Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi qonun takomillashtirishlardan so‘ng ma’qullandi
Avvalroq Senat Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni qayta ishlash uchun Qonunchilik palatasiga qaytargandi.

Oliy Majlis Senati 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan 17-yalpi majlisida «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunni ma’qulladi. Hujjat investitsiya muhitini yaxshilash, xalqaro kapitalni jalb qilish va mamlakatda zamonaviy moliya infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan.
Avvalroq mazkur qonun Senatning 16-yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan, biroq qator masalalar sabab qayta ishlash uchun Qonunchilik palatasiga qaytarilgan edi. Senatorlar va deputatlardan iborat kelishuv komissiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda hujjatni takomillashtirdi.
Senator Erkin Gadoyevning ta’kidlashicha, markaz hududida bank va investitsiya faoliyati, sug‘urta, qimmatli qog‘ozlar bozoridagi operatsiyalar, to‘lov tizimlari, islom moliyasi, moliyaviy texnologiyalar, audit, konsalting hamda yuridik xizmatlar uchun alohida tartib amal qiladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, markaz ishtirokchilari maxsus maqomga ega bo‘lib, ular uchun soliq va boshqa imtiyozlar, xorijiy investorlar hamda mutaxassislarga esa mamlakatga kirish va chiqish bo‘yicha yengilliklar taqdim etiladi.
Investorlarga yangi imkoniyatlar
Qonunga muvofiq, Toshkent xalqaro moliya markazi ishtirokchilari xorijiy mutaxassislarni mehnat faoliyati huquqini tasdiqlovchi hujjatsiz ishga qabul qilishi mumkin bo‘ladi. Markazga aloqador xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga besh yilgacha muddatli kirish vizasi berilishi mumkin.
Qayta ishlash jarayonida markaz ishtirokchilarining mablag‘lari va ma’lumotlarini himoya qilish bo‘yicha normalar ham takomillashtirildi. Ular jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlarga moslashtirildi.
«Soliq va viza imtiyozlari ham sezilarli darajada takomillashtirildi. Mana shu imtiyozlardan foydalanish huquqi va kimlar foydalanishi mumkinligi aniq belgilab berildi. Ushbu dasturdan foydalanish shartlari, minimal investitsiya mezonlari, mablag‘larning kelib chiqishi, benefitsiar egalik, soliq rezidentligi ta’rifi hamda substancye bilan bog‘liq bo‘lgan qator talablar aniq belgilab berildi», — dedi Erkin Gadoyev.
Uning ma’lum qilishicha, dasturda ishtirok etish shartlari, minimal investitsiya mezonlari, mablag‘larning kelib chiqishi, benefitsiar egalik va soliq rezidentligi bilan bog‘liq talablar aniq ko‘rsatilgan.
Shuningdek, erkin kapital harakati va daromadlarni repatriatsiya qilish tamoyillari saqlab qolinadi. Biroq ushbu mexanizm mamlakat moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank bilan muvofiqlashtirilgan holda ishlaydi.
Bundan tashqari, Toshkent xalqaro tijorat sudining vakolatlari qayta ko‘rib chiqildi. Sud yurisdiksiyasi aniqlashtirilib, xalqaro tijorat huquqi, arbitraj, moliya, bankrotlik va raqamli aktivlar sohasida tajribaga ega mutaxassislarni jalb qilish imkoniyati yaratildi.
Iqtisodiy ta’sir prognozlari
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Shohrux G‘ulomovning ma’lum qilishicha, qonunni takomillashtirish jarayonida Qozog‘iston va Birlashgan Arab Amirliklaridagi xalqaro moliya markazlari tajribasi o‘rganilgan.
Uning qayd etishicha, Qozog‘istondagi moliya markazi 2018 yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Shu davr mobaynida mamlakatga 20 mlrd dollardan ortiq investitsiya jalb qilingan, 1900 dan ziyod xalqaro kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan.
Dubay xalqaro moliya markazi esa 2004 yildan beri ishlaydi. U yerda 4800 dan ortiq xalqaro kompaniya faoliyat yuritadi va 50 mingdan ziyod malakali mutaxassis ish bilan ta’minlangan.
Shohrux G‘ulomovga ko‘ra, dastlabki hisob-kitoblar bo‘yicha 2030 yilga kelib Toshkent xalqaro moliya markazi har yili O‘zbekiston iqtisodiyotiga 20–25 mlrd dollar investitsiya jalb qilishi mumkin. Shuningdek, markaz mamlakat YAIMiga kamida 1 foiz hissa qo‘shishi prognoz qilinmoqda.
Bundan tashqari, markazda 10 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy mutaxassislar faoliyat yuritishi kutilmoqda. Vazirlik vakiliga ko‘ra, yangi tizim mamlakat kredit reytingini oshirish, arzon moliya resurslarini jalb qilish va biznes uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil mart oyida O‘zbekistonda moliya bozorini rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida «Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risida»gi Prezident farmoni qabul qilingandi.
Farmonga ko‘ra, markaz «Toshkent City» ishbilarmonlik markazi hududida joylashadi. U «Aloqabank», «Asakabank» (Asaka Tower), «SQB» hamda «Bomi Finance Center» binolari joylashgan hududni qamrab oladi.





