Logo

Ukraina «Ozon»ni nishonga olishga o‘tdi

Ukraina qurolli kuchlari Rossiya infratuzilmasiga qarshi «uzoq masofali sanksiyalar» doirasida «Wildberries»dan so‘ng «Ozon» marketpleysining omborlariga hujum qildi.

Ukraina «Ozon»ni nishonga olishga o‘tdi

22-avgustga o‘tar kechasi Ukraina dronlari birinchi marta Samara yaqinidagi Chapayevsk shahrida joylashgan «Ozon» omboriga zarba berdi. Ertasi tunda Orenburgdagi ombor, yana bir kun o‘tib esa bir yo‘la Adigeysk, Nevinnomissk va Maxachqal’adagi uchta obyekt hujumga uchradi. 27-avgust kuni esa dronlar Ufadagi «Ozon» omborini ham nishonga oldi.

Zarba berilgan omborlarning ko‘pchiligida yong‘in chiqdi, jarohatlanganlar bor. Bir hafta ichida Ukraina «Ozon»ning jami yettita obyektiga hujum uyushtirdi. Buning ortidan Moskva birjasida Rossiyaning ikkinchi yirik marketpleysi aksiyalari keskin ravishda 28 foizga quladi (garchi keyinroq bu pasayish qisman tiklangan bo‘lsa ham). 7 kun ichida Kiyev «Ozon»ning 233 ming kvadrat metrdan ortiq — ya’ni umumiy ombor maydonlarining 6 foiziga shikast yetkazdi.

Ukraina Mudofaa vazirligi dron hujumlari «Wildberries»dan «Ozon»ga ko‘chganini tasdiqladi.

«Ukraina kuchlari «Wildberries»ning 15 ta eng yirik logistika markazini nishonga olib bo‘lgach, navbat «Ozon»ga keldi», — deyiladi vazirlikning 22-avgust kungi bayonotida.

Kiyevning maqsadi nima?

«Wildberries»ga qarshi hujumlar 18-iyulda boshlangan edi. OAV hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan bir yarim oy davomida Kiyev ushbu marketpleys omborlarining 40 foizdan ortig‘ini ishdan chiqargan, ko‘rilgan zarar esa yuzlab milliard rubl bilan o‘lchanmoqda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «Wildberries» omborlariga qilingan hujumlarni bu joylarda dron qismlari, navigatsiya uskunalari va harbiy mahsulotlar saqlangani bilan izohladi. Kompaniyaning o‘zi esa bu ma’lumotni inkor qilmoqda. Ukraina Mudofaa vazirligi «Ozon» va «Wildberries»ga qarshi amaliyotlarni «uzoq masofali sanksiyalar» deb atadi.

«Ikki xil maqsadda foydalaniladigan tovarlar saqlanadigan markazlarga muntazam zarba berish dushman logistikasini izdan chiqaradi va Rossiya iqtisodiyotiga jiddiy putur yetkazadi», — deya ta’kidlaydi vazirlik.

Atlantika kengashining katta ilmiy xodimi Melinda Haring Kiyevning Rossiyadagi eng yirik omborlarga qilayotgan hujumlarini puxta o‘ylangan strategiya deb hisoblaydi.

«Ukraina Moskvani muzokaralar stoliga o‘tirg‘izish uchun maqsadli kampaniya olib bormoqda. Qirq kunlik hujumlar seriyasi rossiyaliklarga urush oqibatlarini o‘z kundalik hayotida his qilishlari uchun mo‘ljallangan edi», — dedi ekspert «TRT» nashriga bergan intervyusida.

Kiyevdagi Ukraina xavfsizlik va hamkorlik markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, «Wildberries», «Ozon» va «Yandeks Market»ning umumiy daromadi 140,3 milliard dollarga yetgan. Bu Rossiya yalpi ichki mahsulotining 5 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi. Bundan tashqari, Ukraina hujumlari Rossiya aholisi orasida vahima uyg‘otib, kuchli psixologik ta’sir ham ko‘rsatmoqda.

