Toshkentda panjaralar noto‘g‘ri o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin – hokim o‘rinbosari

Бугун 12:302 дақиқа

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari 2025-yilda shahar hokimining qarori bilan qariyb 7 mldr so‘m ajratilgan panjaralar noto‘g‘ri o‘rnatilgan bo‘lishi mumkinligini tan oldi.

Toshkentda panjaralar noto‘g‘ri o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin – hokim o‘rinbosari

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning 2025-yil may oyidagi qarori bilan 6,9 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilib, avtomobil yo‘llaridagi yo‘nalishlarni ajratish uchun temir panjaralar o‘rnatishga yo‘naltirilgan edi. Biroq aynan manashu panjaralar noto‘g‘ri o‘rnatilgan bo‘lishi ham mumkin. Bu haqda bugun, 12-mart kuni Yo‘l harakatini tashkil etish markazida o‘tayotgan matbuot anjumanida Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev ma’lum qildi.

«Har bitta ko‘chalar kesimida hali ishlar oxiriga yetmagan. Har birini qarab chiqyapmiz. Ayrim holatlarda rostan ham panjaralar o‘rnatilishi noto‘g‘ri bo‘lishi kutilmoqda. Hozir yakuniy xulosamiz yo‘q. Biz o‘zimiz uchun ustuvorlik belgilab oldik: qaysi holatlarda panjaralar qo‘yilishi kerak, qaysi holatlarda panjaralar qo‘yilishi kerak emas», – dedi Abdurahmon Baxtiyev.

Panjara bilan bog‘liq paradoks

Ma’lumot uchun, 2017 yilda Toshkent shahar ma’muriyati yirik ko‘chalar o‘rtasiga o‘rnatilgan metall to‘siqlar, ayniqsa piyodalar o‘tish joylari va chorrahalar atrofida, haydovchilar uchun ko‘rinishni cheklayotganini ochiq tan olgan. Keyinchalik, 2018 yilda YHXB ham rasmiy bayonot berib, 30 ta ko‘chadagi to‘siqlar harakat xavfsizligini oshirmagani, aksincha, haydovchilar va piyodalar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirganini qayd etgan.

2025-yil may oyida Toshkent shahar hokimi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan temir panjaralar o‘rnatish uchun 6,9 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. O‘tgan yilda Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ko‘chalar o‘rtasiga yashil va boshqa rangdagi to‘rli panjara o‘rnatishni boshlagan. Boshqarma bunga yo‘lning qatnov qismini belgilanmagan joylardan kesib o‘tishning oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va piyodalar oqimini tartibga solingan, kesib o‘tish uchun mo‘ljallangan joylarga yo‘naltirish maqsadida o‘rnatilayotganini sabab qilib ko‘rsatgan.

Temir panjaralarni o‘rnatadigan pudratchi «Qarshi Stroy Sentr» kompaniyasi 2025-yil 10-28-noyabr kunlari Toshkent shahri hokimiyati qoshidagi «Yagona buyurtmachi xizmati» tomonidan o‘tkazilgan to‘siq o‘rnatish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgan. Tender natijalariga ko‘ra, «Qarshi Stroy Sentr» eng yuqori ball to‘plagan holda g‘olib bo‘lgan va 6 mlrd 6 mln 446 ming 265,20 so‘mga (QQS bilan) 90 kun ichida qurilish ishlarini bajarish majburiyatini olgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Anvarxon Temirov o‘tgan oyda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovdan ko‘chalar markaziga yo‘nalishlarni ajratuvchi temir panjaralar o‘rnatish qanchalik asosli ekani yuzasidan tushuntirish talab qilib, deputatlik so‘rovi yubordi.

Теглар

Мавзуга оид