Uch davlat, 48 jamoa va millionlab dollar mukofot: JCH-2026 nimasi bilan boshqacha?
Turnir chiptalari uchun hozirning o‘zidayoq 500 milliondan ortiq talab kelib tushgan.
© Michael Regan - FIFA / Contributor / FIFA / Gettyimages.ru2026 yilgi FIFA Jahon chempionati mundiallar tarixidagi eng ulkan turnir bo‘lishi kutilmoqda. Musobaqada ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etib, jami 104 ta o‘yin o‘tkaziladi. Bu avvalgi barcha chempionatlardagidan ko‘p degani. Uchrashuvlarga AQSH, Kanada va Meksikaning 16 ta shahri mezbonlik qiladi.
Musobaqa qamrovining kengayishi rekord darajadagi mukofot jamg‘armasida ham o‘z aksini topdi. FIFA ishtirokchi jamoalar o‘rtasida 871 million dollardan ortiq mablag‘ni taqsimlaydi, g‘olib jamoa esa 50 million dollarni qo‘lga kiritadi. Bu ko‘rsatkich 2010 yili Janubiy Afrikada o‘tkazilgan mundialdagi mukofot pulidan qariyb ikki barobar ko‘pdir.
Turnir ko‘lami hamda bir qator davlatlar, jumladan, Kabo-Verde, Kyurasao, Iordaniya va O‘zbekistonning jahon chempionatiga chiqqani dunyo bo‘ylab misli ko‘rilmagan qiziqish uyg‘otdi: hozirgacha chiptalar uchun 500 milliondan ortiq talab kelib tushgan.
Bunday ulkan talab musobaqaning xalqaro miqyosda qanchalik jozibador ekanini va media qamrovi kengligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Tahlilchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mundial sababli Shimoliy Amerikaga besh milliondan yetti milliongacha xorijlik sayyoh kelishi kutilmoqda. Bu esa 40 milliard dollardan ko‘proq iqtisodiy foyda keltiradi.
O‘zining ko‘lami, murakkab tuzilishi va misli ko‘rilmagan formati tufayli 2026 yilgi jahon chempionati global sport tadbirlari uchun yangi standartlarni belgilab beradi.
Uch davlat tomonidan birgalikda o‘tkaziladigan mazkur turnir nafaqat yirik sport tadbirlarini tashkil etish va boshqarish tizimini qayta shakllantiradi, balki keyingi o‘n yillikdagi xalqaro musobaqalar uchun o‘ziga xos namuna bo‘lib xizmat qiladi.
Bir nechta davlatlar tomonidan o‘tkaziladigan turnir
Yirik futbol turnirlariga birgalikda mezbonlik qilish g‘oyasi 1995 yilning iyul oyida, «Yevro-2000» musobaqasini o‘tkazish huquqi Belgiya va Niderlandiyaga topshirilgan vaqtda paydo bo‘lgan. Bu yirik qit’a turnirining tarixda ilk bor bittadan ortiq mamlakatda o‘tkazilishi edi.
Ushbu qaror ortida futboldan tashqari amaliy sabablar ham bor edi: mas’uliyatning taqsimlanishi har ikki davlatga infratuzilma va logistika talablarini osonroq bajarishga yordam berdi. Qolaversa, milliy futbol assotsiatsiyalariga kattagina moliyaviy foyda keltirdi.
«Chegarasiz futbol» shiori ostida o‘tgan turnir o‘zaro hamkorlik va umumevropa qadriyatlarini o‘zida mujassam etdi.
Bu model keyinchalik «Yevro-2008», «Yevro-2012» va 12 ta turli davlatning 12 shahrida bo‘lib o‘tgan «Yevro-2020» musobaqalarida ham qo‘llanildi. Kelajakdagi turnirlar ham shu formatda o‘tishi rejalashtirilgan: 2028 yilda Buyuk Britaniya va Irlandiya, 2032 yilda esa Italiya va Turkiya musobaqaga birgalikda mezbonlik qiladi. Vaqt o‘tishi bilan Yevropada hamkorlikdagi mezbonlik shunchaki logistik yoki moliyaviy strategiya bo‘lib qolmay, nafaqat moddiy foyda keltiradigan, balki ijtimoiy integratsiyani mustahkamlaydigan o‘ziga xos modelga aylandi.
Jahon chempionatlarini hamkorlikda o‘tkazish global miqyosda kam uchraydigan holat. Janubiy Koreya va Yaponiya birgalikda mezbonlik qilgan 2002 yilgi mundial «misli ko‘rilmagan qaror» sifatida tarixga kirgan. Biroq bu hamkorlik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan; aksincha, bu mezbonlik huquqini qo‘lga kiritish uchun o‘ylangan strategiya edi. Sababi, har ikki davlat mezbonlikka alohida da’vogar bo‘lgan va faqat kuchlarni birlashtirish orqaligina Meksika nomzodini ortda qoldirish mumkin edi.
