«Yetti emas, yetti ming marta o‘ylash kerak» — Jamoatchilik gerbni o‘zgartirish tashabbusi haqida
Senator Qudratilla Rafiqovning gerb haqidagi fikrlaridan so‘ng muhokamalar avj oldi. VAQT.UZ siyosatshunos, iqtisodchilar, jamoatchilik faollari va jurnalistlar munosabatlarini bir joyga jamladi.

Siyosatshunos va senator Qudratilla Rafiqovning davlat gerbidagi paxta va g‘alla tasvirlari haqidagi fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
U o‘zining «Millat shavkati» maqolasida amaldagi gerbdagi ushbu elementlar mustaqillikdan keyin ham sobiq tizim mafkuraviy ta’sirining davom etayotganini anglatishini ta’kidladi. Rafiqovning fikricha, paxta va g‘alla mamlakatning ijtimoiy-ma’naviy o‘zligini ifodalovchi asosiy timsollar bo‘lishi kerak emas.
«Biz o‘z asriy orzu-armonlarimiz, ulug‘ niyatlarimiz va bu jahondagi ruhoniy «o‘zligimiz»ni shu o‘simliklar siymosida ko‘rishimiz kerakmi? Albatta, bu mustaqillikdan keyin ham bir oyog‘imiz mafkuraviy jihatdan sobiq tizim xarobalari uzra qolib ketganini anglatadi», — deya yozadi Rafiqov.
Shuningdek, u bugungi O‘zbekiston taraqqiyotini uch bosqich — «sovet O‘zbekistoni», «postkommunistik O‘zbekiston» va «Yangi O‘zbekiston» orqali tavsiflagan.
«Aytilgan mulohazalar bizning tasavvurlarimizda bugun mamlakatimizning uch xil xarakterdagi ko‘rinishini aks ettirishi bilan nihoyatda ahamiyatli: «sovet O‘zbekistoni», «postkommunistik O‘zbekiston» va «Yangi O‘zbekiston»», — deya xulosa qiladi Qudratilla Rafiqov.
Senatorning ushbu fikrlari ortidan ijtimoiy tarmoqlar va ekspertlar doirasida qizg‘in bahslar boshlandi. Ayrimlar gerbni zamonaviy O‘zbekiston qiyofasiga moslashtirish kerakligini aytgan bo‘lsa, boshqalar amaldagi davlat ramzlari yillar davomida shakllangan milliy birlik va tarixiy xotiraning bir qismiga aylanganini ta’kidlamoqda.
Fikr yetakchilarining munosabatlari
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov senatorning fikrlarini qo‘llab-quvvatlab, «Men bunga to‘liq qo‘shilaman», deb yozdi.
«Gerb menga begonadek tuyuladi» — Obidjon Latipov
Jamoatchilik faoli Obidjon Latipov O‘zbekiston bayrog‘i va gerbiga nisbatan turlicha hissiyotlari borligini aytdi. Uning fikricha, bayroq millatni birlashtiruvchi va umumiy o‘zlikni ifoda etuvchi ramz bo‘lsa, gerbda bunday tuyg‘uni his qilmagan.
Latipov bunga sabab sifatida gerbdagi paxta timsolini ko‘rsatgan. U paxtani tarixan xalqning og‘ir mehnati va qaramlik davri bilan bog‘lab, uni ulug‘lash «kishan yoki qamchini sog‘inishga o‘xshaydi», degan fikrni bildirgan.
Shuningdek, u bayroqni ko‘rganida faxr hissini tuyishini, biroq gerb unda begonalik va kamsitilish hissini uyg‘otishini ta’kidlagan.
