Rossiyada «Telegram» blokdan chiqishi mumkin — OAV

Кеча 20:172 дақиқа

Kreml Putin reytingi pasayishidan xavotirlanib, internet cheklovlariga yondashuvni qayta ko‘rib chiqmoqda.

Rossiyada «Telegram» blokdan chiqishi mumkin — OAV

Rossiya hukumati internet cheklovlari mamlakat prezidenti Vladimir Putin reytingiga zarba berayotganidan xavotirga tushib, bu boradagi yondashuvni qayta ko‘rib chiqish haqida o‘ylamoqda, deb yozdi «Bloomberg» o‘z manbalariga tayanib.

Agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Federal xavfsizlik xizmati (FXX)ning nazoratni kuchaytirishga bo‘lgan intilishi ba’zi yuqori martabali amaldorlarni internetdan foydalanishni taqiqlash bilan bog‘liq siyosiy va iqtisodiy xavflardan ogohlantirishga majbur qilgan.

«Bu repressiv choralarni sekinlashtirishi va «Telegram»ning Rossiyada ishlashda davom etishiga imkon berishi mumkin»,- deydi agentlik manbalari.

«Telegram» blokdan chiqadimi?

«Forbes» manbasi bosimni «Telegram» bloklanishini yumshatish hisobiga «kamaytirishga qaror qilinganini» tasdiqladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu soliq o‘zgarishlari, narxlar oshishi va bloklashlar fonida kuchayayotgan taranglikni yumshatishga yordam berishi mumkin.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Bloomberg»ning izoh berish haqidagi so‘roviga javob bermadi. Biroq, 14-aprel kuni rossiyalik jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda u VPN bilan kurashish, cheklovlar va bloklashlar bu «o‘tmishga qaytish» emasligini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, hozir «xavfsizlik nuqtai nazaridan muayyan choralar ko‘rish zarur bo‘lgan» davr.

«Ushbu choralarni ko‘rish zarurati yo‘qolgandan keyin, internet ishi to‘liq tiklanadi va normallashadi», — dedi Peskov.

O‘zi nima gap?

Mart oyi o‘rtalaridan beri «Telegram» Rossiyada VPNʼsiz deyarli ishlamay qoldi. Bir nechta nashrlar manbalariga ko‘ra, hukumat messenjerni 1-aprelgacha to‘liq bloklashni rejalashtirgan edi. Shu bilan birga, OONI tadqiqot loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Telegramni bloklash 20-martga kelib keskin kuchaygan, 10-aprelga kelib esa deyarli 100 foizga yetgan. Shu bilan birga, Moskva va keyinchalik Peterburg aholisi ayrim hududlarda mobil internetning deyarli to‘liq o‘chirilishiga duch keldi. Foydalanuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, faqat «oq ro‘yxat»dagi saytlar — hukumat rejasiga ko‘ra bloklashlar paytida ochiq qolishi kerak bo‘lgan resurslar ro‘yxati ishlagan.

Aprel oyida davlatga qarashli VSIOM (Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi) Vladimir Putin faoliyatini ma’qullash reytingi pasayganini qayd etdi — u 19–22-martdagi davr bilan solishtirganda 67,8 foizga tushdi. Reyting 2022 yilda Rossiyaning Ukraina bilan katta urushi boshlanganidan beri bunchalik past bo‘lmagan edi. Rossiya prezidenti administratsiyasi bilan hamkorlik qiluvchi siyosiy texnolog «Meduza» bilan suhbatda hukumat reytingi tushayotganini tan oldi. Sabablardan biri sifatida u Rossiya aholisining Telegram bloklanishi va mobil internet cheklanishidan noroziligini ko‘rsatdi.

Теглар

Мавзуга оид