Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temiryo‘lini 2030 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda

Yangi temir yo‘l loyihasi Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini oshirib, yuk tashish muddatini qisqartiradi va iqtisodiy o‘sishni tezlashtiradi.

Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temiryo‘lini 2030 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning ma’lum qilishicha, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lining ishga tushirilishi taxminan 2030 yilga mo‘ljallanmoqda. Ushbu strategik magistral Markaziy Osiyoning transport xaritasida muhim burilish yasashi kutilmoqda.

Uning ta’kidlashicha, hozirgacha Qirg‘iziston geografik jihatdan «boshi berk» hudud hisoblanib kelgan bo‘lsa, yangi temiryo‘l ishga tushgach, mamlakat tranzit davlatga aylanadi. Bu esa butun mintaqa uchun iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.

Loyiha xalqaro savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga yordam beradi. Yuklarni yetkazib berish vaqti sezilarli qisqaradi, bu esa eksportchilar va logistika kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Shu bilan birga, yo‘l bo‘ylab savdo-logistika markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Temiryo‘l qurilishi

Temiryo‘l qurilishi 2024 yil 27-dekabrda boshlangan. 2025 yil dekabrida Bishkek shahrida loyihani moliyalashtirish bo‘yicha kredit bitimi imzolangan. Umumiy qiymati 4,7 milliard dollarga teng bo‘lgan ushbu tashabbus uch davlat ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Mablag‘ning qariyb yarmi — 2,3 milliard dollari Xitoy tomonidan 35 yillik kredit sifatida ajratilgan. Qolgan qismi esa qo‘shma kompaniya ustav kapitaliga kiritiladi. Unda Xitoy 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston esa 24,5 foizdan ulushga ega.

2030 yilda temiryo‘l orqali 8 million tonna yuk tashish kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2040 yilga borib 10 million, 2050 yilda esa 13,5 million tonnaga yetadi. Qirg‘iziston hukumati loyiha 30–40 yil ichida o‘zini to‘liq qoplashini ma’lum qilgan.

Теглар

Мавзуга оид