«Ramzlar allaqachon birlashtiruvchi omilga aylangan» — Otabek Bakirov
Iqtisodchi Otabek Bakirov gerb masalasida turli fikrlar bo‘lishi tabiiy ekanini ta’kidlab, shu bilan birga ayrim savollar ochiq qolayotganini qayd etdi. U, xususan, amaldagi gerb qabul qilingan paytdagi parlament muhokamalari va ovoz berish tafsilotlari ham jamoatchilik uchun qiziq bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Bakirovning fikricha, amaldagi gerb va bayroq yuzasidan savollar mavjud bo‘lsa-da, aynan shu davlat ramzlari ostida mamlakat muhim tarixiy jarayonlarni boshdan kechirgan. Uning ta’kidlashicha, yillar davomida ular jamiyatning turli qatlamlari va qarashlarini birlashtiruvchi ramzga aylanib ulgurgan.
Iqtisodchi gerbdagi ayrim elementlar, jumladan, Humo qushini o‘rab turgan paxta va g‘alla tasvirlari ma’nosi yuzasidan savollar bo‘lishi mumkinligini tan olgan. Biroq u davlat ramzlari yoqishi yoki yoqmasligidan qat’i nazar, ularni o‘zgartirish yoki almashtirish tarafdori emasligini bildirgan.
«Avval mohiyat o‘zgarishi kerak» — Komil Jalilov
Ta’lim eksperti Komil Jalilov amaldagi davlat gerbi unga ham yoqmasligini bildirib, uning asosida sobiq O‘zSSR davridagi ramzlar ta’siri saqlanib qolganini qayd etdi. Uning fikricha, mustaqillikning ilk yillarida ayrim kommunistik unsurlar o‘zgartirilgan bo‘lsa-da, davlat ramzlari poydevorida avvalgi tizim izlari sezilib turibdi.
Shu bilan birga, Jalilov hozirgi sharoitda davlat ramzlarini o‘zgartirish tarafdori emasligini aytdi. U bunday tashabbus iqtisodiy jihatdan qo‘shimcha yuk bo‘lishi mumkinligini, ayniqsa tashqi qarzlar oshib borayotgan va pedagog hamda shifokorlar past maosh bilan ishlayotgan bir paytda bu masala ustuvor bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi.
Shuningdek, ekspertning fikricha, avval tizim va mazmun o‘zgarishi, keyin esa tashqi atributlar yangilanishi kerak. U buni «Moskvich»ni «Mercedes» rangiga bo‘yash bilan uning mohiyati o‘zgarmasligi haqidagi qiyos bilan izohlagan.
«Gerbni o‘zgartirish milliardlab xarajatlarni keltirishi mumkin» — Zafarbek Solijonov
Bloger Zafarbek Solijonov gerbni o‘zgartirish tashabbusiga qarshi ekanini bildirib, masalaning iqtisodiy tomoniga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, davlat ramzlaridagi har qanday o‘zgarish nafaqat ramziy, balki katta moliyaviy va tashkiliy jarayonlarni ham talab qiladi.
Solijonovning ta’kidlashicha, gerb yangilansa davlat binolari, chegara postlari, harbiy texnikalar, xizmat avtomobillari, pasport va ID-kartalar, muhrlar, blankalar, davlat reyestrlari hamda raqamli tizimlarni ham yangilash zarur bo‘ladi.
«Birgina gerb o‘zgarishi bilan bino peshtoqlari, pasportlar, xizmat mashinalari, muhrlar va davlat tizimlarining katta qismi yangilanadi. Shu turishda o‘rtacha 80–100 million dollar atrofidagi xarajat ko‘rinmayaptimi sizlarga?» — deya yozadi u.
Blogerning fikricha, ayni paytda bunday o‘zgarishlarning amaliy va iqtisodiy oqibatlari ham alohida hisob-kitob qilinishi kerak.
«Muhokama avval xarajatlardan boshlanishi kerak» — Barnogul Sanoqulova
Gerbni o‘zgartirish tashabbusining iqtisodiy oqibatlari haqida fikr bildirganlar orasida iqtisodchi Barnogul Sanoqulova ham mavzuning moliyaviy tomoniga e’tibor qaratdi. U muhokamalarda eng muhim savol — bu tashabbus soliq to‘lovchilarga qanchaga tushishi masalasi ekanini ta’kidladi.
