Saida Mirziyoyeva Serjio Gor bilan AQSH aviatashuvchi kemasiga chiqdi
Dunyoning eng yirik yadroviy harbiy kemalaridan biri bo‘lgan «USS George Washington» bortidagi mazkur tashrif Hindiston sohillari yaqinida bo‘lib o‘tdi.
© Saida Mirziyoyeva Telegram kanaliPrezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor bilan birga Hindiston sohillari yaqinida dunyoning eng yirik aviatashuvchi kemalaridan biri – «USS George Washington»ga chiqdi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
«Bu ulkan kema tuzilishi, noyob texnologiyalari bilan tanishish va ekipaj a’zolarining faoliyatini kuzatish o‘zgacha taassurot qoldirdi», - deydi Saida Mirziyoyeva.
Ma’lumot uchun, «USS George Washington» (CVN-73) — AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining «Nimits» toifasidagi yadroviy aviatashuvchi kemasi. 1992 yilda foydalanishga topshirilgan ushbu kema «suzuvchi shahar» deb ataladi: uning uzunligi 333 metrni tashkil etadi, bortiga 90 tagacha samolyot va vertolyotni sig‘dira oladi hamda 5 500 dan ortiq ekipaj a’zosi xizmat qiladi.
U ikkita yadro reaktori yordamida harakatlanadi va yoqilg‘i quymasdan 20–25 yil davomida suzishi mumkin.
Hozirda ushbu kema Hind-Tinch okeani mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash va xalqaro hamkorlik missiyalarini bajarmoqda.