Turnir davomida ham ma’lum ma’noda keskinlik saqlanib qoldi: musobaqaning rasman «Koreya/Yaponiya» deb nomlanishi diplomatik bahslarga sabab bo‘ldi. O‘yinlar taqvimini tuzish va finalni Yokogamada o‘tkazish masalasi har ikki hukumat hamda FIFA o‘rtasidagi murakkab muzokaralarni talab qildi.
Xullas, Yevropa turnirlaridan farqli o‘laroq, «Koreya-Yaponiya 2002» musobaqasini birgalikda tashkil etish puxta o‘ylangan muzokaralar mahsuli bo‘lib, unda milliy nufuz masalalariga juda nozik yondashilgan.
Ushbu tajribalardan kelib chiqib, yirik sport tadbirlarini birgalikda o‘tkazishning ikki xil yondashuvini ko‘rish mumkin:
Yevro-2000 dan beri amalda bo‘lgan Yevropa modeli iqtisodiy va logistik manfaatlarni qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi integratsiya hamda yaqin aloqalar bilan uyg‘unlashtiradi.
Bundan farqli o‘laroq, 2002 yilgi Koreya va Yaponiya tajribasi asosan pragmatik mantiqqa qurilgan bo‘lib, qo‘shma mezbonlik orqali ko‘proq milliy manfaatlarni ta’minlash va har bir mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish ko‘zlangan edi.
Bu nuqtai nazardan olib qaraganda, 2026 yilgi jahon chempionati mana shu ikki model o‘rtasidagi oltin o‘rtaliqni topa olgandek ko‘rinadi.
Bir tomondan, turnir 2002 yilgi mundialga qaraganda mintaqaviy birdamlikning ancha kengroq g‘oyasini o‘zida mujassam etadi. Buni hatto musobaqaning «Yunayted» (Birlashgan) deb nomlanishida va Shimoliy Amerikaning uchta davlati bergan qo‘shma arizasida ham ko‘rish mumkin. Biroq, bu ramziylik aniq belgilab olingan milliy manfaatlar bilan yonma-yon qadam tashlaydi.
Strategik manfaatlar
AQSH uchun 2026 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilish ortida turgan strategik manfaatlar ildizi 1994 yilgi mundialga borib taqaladigan sport va tijorat maqsadlarini o‘zida jamlaydi.
O‘sha turnir stadionga muxlislar tashrifi bo‘yicha rekord o‘rnatgan edi — 52 ta o‘yinni bevosita o‘yingohdan turib 3,5 milliondan ortiq tomoshabin kuzatib borgan. Qolaversa, aynan o‘sha musobaqa 1996 yilda Oliy futbol ligasi (MLS) tashkil etilishiga turtki bo‘lgan. Bugungi kunda ushbu liga o‘z safida 30 ta jamoa va Lionel Messi kabi jahon darajasidagi yulduzlarni jamlagan.
Ushbu strategik qadamning asosiy qismi davlat va xususiy sektor hamkorligiga tayanadi. Bu holat FIFA 2026 yilgi jahon chempionati mezbonlarini rasman e’lon qilgan vaqtda AQSH prezidenti Donald Tramp yozib qoldirgan postda ham o‘z aksini topgandi:
«Jahon chempionatini AQSH, Meksika va Kanadaga olib kelganimiz uchun bildirilgan barcha maqtovlarga rahmat. Men ushbu natija uchun ajoyib va iqtidorli insonlardan iborat jamoa bilan birgalikda qattiq mehnat qildim. Biz hech qachon ortga chekinmadik va bu ajoyib jahon chempionati bo‘ladi! Bob Kraftga qimmatli maslahatlari uchun alohida minnatdorlik bildiraman».
Darhaqiqat, «Nyu-Ingland Petriots» jamoasi xo‘jayini Bob Kraft va boshqa tadbirkorlar AQSHni jahon futbolidagi eng serdaromad bozorlardan biriga aylantirish hamda MLS ligasini mustahkamlashdek aniq maqsad yo‘lida birlashishdi. Ular sport marketingi, translyatsiya huquqlari va yirik tadbirlarni boshqarish borasidagi tajribalarini ishga solib, mezbonlik arizasini tayyorlash jarayonida faol ishtirok etishdi.