«Gerbning o‘zgarishi soliq to‘lovchilarga qanchaga tushishi haqidagi aniq hisob-kitob ma’lumotlaridan boshqa deyarli hamma ma’lumot mediada aylantirilibdi. Menga aynan shu ma’lumot qiziq, ayniqsa hozirgi iqtisodiy holatimizni hisobga olsak», — deydi Sanoqulova.
«Masala dizayndan ko‘ra kengroq» — Otabek Akromov
Gerb atrofidagi muhokamalarga siyosiy va nazariy nuqtai nazardan yondashgan Otabek Akromov davlat ramzlari oddiy tasvir yoki bezak elementi emasligini ta’kidladi. Uning fikricha, davlat ramzlari mamlakatning tarixiy xotirasi, siyosiy legitimligi va jamiyatning o‘zini qanday tasavvur qilishini ifodalovchi muhim vositalardan biri hisoblanadi.
«Davlat ramzlari — bu shunchaki vizual atribut emas, balki siyosiy ma’no va kollektiv o‘zlik ramzlaridir», — deydi Akromov.
Uning ta’kidlashicha, gerb atrofidagi bugungi bahslarni faqat dizayn yoki ayrim tasvirlarni almashtirish masalasi sifatida ko‘rish yetarli emas. Chunki bu munozaralar aslida davlat qaysi tarixiy va mafkuraviy asoslar ustida shakllanishi kerakligi haqidagi kengroq savollarni ham o‘z ichiga oladi.
Akromovning fikricha, siyosatshunoslikda davlat ramzlari «simvolik siyosat»ning muhim elementi hisoblanadi. Davlatlar fuqarolarda umumiy mansublik hissini nafaqat iqtisodiy yoki siyosiy institutlar orqali, balki ramzlar orqali ham shakllantiradi. Ayniqsa, postsovet mamlakatlarida bu masala yanada sezgir hisoblanadi, chunki ko‘plab ramzlar sobiq tizim merosi bilan bog‘liq.
«Gerb atrofidagi bahslar dizayn haqida emas, balki davlatchilikning qaysi tarixiy va mafkuraviy asoslarga tayanishi haqidagi bahs hisoblanadi», — deya ta’kidlaydi u.
Shuningdek, doktorantning fikricha, gerbni o‘zgartirish tarafdorlari bu jarayonni yangi milliy o‘zlikni shakllantirish yoki dekolonizatsiya jarayonining bir qismi sifatida ko‘rishi mumkin. Qarshi taraf esa mavjud ramzlarni mustaqillikning dastlabki davri va davlat barqarorligining muhim qismi sifatida qabul qiladi.
Akromov davlat ramzlarining legitimligi faqat tarixiy kelib chiqishi yoki dizayniga emas, balki jamiyat tomonidan qanchalik qabul qilinishiga ham bog‘liqligini qayd etadi. Uning fikricha, kuchli ramzlar vaqt o‘tishi bilan shakllanadi va kollektiv xotiraning bir qismiga aylanadi.
«Yetti emas, yetti ming marta o‘ylanishi kerak» — Mirzo Zominiy
Jamoatchilik faoli Mirzo Zominiy davlat gerbini yangilash masalasi kun tartibiga chiqib borayotganini ta’kidlab, amaldagi gerbdagi ayrim elementlar bugungi O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini to‘liq ifodalamasligi mumkinligini aytdi.
Uning fikricha, mamlakat endi faqat agrar davlat emas, balki tashqi siyosati va mintaqadagi o‘rni ham sezilarli darajada o‘zgargan.
«Amaldagi gerbimizdagi paxta va g‘alla elementlari bizni hamon sovet o‘tmishining iqtisodiy qolipiga bog‘lab turibdi», — deydi Zominiy.
Shu bilan birga, u gerbni yangilash masalasida uchta muhim jihatni alohida ko‘rsatdi.
Birinchidan, uning fikricha, davlat ramzlarini shakllantirishda sun’iy intellekt yaratadigan yuzaki shablonlardan qochish kerak. Buning o‘rniga tarixchilar, grafik dizaynerlar, rassomlar va tahlil markazlari ishtirokida chuqur tahlillar olib borilishi lozim.