«Ozon» bunga bardosh bera oladimi?

22-avgustga qadar «Ozon» o‘zining asosiy raqobatchisi duch kelgan muammolardan faqat manfaat ko‘rayotgan edi. Rossiya elektron savdo bozorida ikkinchi o‘rinda turuvchi ushbu marketpleys raqib omborlariga qilingan hujumlar ortidan o‘z mavqeini ancha mustahkamlab oldi. Shu bilan birga, kompaniya ehtimoliy xavf-xatarlarga oldindan tayyorgarlik ko‘rdi: qimmatbaho tovarlar tarqatish punktlariga ko‘chirildi, sotuvchilar uchun sug‘urta badali oshirildi va mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri omborsiz sotish tizimiga o‘tish tavsiya qilindi.

Shunga qaramay, Ukraina hujumlaridan ko‘rilgan umumiy zarar baribir ulkan bo‘lib qolmoqda. Forbes tahlilchilari bahosiga ko‘ra, birgina omborlarga berilgan zarbalar oqibatidagi yo‘qotishlar 62 milliard rublga (730 million dollar) yetmoqda. Yonib ketgan tovarlar miqdori esa 107 milliardga (1,2 milliard dollar) yetgan.

Davlatdan yordam olish masalasi esa mavhumligicha qolmoqda. Vladimir Putin topshirig‘iga binoan «Wildberries» uchun soliq imtiyozlari tayyorlandi, ammo «Ozon» bunday ko‘mak oladimi yoki yo‘q — noma’lum. Iqtisodiy rivojlanish vazirligi bu masalani faqat kompaniyaning o‘zi murojaat qilsagina ko‘rib chiqishini bildirgan. «Ozon» rahbariyati esa hujumlar va inqirozdan chiqish rejalari haqida hozircha sukut saqlamoqda.

Ukraina urush yo‘nalishini o‘zgartira oladimi?

Sobiq mudofaa vaziri Mixail Fyodorov vaziyatga pessimistik baho bermoqda. 25-avgust kuni «Reuters» agentligiga bergan intervyusida u Ukraina Rossiyaga qarshi urushda asta-sekin yutqazayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, sun’iy intellektga asoslangan dronlar va arzon raketalar vaziyatni o‘zgartirishi mumkin, biroq ulardan foydalanish bo‘yicha yaxlit strategiya yo‘q. Zelenskiy ma’muriyati esa bunga javoban sobiq vazir yaqingacha urush borishini ijobiy baholab kelganini eslatib o‘tdi.

Kreml bu bayonotdan darhol o‘z manfaati yo‘lida foydalandi. Dmitriy Peskov buni Kiyevdagi ichki siyosiy kurash va hukumatning ichidan yemirilayotgani belgisi sifatida baholadi.

Ayni paytda Ukraina uchun harbiy vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Rossiya shaharlar va infratuzilmaga dronlar, ballistik va gipertovushli raketalar bilan yoppasiga hujum qilishni davom ettirmoqda. Jumladan, 27-avgustga o‘tar kechasi 7 tadan ortiq ballistik raketa va 258 ta dron uchirilgan. Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiganing so‘zlariga ko‘ra, portlar, don omborlari va energetika obyektlari asosiy nishonga olingan.

Bunga javoban Ukraina Rossiya ichkarisidagi neftni qayta ishlash zavodlariga (NQIZ) hujumlarni kuchaytirmoqda. Buning oqibatida Rossiya yoqilg‘i bozorida jiddiy inqiroz yuzaga keldi:

  • Hujumlar ko‘lami: «Bloomberg» hisob-kitoblariga ko‘ra, avgust oyida neft zavodlariga kamida 21-marta dron hujumi uyushtirildi va Rossiyadagi eng yirik 10 ta zavoddan 4 tasi zarar ko‘rdi.

