Logo

«Turonbank» rahbari qo‘lga olingani ortidan bank kuzatuv kengashi rasmiy bayonot berdi

Бугун 15:351 дақиқа

Bank boshqaruv raisi qo‘lga olingani haqidagi xabarlardan so‘ng «Turonbank» matbuot xizmati va kuzatuv kengashi rasmiy bayonot berdi. Unga ko‘ra, bank mijozlarga belgilangan tartibda xizmat ko‘rsatish davom etmoqda. Kengash esa vakolatli organlar bilan hamkorlik qilmoqda.

«Turonbank» rahbari qo‘lga olingani ortidan bank kuzatuv kengashi rasmiy bayonot berdi © Turonbank

«Turonbank» boshqaruv raisi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi. Shu munosabat bilan bank matbuot xizmati va kuzatuv kengashi bayonot berdi.

Matbuot xizmati bayonotida aytilishicha, bank o‘z faoliyatini belgilangan tartibda davom ettirmoqda. Bank xizmatlari markazlari, ofislar va raqamli platformalar orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatish davom etmoqda. Bankning omonatchilar, mijozlar, investorlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlari o‘z kuchida qoladi.

Bank o‘z faoliyatini korporativ boshqaruv, ichki nazorat tizimi va amaldagi qonunchilik asosida yuritayotganini ma’lum qildi. Mijozlar savollari bo‘yicha 1220 qisqa raqami yoki bankning rasmiy axborot kanallari orqali murojaat qilishlari mumkin.

Bank kuzatuv kengashi ham alohida bayonot berdi. Unga ko‘ra, yaqinda yangi tarkibda shakllantirilgan kengash vaziyatni nazorat qilmoqda va uning bank faoliyatiga ta’sirini baholamoqda.

Kengash bankning moliyaviy barqarorligi, boshqaruv uzluksizligi va risklarni samarali boshqarishni ustuvor vazifa deb bilishini ma’lum qildi. Shuningdek, kuzatuv kengashi o‘z vakolatlari doirasida vakolatli organlar bilan hamkorlik qilayotgani ta’kidlandi.

Qayd etish kerakki, 25-sentabrda bo‘lib o‘tgan aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida «Turonbank» kuzatuv kengashi to‘qqiz nafar a’zodan iborat tarkibda qayta saylangan. Bunda mustaqil a’zolar soni uchtadan oltitaga oshirilgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq savdoga chiqarilishi rejalashtirilgan jami 100 trln so‘mlik davlat aktivlari qatorida Turonbank ham qayd etilgandi.

Теглар

Мавзуга оид