Sukuk bozori O‘zbekistonga qanday imkoniyatlar ochadi — MUOMALAT TIME #6
O‘zbekistonda islomiy bank xizmatlarini joriy etish jarayoni tezlashar ekan, sukuk mavzusi ham dolzarblashmoqda. «Muomalat Time» podkastining navbatdagi sonida ekspertlar sukukning mohiyati, uning obligatsiyalardan farqi va mamlakat iqtisodiyoti uchun ahamiyati haqida batafsil so‘z yuritdi.
O‘zbekistonda islomiy moliya tizimini joriy etish bo‘yicha muhim qadamlar tashlanayotgan bir paytda «sukuk» atamasi ham tobora ko‘proq tilga olinmoqda. Mutaxassislar fikricha, kelgusi yillarda sukuk nafaqat islomiy banklar faoliyati, balki mamlakat kapital bozori va yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda ham muhim vositaga aylanishi mumkin.
Islomiy banklar tayyorgarlikni boshladi
Islomiy moliya bo‘yicha mutaxassislar ma’lum qilishicha, joriy yil 27-mart kuni qabul qilingan qonun 1-iyuldan kuchga kiradi. Shu munosabat bilan Markaziy bank tomonidan qonun osti hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
Hozirda Markaziy bank mutaxassislari Malayziya, Pokiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi davlatlar tajribasini o‘rganib, islomiy bank darchalari faoliyatini tartibga soluvchi nizomlar ustida ish olib bormoqda. Shu bilan birga, tijorat banklari ham litsenziya olish uchun zarur bo‘lgan ichki tartib-qoidalar va hujjatlarni tayyorlashni boshlagan.
Ekspertlar bahosiga ko‘ra, bugungi kunda 15 dan ortiq bank islomiy bank xizmatlarini yo‘lga qo‘yish uchun tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda.
Kapital bozori nima uchun muhim?
Mutaxassislar kapital bozorini iqtisodiyotning «qon tomirlari» deb ta’riflaydi. Oddiy fuqaro har kuni kapital bozori bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlamasligi mumkin, ammo iqtisodiyotga sarmoya kirishi, korxonalarning mablag‘ jalb qilishi va davlat loyihalarining moliyalashtirilishi aynan shu tizim orqali amalga oshadi.
Kapital bozorining asosiy instrumentlari qatoriga aksiyalar, obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar kiradi. Islomiy moliyada esa ushbu vazifani sukuk bajaradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatda muomaladagi qimmatli qog‘ozlar hajmi 300 trillion so‘mga yaqinlashgan. Shuningdek, 700 dan ortiq emitent va yuzga yaqin faol ishtirokchi kapital bozorida faoliyat yuritmoqda.
Sukuk aslida nima?
«Sukuk» so‘zi arabchadagi «sakk» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, «sertifikat» degan ma’noni anglatadi.
Zamonaviy islomiy moliyada sukuk investorning muayyan aktiv, xizmat yoki iqtisodiy manfaatdagi ulushini tasdiqlovchi qimmatli qog‘oz hisoblanadi. Boshqacha aytganda, sukuk sotib olgan shaxs kimgadir pul qarz bermaydi. U ma’lum bir aktiv yoki loyihada ulushdorga aylanadi.
Masalan, aviakompaniya yangi samolyotlar xarid qilish uchun mablag‘ jalb qilmoqchi. Buning uchun u sukuk chiqaradi. Investorlar ushbu sukuklarni sotib oladi va yig‘ilgan mablag‘ evaziga samolyotlar xarid qilinadi.
Keyinchalik aviakompaniya samolyotlardan foydalanib daromad topadi va ijara to‘lovlari yoki boshqa tushumlardan shakllangan daromad sukuk egalariga ularning ulushiga mutanosib taqsimlanadi.
Ya’ni investor faqat pul emas, balki aktivning o‘zi bilan bog‘langan iqtisodiy manfaatga ham egalik qiladi.
