Logo

Tramp 20 mln katta yoshli amerikalikka salkam 100 dollardan bermoqchi

Бугун 14:443 дақиқа

To‘lovlarning umumiy miqdori qariyb 2 mlrd dollarni tashkil etadi. Oq uy rahbari sentabr oyida barcha katta yoshli fuqarolarga 5000 dollardan berishni va’da qilgandi.

Tramp 20 mln katta yoshli amerikalikka salkam 100 dollardan bermoqchi © Getty images

AQSH prezidenti Donald Tramp 20 milliondan ortiq katta yoshli amerikalikka Medicare dasturi doirasidagi sug‘urta to‘lovlari xarajatlarini qoplash uchun bir martalik to‘lovlar berilishini e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

To‘lovlarning umumiy miqdori qariyb 2 milliard dollarni tashkil etadi. Oq uy rahbari, shuningdek, 3-noyabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan Vakillar palatasi va Senatga oraliq saylovlarda Respublika partiyasi g‘alaba qozonsa, AQSHdagi barcha katta yoshli fuqarolarga 5000 dollardan berishni yana va’da qildi. U sentabr oyida ham shunday rejalar haqida gapirgan va buning uchun budjetdan 1 trillion dollardan ortiq mablag‘ kerak bo‘lishini aytgan.

Mablag‘lar Medicare’ni takomillashtirish jamg‘armasidan (Medicare Improvement Fund) ajratiladi. Medicare dasturini yaxshilash uchun Kongress jamg‘armaga 2 milliard dollar ajratgan.

«Men ma’muriyatim Medicare Part B sug‘urta badallarini to‘lashda yordam berish uchun 20 milliondan ortiq ajoyib katta yoshli amerikalikka qariyb 100 dollardan “cheklar”ni zudlik bilan yuborishni boshlashini mamnuniyat bilan e’lon qilaman», — deb yozdi Tramp.

Prezident ushbu to‘lovlar uning ma’muriyati fikriga ko‘ra, AQSHdagi bemorlarni himoya qilish va tibbiy xizmatlarni hamyonbop qilish to‘g‘risidagi qonun (Affordable Care Act, ACA) doirasida tibbiy sug‘urta rejalari uchun ortiqcha pul to‘lagan qariyb 1 million amerikalikka mablag‘larni qaytarish bo‘yicha alohida dastur bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi.

Tramp, shuningdek, oraliq saylovlarda respublikachilar g‘alaba qozonsa, har bir AQSH fuqarosiga va’da qilgan 5 ming dollarlik «Tramp dividendi» berilishini ham aytdi.

Medicare Part B — federal Medicare tibbiy sug‘urta dasturining bir qismi bo‘lib, shifokorlar va boshqa tibbiyot mutaxassislari xizmatlari, ambulator davolanish, ayrim tibbiy uskunalar va profilaktika xizmatlarini qoplaydi.

Part A’dan farqli ravishda, Part B dasturining aksariyat ishtirokchilari har oy sug‘urta badali to‘laydi. 2026-yilda standart badal oyiga 202,90 dollarni tashkil etadi, daromadi yuqori bo‘lgan odamlar uchun esa bu summa ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Oq uy ma’lumotlariga ko‘ra, bir martalik to‘lov miqdori har bir kishi uchun 90 dollarni tashkil etadi. To‘lov olish huquqiga ega bo‘lganlarning aksariyati mablag‘ni oktabr oyi boshida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisob raqamiga oladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri depozitdan foydalanmaydiganlarga esa cheklar Medicare’da ro‘yxatdan o‘tgan manziliga pochta orqali yuboriladi. Sug‘urta badallari allaqachon Medicaid tomonidan to‘lab berilayotganlar, shuningdek, daromadiga qarab qo‘shimcha badal to‘laydigan fuqarolarga to‘lov berilmaydi.

Sentyabr oyida Tramp noyabr oyidagi oraliq saylovlardan keyin Respublika partiyasi Kongressning har ikki palatasida ko‘pchilikni saqlab qolsa, voyaga yetgan amerikaliklarga 5 ming dollardan berishga va’da qilgan edi.

Dallasdagi respublikachilar s’ezdida Tramp oraliq saylovlarda respublikachilar g‘alaba qozonib, Kongressning har ikki palatasi ustidan nazoratni saqlab qolsa, AQSHning voyaga yetgan fuqarolariga 5 ming dollardan to‘lashga va’da bergan. U bu to‘lovlarni «Tramp dividendlari» deb atagan. «The Guardian» bahosiga ko‘ra, to‘lovlarni 235 milliondan ortiq kishi olishi mumkin, dasturning umumiy qiymati esa 1 trillion dollardan oshadi. Tramp mablag‘ manbasini aniq aytmagan, vitse-prezident Jey Di Vens esa tariflardan tushadigan daromadlardan foydalanish mumkinligini aytgan.

AQSH Kongressiga oraliq saylovlar 2026-yil 3-noyabrda bo‘lib o‘tadi. Unda Vakillar palatasining barcha 435 a’zosi va senatorlarning qariyb uchdan bir qismi qayta saylanadi.

Shuningdek, Tramp Kongress saylovlarida demokratlarning g‘alabasi «do‘zax» bo‘lishini va amerikaliklar chegaralar, soliq imtiyozlari, xavfsizlik va farovonlikdan mahrum bo‘lishini aytdi.

Avvalroq «Bloomberg» Tramp va uning oilasi sobiq SSSR hududida biznesini kengaytirayotgani haqida yozgandi.

Теглар

Мавзуга оид