Turkiya va Qozog‘iston «abadiy do‘st» bo‘ldi

Ostonada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Turkiya va Qozog‘iston rahbarlari ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy rishtalar va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlovchi deklaratsiyani imzoladi.

Turkiya va Qozog‘iston «abadiy do‘st» bo‘ldi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Ostona shahrida «Abadiy do‘stlik va kengaytirilgan strategik sheriklik to‘g‘risida»gi deklaratsiyani imzoladi. Bu haqda «Oqo‘rda» matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat ikki tomonlama muzokaralar hamda Qozog‘iston va Turkiya Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining oltinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan.

To‘qayev Turkiyani ishonchli sherik deb atadi

Yig‘ilishda nutq so‘zlagan To‘qayev Turkiyani Qozog‘iston uchun qardosh davlat va ishonchli sherik deb atadi.

Uning ta’kidlashicha, ikki mamlakatni bog‘lab turgan tarixiy rishtalar bugungi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

«Davlatlarimiz o‘rtasida hech qanday ixtilof va ziddiyatlar yo‘q. Davlatlararo va hukumatlararo aloqalar mustahkamlanib bormoqda», — dedi Qozog‘iston rahbari.

Investitsiya va savdo aloqalari kengaymoqda

Qozog‘iston prezidenti Turkiya mamlakat iqtisodiyotiga eng ko‘p sarmoya kiritayotgan davlatlardan biri ekanini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungacha Turkiyadan Qozog‘iston iqtisodiyotiga 6 milliard dollar investitsiya jalb qilingan.

Shu bilan birga, Qozog‘istonning Turkiya iqtisodiyotiga yo‘naltirgan sarmoyalari ham 2,5 milliard dollarga yaqinlashgan.

Toqayev Turkiya Qozog‘istonning eng yirik savdo sheriklari beshligiga kirishini ham ta’kidlagan.

Теглар

Мавзуга оид

Turkiya va Qozog‘iston «abadiy do‘st» bo‘ldi | Vaqt.uz