Ekspertlar sukukni oddiy misol orqali ham izohlaydi. Tasavvur qiling, uch kishi birgalikda bitta avtomobil sotib oldi. Har biri avtomobil qiymatining uchdan bir qismini to‘ladi.
Ular avtomobilning ma’lum bir qismiga emas, balki umumiy mulkdagi ulushga egalik qiladi. Keyin ushbu avtomobil ijaraga berilsa, ijaradan tushgan daromad ham ulushlariga qarab taqsimlanadi. Agar shu ulushni tasdiqlovchi hujjat chiqarilsa, uni sukukka o‘xshatish mumkin.
Sukuk va obligatsiya o‘rtasidagi asosiy farq
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sukuk va obligatsiya tashqi ko‘rinishidan o‘xshash bo‘lsa-da, ularning iqtisodiy mohiyati keskin farq qiladi.
Obligatsiyada investor emitentga qarz beradi va oldindan belgilangan foiz stavkasini oladi. Sukukda esa investor muayyan aktiv yoki loyihada ulushdor bo‘ladi. Uning daromadi real iqtisodiy faoliyat natijalari bilan bog‘liq bo‘ladi. Yana bir muhim jihat — sukuk ortida albatta real aktiv, xizmat yoki iqtisodiy manfaat bo‘lishi shart. Obligatsiyalarda esa bunday talab har doim ham mavjud emas.
Bundan tashqari, sukuk shariat talablariga muvofiq bo‘lishi kerak. Shu sababli alkogol, tamaki yoki boshqa taqiqlangan faoliyat turlari bilan bog‘liq loyihalar uchun sukuk chiqarish mumkin emas.
Sukukni kimlar chiqarishi mumkin?
Ekspertlar ta’kidlashicha, sukuk chiqarish huquqi faqat banklarga tegishli emas.
Uni davlat, davlat ishtirokidagi kompaniyalar, xususiy korporatsiyalar va yirik moliyaviy tashkilotlar ham chiqarishi mumkin.
Bugungi kunda jahon sukuk bozorining katta qismi davlatlar tomonidan chiqarilayotgan suveren sukuklarga to‘g‘ri keladi.
Bu mablag‘lar yo‘llar, ko‘priklar, energetika obyektlari, sanoat korxonalari va boshqa infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun jalb qilinadi.
Nega davlatlar sukukka qiziqmoqda?
Mutaxassislar fikricha, iqtisodiyoti tez o‘sib borayotgan mamlakatlarda investitsiyalarga bo‘lgan talab juda yuqori bo‘ladi.
Davlatlar tashqi qarz jalb qilish o‘rniga aholi va investorlar mablag‘larini sukuk orqali yig‘ishi mumkin. Bu esa davlat qarz yukini qisman kamaytirish va moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.
Hozirgi kunda jahon sukuk bozori hajmi 1 trillion dollardan oshgan. Faqat 2025 yilning o‘zida dunyo bo‘ylab 300 milliard dollarlik sukuk chiqarilgan.
O‘zbekiston oldida qanday vazifalar turibdi?
Mutaxassislar fikricha, sukuk bozorini shakllantirish uchun faqat qonun qabul qilishning o‘zi yetarli emas.
Bundan tashqari, xalqaro depozitariy tizimlari bilan integratsiya qilish, hisob-kitob infratuzilmasini modernizatsiya qilish va global investorlar uchun qulay mexanizmlar yaratish talab etiladi.
Shu maqsadda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan kapital bozori to‘g‘risidagi yangi qonun ustida ish olib borilmoqda.
Ekspertlar fikricha, mazkur islohotlar amalga oshirilsa, O‘zbekiston nafaqat islomiy bank xizmatlarini, balki sukuk bozorini ham rivojlantirib, mahalliy va xalqaro investorlar uchun yangi imkoniyatlar yarata oladi.
Теглар