Ikkinchidan, agar bunday jarayon boshlansa, u oxirigacha yetkazilishi kerak. U bunga misol sifatida so‘m ramzi, Toshkent shahri va Jizzax viloyati logotiplari kabi ayrim tashabbuslarning amaliy yakuniy yechimsiz qolganini keltirdi.
Uchinchidan, yangilanish bo‘lsa, uning kommunikatsiyasi ham to‘g‘ri qurilishi kerak. Jamiyat va xalqaro hamjamiyatga bu o‘zgarish eski ramzlardan voz kechish emas, balki davlat manfaatlari va salohiyatining yangi bosqichga o‘tishi sifatida tushuntirilishi zarurligini ta’kidladi.
Yakunda u bunday tarixiy qadamlar shoshma-shosharlik bilan emas, balki har tomonlama chuqur o‘ylab qabul qilinishi kerakligini aytgan.
«Bu mavzu shunchaki gapirilib, keyin esdan chiqib ketadigan masala emas» — Ilyos Safarov
Jurnalist Ilyos Safarov gerb atrofidagi muhokamalarga siyosiy nuqtai nazardan yondashib, bu masala tasodifan kun tartibiga chiqmagan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Uning fikricha, bunday mavzular odatda shunchaki aytilib, keyin unutilib ketadigan tashabbuslar qatoriga kirmaydi.
«Men bilgan Qudratilla Rafiqov o‘ta ehtiyotkor, har bir qadamini yetti o‘lchab keyin tashlaydigan inson. Shu ma’noda, дaвлaт gerbini o‘zgartirishdek jiddiy mavzu shunchaki gapirilib, keyin esdan chiqib ketadigan masala emas», — deydi u.
Jurnalistning yozishicha, agar bunday mavzu ommaviy muhokamaga olib chiqilayotgan bo‘lsa, bu yuqori darajalarda allaqachon muhokama qilingan yoki hech bo‘lmaganda dastlabki tayyorgarlik bosqichidan o‘tayotgan bo‘lishi mumkin. U hatto tashabbus yaqin oylar ichida amaliy bosqichga o‘tishi ehtimolini ham istisno qilmaydi.
Biroq Safarov bu yerda boshqa muhim savollar ham paydo bo‘lishini ta’kidlaydi. Uning fikricha, agar davlat ramzlarini yangilash bo‘yicha haqiqatan ham reja bo‘lganida, nega bu masala yaqinda o‘tkazilgan Konstitutsiyaviy islohotlar paketi bilan birga ko‘rib chiqilmagan?
«Bu nafaqat vaqtni, balki davlat budjeti mablag‘larini ham sezilarli darajada tejagan bo‘lardi-ku», — deydi u.
Safarovning qayd etishicha, gerbning o‘zgarishi faqat bitta tasvirning almashishi emas. Bu hujjatlar blankalari, muhrlar, valuta, davlat idoralari ramzlari va boshqa minglab yo‘nalishlarni yangilashni talab qiladigan katta jarayonga aylanishi mumkin.
Shuningdek, jurnalist bu tashabbus ortida boshqa siyosiy va taktik hisob-kitoblar bo‘lishi ehtimolini ham ilgari surdi. Uning fikricha, bunday mavzu ba’zan jamoatchilik e’tiborini boshqa siyosiy jarayonlardan chalg‘itish yoki kelajakdagi o‘zgarishlarga tayyorgarlik vazifasini ham bajarishi mumkin.
«Gerb masalasi shunchaki estetik yangilanish emas, balki kutilayotgan yirik siyosiy o‘zgarishlarning ilk ramziy signali va jamoatchilik ongini tayyorlash bosqichi bo‘lishi ham mumkin», — deya xulosa qiladi Ilyos Safarov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq VAQT.UZ dunyoning turli davlatlarida gerbni almashtirish amaliyoti qanday amalga oshirilgani haqidagi ma’lumotlarni bir joyga to‘plagan edi.
Теглар






