Logo

Uzcard va Humo kartalarini ham tez orada Apple Pay xizmatiga ulash imkoniyati yaratiladi

Mamlakatda xalqaro raqamli to‘lov tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani munosabati bilan milliy to‘lov tizimlari foydalanuvchilari uchun ham yangi qulayliklar taqdim etilishi kutilmoqda.

Uzcard va Humo kartalarini ham tez orada Apple Pay xizmatiga ulash imkoniyati yaratiladi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda Apple Pay xalkaro to‘lov xizmati rasman ishga tushirildi hamda mahalliy Uzcard va Humo kartalarini ham ushbu xizmatga ulash imkoniyati tez orada taqdim etiladi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan ishga tushirish marosimidan so‘ng foydalanuvchilarga bank kartalarini Apple Wallet ilovasiga qo‘shib, iPhone, Apple Watch va boshqa mos qurilmalar orqali to‘lovlarni amaga oshirish imkoni yaratildi.

Dastlabki bosqichda Apple Pay xizmatiga quyidagi bank kartalarini ulash mumkin:

— O‘zbekiston Milliy banki — Visa va Mastercard;
— Ipak Yo‘li Banki — Visa va Mastercard;
— Orient Finans Bank — Visa va Mastercard;
— Kapitalbank — Visa va Mastercard;
— TBC Bank Uzbekistan — Visa va Mastercard;
— Octobank — Visa va Mastercard;
— Hamkorbank — Visa;
— Uzum Bank — Visa.

«Mahalliy to‘lov tizimlari (Uzcard va Humo) kartalarini Apple Pay xizmatiga ulash bo‘yicha tegishli ishlar davom ettirilmoqda va ularni xizmatga ulash imkoniyati tez orada taqdim etiladi», — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, to‘lovlarni amaga oshirishda karta ma’lumotlarining maxfiyligi va to‘lovlar xavfsizligi maxsus texnologik yechimlar orqali ta’minlanadi. Xizmatdan foydalanish imkoniyati banklar hamda to‘lov tizimlarining texnik tayyorgarligiga qarab bosqichma-bosqich kengaytirib boriladi.

Bundan tashqari, 27-oktabrdan e’tiboran Google Wallet va Apple Wallet ilovalariga O‘zbekiston banklari tomonidan chiqarilgan kartalarni qo‘shish imkoniyati paydo bo‘ldi. Hozirda Google Wallet tizimi 9 ta bank — AVO Bank, Octobank, Uzum Bank, TBC Bank, Aloqabank, Kapitalbank, Ipak Yo‘li banki, O‘zmilliybank hamda Orient Finans Bank tomonidan chiqarilgan Visa va Mastercard kartalarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Apple Pay xizmatining joriy etilishi mamlakat to‘lov infratuzilmasining xalkaro raqamli to‘lov texnologiyalari bilan integratsiyalashuvini kengaytiradi.

Теглар

Мавзуга оид