  • Qayta ishlash hajmi: Ko‘rsatkich kuniga o‘rtacha 3,8 million barrelgacha tushib ketdi. Bu so‘nggi 20 yil ichidagi eng past natijadir (odatda yoz faslida bu raqam 5,3–5,5 million barrelni tashkil qilar edi).

  • Ishlab chiqarishning qisqarishi: Benzin ishlab chiqarish va ichki bozorga yetkazib berish qariyb 20 foizga, dizel esa 23 foizga kamaydi.

Taqchillik narxlarda ham aks etmoqda. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 24-avgustga kelib, bir hafta ichida benzin yana 0,9 foizga, yil boshidan buyon esa 19,4 foizga qimmatlashdi. Bir litr benzinning o‘rtacha narxi 77,05 rublga yetdi, ayrim mustaqil yoqilg‘i quyish shoxobchalarida esa 100 rublga yaqinlashdi.

Yoqilg‘i taqchilligini qoplash maqsadida Moskva zudlik bilan importni oshirishga majbur bo‘lmoqda. Rossiya Qozog‘istonning «Kondensat» zavodi bilan xomashyoni qayta ishlab, olingan yoqilg‘ining 70 foizini qaytarib olishga kelishib oldi. Shuningdek, Hindistondan taxminan 1 million barrel yoqilg‘i xarid qilindi. Belarusdan yoqilg‘i import qilish hajmi esa keskin oshib, tarixiy rekord darajaga yetdi.

Rossiya yadroviy zarba berishga tayyormi?

Neft zavodlariga uyushtirilayotgan keng ko‘lamli hujumlar ortidan Kremlda Ukrainaga nisbatan zarbalarni kuchaytirish, hatto yadro qurolini ishga solish haqidagi chaqiriqlar tez-tez yangramoqda. Bu haqda «Bloomberg» agentligi Rossiya prezidenti ma’muriyatiga yaqin manbalariga tayanib xabar berdi.

Nashr suhbatdoshlarining qayd etishicha, prezident Putinning Ukrainaga qarshi taktik yadro qurolini qo‘llashi mumkinligini inkor etmayotgan rossiyalik mulozimlar soni tobora ortib bormoqda. Vladimir Putinning o‘zi 22-avgust kuni «Kiyev Pandora qutisini ochdi» qabilida bayonot berib, Ukraina iqtisodiyotining «eng nozik nuqtalariga» javob zarbalari berishni va’da qilgan edi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham «Ozon» obyektlariga qilingan dastlabki hujumlarni sharhlar ekan, aynan shu so‘zlarni yodga oldi.

«Kiyevda javob zarbalarini har kuni, har kecha his qilishmoqda va bundan keyin ham his qilishadi», — deya tahdid qildi u.

Biroq «Bloomberg» nashrining ta’kidlashicha, hozircha yadroviy mojaroga tayyorgarlik ko‘rilayotganini tasdiqlovchi birorta ham belgi yo‘q. Moskva avvallari ham Kiyevning g‘arblik ittifoqchilarini qo‘rqitish maqsadida shunday po‘pisalardan foydalanib kelgan.

Xulosa qilib aytganda, hozircha Moskvaning bu kabi tahdidlari quruq po‘pisa bo‘lib qolmoqda. Yadroviy hujumga tayyorgarlik ko‘rilayotganini tasdiqlovchi birorta belgi yo‘q. Ekspertlar ham bunday ssenariyning amalga oshish ehtimolini juda past baholamoqda. Bundan tashqari, tarixga nazar tashlasak, 1945 yilda Xirosima va Nagasaki shaharlari bombardimon qilinganidan buyon yadroviy davlatlar hech qachon taktik qurolni qo‘llashga jur’at eta olmagan. Masalan, Fransiya Jazoirda, AQSH Veitnamda, SSSR esa Afg‘onistonda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, ularning barchasi atom qurolini ishlatmasdan vaziyatdan chiqib ketishni afzal ko‘rgan.

Теглар

Ukraina «Ozon»ni nishonga olishga o‘tdi | Vaqt.uz