Sirdaryoda to‘ylarni ortiqcha xarajatlarsiz o‘tkazish lozimligi aytildi
Aholi daromadlari oshirilishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va tadbirkorlik tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishi ma’lum qilindi.

Sirdaryo viloyatiga bo‘lib o‘tgan uchrashuvda to‘ylar, ma’rakalar va boshqa oilaviy marosimlarni ortiqcha dabdaba va isrofgarchiliksiz, milliy qadriyatlarga mos ravishda tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu haqda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi xabar berdi.
To‘y-marosimlarni ixcham va mazmunli o‘tkazish nafaqat ortiqcha xarajatlarning oldini olishi, balki oilalarni qarzdorlik va moliyaviy qiyinchiliklardan asrashga ham xizmat qilishi urg‘ulandi. Bu borada aholi, ayniqsa, yoshlar ongida tejamkorlik madaniyatini shakllantirish, ortiqcha sarf-xarajatlarga undaydigan ijtimoiy bosimni kamaytirish, mahalla faollari, nuroniylar va keng jamoatchilikning targ‘ibot ishlaridagi ishtirokini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Tadbirda giyohvandlikning oldini olish, yoshlarni zararli illatlardan asrash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, shuningdek, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Guliston tumanidagi «Ishonch» mahallasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvda esa aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Uyushmaning aytishicha, mahallada 5351 nafar aholi yashaydi. Ularning 1409 nafarini yoshlar tashkil etadi. Joriy yilda 210 vatandoshning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Shuningdek, hududda 75 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda.
Aholi daromadlarini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mahallada ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq aholining daromad va xarajatlarini o‘rganib, o‘zbekistonliklar nimaga ko‘proq pul sarflayotgani haqida yozgan edik.