Kanadada esa asosiy e’tibor futbolni milliy darajada ommalashtirish va uning professionalligini oshirishga qaratilgan. Kanada Premer-ligasi (CPL) komissari Jeyms Jonsonning fikricha, 2026 yilgi jahon chempionati:
«Kanadada futbolni ommabop sport turiga aylantirish, tijoriy daromadlarni ko‘paytirish va Kanada Premer-ligasini mamlakat sport hayotining markaziga olib chiqish uchun zo‘r imkoniyatdir».
Biroq Kanadaning umidlari faqat sport bilan cheklanib qolmaydi. Xususan, Britaniya Kolumbiyasining turizm, san’at, madaniyat va sport vaziri Enn Kang bu haqda shunday degan edi:
«Jahon chempionatining global qamrovidan foydalanish turizmni rivojlantirishga va yangi ish o‘rinlari yaratishga yo‘l ochadi. Shuningdek, Kanadaning Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga darvoza sifatidagi rolini yanada mustahkamlaydi».
Shu tariqa, musobaqaga hamkorlikda mezbonlik qilish mamlakatning xalqaro maydondagi iqtisodiy va turistik salohiyatini oshirish uchun muhim platforma vazifasini ham o‘tamoqda.
Meksika misolida esa 2026 yilgi jahon chempionati o‘ziga xos tarixiy ahamiyat kasb etadi: bu davlat 1970 va 1986 yillardan so‘ng futbol bo‘yicha jahon chempionatiga uchinchi marta mezbonlik qilayotgan tarixdagi ilk mamlakatga aylanadi. Bu esa uning jahon futbolidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
«Meksika-70» turniri Pele boshchiligidagi Braziliya terma jamoasining uchinchi chempionligi bilan yodda qolgan bo‘lsa, «Meksika-86» Diyego Maradonaning takrorlanmas o‘yini va Argentinaning tarixiy g‘alabasi bilan muhrlangan. Har ikki holatda ham ushbu mamlakat barcha davrlarning eng buyuk futbolchilari qatoriga kiruvchi ikki afsonaning zafar quchishiga guvoh bo‘lgan.
Endi bu tarixiy meros ijtimoiy ta’sirning zamonaviy yondashuvlari bilan uyg‘unlashmoqda. Poytaxtning sobiq meri Klaudiya Sheynbaum ta’kidlaganidek, asosiy maqsad:
«futbolni tinchlik, sport, sog‘lom turmush tarzi va jamiyatni birlashtirish vositasiga aylantirish uchun jahon chempionatidan unumli foydalanishdir».
Shu munosabat bilan butun mamlakat bo‘ylab 5000 dan ortiq madaniy, sport va ijtimoiy tadbirlarni o‘z ichiga oluvchi «Meksika-2026: Ijtimoiy jahon chempionati» strategiyasi ishlab chiqildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — bayram shukuhini stadionlardan tashqariga olib chiqish, barcha qatlamlarni qamrab olish, jamiyat jipsligi va ijtimoiy farovonlikni targ‘ib qilishdan iborat.
2026 yilgi jahon chempionatining tub burilish nuqtasi
Xulosa qilib aytganda, Yevropaning qo‘shma turnirlari elementlarini 2002 yilgi «Koreya-Yaponiya» tajribasi bilan uyg‘unlashtirgan ushbu gibrid formatda uchta mezbon davlat turli xil, ammo bir-birini to‘ldiruvchi manfaatlarni birlashtira oldi.
Jumladan:
AQSH futbolni yirik industriya sifatida mustahkamlashga va MLS nufuzini oshirishga intilmoqda;
Kanada futbolning iqtisodiy, turistik va madaniy ta’sirini kengaytirishni maqsad qilgan;
Meksika esa ushbu sport turining global tarixidagi o‘zining munosib o‘rni va ijtimoiy ahamiyatini yanada boyitmoqda.
Umuman olganda, «Yunayted 2026» mundiali Shimoliy Amerikani XXI asrning yetakchi futbol mintaqalaridan biriga aylantirmoqda. O‘zining logistik va tashkiliy murakkabliklariga qaramay, ushbu turnir bir nechta davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlashuv bir vaqtning o‘zida ham turizm, ham biznes, ham xalqaro maydondagi nufuzni oshirish uchun beqiyos platforma bo‘lib xizmat qilishini ko‘rsatib bermoqda.
2026 yilgi jahon chempionati nafaqat o‘zining rekord darajadagi ko‘rsatkichlari bilan yodda qoladi, balki xalqaro yirik sport tadbirlarini tashkil etish, targ‘ib qilish va ulardan moliyaviy foyda ko‘rish tizimida tub burilish yasay olgani bilan ham tarix sahifalaridan joy oladi.





