markaziy Osiyoga burish g‘oyasi yangi emas. U 1960–1980-yillarda Sovet Ittifoqida ham muhokama qilingan. O‘sha paytdagi rejaga ko‘ra, Ob va boshqa shimoliy daryolardan har yili 27 mlrd kub metr suvni Qozog‘iston hamda Markaziy Osiyoning qurg‘oqchil hududlariga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Bu orqali qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va sug‘oriladigan yerlar maydonini kengaytirish maqsad qilingan.

Biroq 1986-yil 14-avgustda Kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasi va SSSR Vazirlar kengashi loyihani to‘xtatish haqida qaror qabul qilgan. Bunga bir nechta sabab bo‘lgan. Jumladan, loyiha daryolarning tabiiy oqimini o‘zgartirishi, ekotizimlarga zarar yetkazishi va jiddiy ekologik muammolarni keltirib chiqarishi mumkin edi. Bundan tashqari, uni amalga oshirish juda katta mablag‘ talab qilgan. Ayrim tarixchilarning fikricha, o‘sha davrda SSSR iqtisodiyotining og‘ir ahvolda bo‘lgani loyihaning to‘xtatilishida asosiy omillardan biri bo‘lgan.

Hamroyevning aytishicha, hozirgi sharoitda O‘zbekiston uchun eng maqbul yo‘l — irrigatsiya infratuzilmasini yangilash va suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish. Vazir Rossiya olimlarining Sibir suvini Markaziy Osiyoga yetkazish uchun 100 mlrd dollar sarflash haqidagi hisob-kitoblarini ham tilga olgan. Uning fikricha, O‘zbekiston bundan ancha kam mablag‘ sarflab, katta miqdorda suvni tejashi mumkin.

Shu bilan birga, Hamroyev bunday loyiha kelajakda amalga oshirilsa, undan nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘iston va qisman Turkmaniston ham foyda ko‘rishi mumkinligini aytgan.

«Balki, keyingi muzokaralar davomida olimlar bu masalani chuqurroq o‘rgansa, bunday loyiha kelajakda amalga oshirilishi mumkin», — degan u.

Rossiya loyihani yana muhokama qilishni boshladi

Sibir daryolari suvini boshqa hududlarga yo‘naltirish g‘oyasi 2025-yilning noyabr oyida Rossiya Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan yana ko‘tarilgan. Ular Ob daryosi suvining bir qismini boshqa hududlarga burish imkoniyatini o‘rgana boshlagan.

Rossiya Fanlar akademiyasi Suv muammolari instituti ilmiy rahbari Viktor Danilov-Danilyan RBC nashriga bergan intervyusida bu taklif akademiyaning Yer fanlari bo‘limi Ilmiy kengashi yig‘ilishida muhokama qilinganini aytgan. Olimlar tadqiqotni Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligi orqali davlat rejasiga kiritishni taklif qilmoqchi bo‘lgan.

Bundan bir yil avval «Eurasianet» nashri Rossiya Fanlar akademiyasi loyihaning texnik imkoniyatlari, ekologik xavflari va ishtirokchi mamlakatlar iqtisodiyotiga ta’sirini o‘rganish uchun Kremldan mablag‘ so‘rayotgani haqida xabar bergan edi. Taklif etilayotgan tadqiqotda iqlim o‘zgarishining ta’siri, suv va quruqlikdagi ekotizimlarda yuz berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar ham o‘rganilishi kerak.

Bundan tashqari, Rossiya Pechora va Shimoliy Dvina daryolari suvini Volga daryosi havzasi orqali mamlakatning janubiy hududlariga yo‘naltirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanalining qurilishi yakuniy bosqichga kirgani, Amudaryodan kanalga suv olish «yaqin orada» boshlanishi rejalashtirilayotgani haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид