Yevropa davlati AQSHdan 10 milliard dollarlik oltinini olib chiqib ketdi
Niderlandiya global geosiyosiy keskinliklar kuchaygan bir paytda AQSH va Kanadada saqlanayotgan milliardlab dollarlik oltin zaxiralarini Buyuk Britaniyaga ko‘chirdi. Mamlakatning ichki va tashqi zaxiralaridagi oltinning umumiy qiymati 83,7 milliard dollarni tashkil etadi.
© Sputnik2 sentabr kuni Niderlandiya Markaziy banki (DNB) «og‘ir inqirozlarga tayyorgarlikni kuchaytirish» maqsadida ushbu qadamga qo‘l urganini ma’lum qildi.
Garchi bank aynan qanday inqirozlar nazarda tutilayotganiga oydinlik kiritmagan bo‘lsa-da, bugungi kunda AQSH va Kanada o‘rtasida keskin savdo urushi ketmoqda. Bundan tashqari, Vashington Eronda harbiy harakatlar olib bormoqda, so‘nggi oylarda esa Venesuela va Kuba atrofida turli operatsiyalarni amalga oshirdi.
Bunga qo‘shimcha ravishda, joriy yilning fevral oyida AQSHning Eronga qarshi urushi boshlanganidan buyon Yevropa va Amerika o‘rtasidagi munosabatlar ham taranglashdi. Sababi, Donald Tramp yevropalik ittifoqchilarining bu urushga qo‘shilishni istamayotganidan ochiqchasiga norozi bo‘lmoqda.
«Zaxiralarni ko‘chirish orqali oltinimizning muomala va ayirboshlash imkoniyatlarini kengaytirdik. Ulardan hech qachon foydalanishga to‘g‘ri kelmaydi, deb umid qilamiz. Biroq har qanday vaziyatda ham barqarorligimiz va shayligimizni mustahkamlab qo‘yishimiz shart», — deya bayonot berdi DNB rahbari Olaf Sleypen.
Xo‘sh, Niderlandiya qancha oltin zaxirasiga ega va bu AQSH uchun nimani anglatadi?
Mamlakat taxminan 72,2 milliard yevro (83,8 milliard dollar) qiymatidagi 612,4 tonna oltin zaxirasiga ega. Bu boylik odatiy moliyaviy tizimlar izdan chiqishi xavfi tug‘ilgan inqiroz davrlarida davlat uchun muhim xavfsizlik kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Xatarlarni taqsimlashga qaratilgan standart strategiyalarga muvofiq, davlatlar maksimal xavfsizlikni ta’minlash maqsadida o‘z oltin zaxiralarini turli hududlarda saqlashga harakat qiladi. Niderlandiya Markaziy banki ham o‘z zaxiralarini bir necha joyga: Zeyst shahridagi Naqd pul markaziga, shuningdek, Buyuk Britaniya, AQSH va Kanada markaziy banklariga taqsimlagan.
Shu vaqtga qadar mamlakat oltin zaxiralarining 30,8 foizi Zeystda, 18,1 foizi Londonda, 31,3 foizi Nyu-Yorkda va 19,7 foizi Ottavada saqlab kelinayotgan edi.
Oltinning bir qismi Shimoliy Amerikadan Buyuk Britaniyaga ko‘chirilgach, taqsimot quyidagicha o‘zgardi: Zeyst – 30,8 foiz, London – 32,1 foiz, Nyu-York – 18,5 foiz va Ottava – 18,5 foiz.
Oltin qanday ko‘chirildi?
Ko‘chirilgan oltinning qiymati 2025 yil yakunlariga ko‘ra taxminan 10,11 milliard yevroga (11,73 milliard dollar) baholangan edi. Chorshanba kuni Niderlandiya vaqti bilan soat 15:00 (Grinvich bo‘yicha 13:00) holatiga bu ko‘rsatkich 10,34 milliard yevroni tashkil qildi.
Jarayon ikki usulda amalga oshirildi: oltinni bir joyda sotib, boshqa joydan xarid qilish hamda oltin quymalarini bir nuqtadan ikkinchisiga bevosita tashish orqali.
DNB ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘chirish jarayoni dastlab bankning Nyu-Yorkdagi qariyb 59 tonna (taxminan 8,3 milliard dollarlik) oltinini sotishi va so‘ngra Londondan shuncha miqdorda oltin xarid qilishi bilan boshlangan.
«Shuningdek, 27 tonnadan ortiq (taxminan 3,84 milliard dollarlik) oltin AQSH va Kanadadan Zeyst shahriga bevosita olib kelindi. Xalqaro bozor standartlariga to‘la javob beradigan aynan shuncha miqdordagi oltin esa Zeystdan Londonga o‘tkazildi. Buning natijasida oltin quymalarini qayta eritishga hojat qolmadi», — deyiladi bank xabarida.
Umuman olganda, 2025 yil dekabr oyidagi baholashlarga ko‘ra, Nyu-Yorkdan qariyb 10,7 milliard dollarlik, Ottavadan esa 1 milliard dollardan sal ko‘proq miqdordagi oltin ko‘chirilgan.
«So‘nggi amaliyotlardan keyin Niderlandiya oltin zaxiralarining geografik taqsimoti yanada muvozanatlashdi. Endi AQSH va Kanadaning har birida zaxiramizning 18,5 foizdan ulushi saqlanmoqda», — deya qo‘shimcha qiladi DNB.
Niderlandiya nima uchun oltinni aynan shu usulda ko‘chirdi?
DNB qayd etishicha, oltinni ko‘chirish va bu jarayonni aynan ikki usulda amalga oshirish qarori bankning xavf-xatarlarni taqsimlash strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
«Oldi-sotdi jarayonlarini bevosita tashish usuli bilan uyg‘unlashtirish DNBga oltin ko‘chirishdek murakkab operatsiya bilan bog‘liq xatarlarni taqsimlash, shu bilan birga, samaradorlikka erishib, mablag‘larni tejash imkonini berdi.
Qolaversa, har ikki yondashuv orqali orttirilgan tajriba kelgusida kutilishi mumkin bo‘lgan inqirozlar davrida juda asqotadi. Mabodo vaziyat taqozosi bilan yana oltin ko‘chirishga to‘g‘ri kelsa va usullardan birini qo‘llash imkonsiz bo‘lib qolsa, bank ikkinchisidan bemalol foydalana oladi. Bu esa, o‘z navbatida, DNBning inqirozlarga shaylik darajasini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlariga to‘la mos keladi», — deya izoh berildi Bank bayonotida.
Niderlandiya nega oltinlarini AQSHdan olib chiqib ketmoqda?
Seshanba kungi matbuot bayonotida Niderlandiya Markaziy banki (DNB) oltinning «erkin va oson ayirboshlanishini» ta’minlash maqsadida bu qadamga qo‘l urganini hamda Londonni saqlash uchun eng xavfsiz joy deb hisoblashini bildirdi.
«Oltin zaxiralarining asosiy qismini Londonda saqlash uning ishonchli tayanch sifatidagi vazifasini yanada kuchaytiradi. Oltin eng muhim zaxira aktivi sanalab, o‘ta og‘ir tizimli inqirozlardan himoyalanishda eng maqbul vositadir», — deyiladi bank xabarida.
«Bunday murakkab vaziyatlarda Nyu-York va Ottavada saqlanayotgan oltin zaxiralaridan tezkor va to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanishning imkoni bo‘lmaydi», — deya ta’kidlaydi bank.
Biroq DNB aynan qanday «tizimli xatarlardan» himoyalanayotganiga ochiq oydinlik kiritmagan.
Shunisi e’tiborga loyiqki, Niderlandiya Kanadaga qaraganda AQSHdan ancha ko‘proq miqdorda oltin olib chiqib ketdi. Tahlilchilarning taxminicha, transatlantik munosabatlardagi beqarorlikdan xavotirlanish uchun qator asosli sabablar mavjud.
Global masalalar bo‘yicha Yaqin Sharq kengashining katta ilmiy xodimi Frederik Shnayderning fikricha, Niderlandiyaning bu harakati boshqa davlatlarniki bilan bir xil maqsadga qaratilgan. «Germaniya, Fransiya va Italiya kabi mamlakatlar ham 10 yildan ortiq vaqt mobaynida o‘z oltinlarini qaytarish harakatida yoki buni qizg‘in muhokama qilmoqda. Asosiy maqsad — o‘z oltin zaxiralari ustidan jismoniy nazoratni tiklashdir», — deydi u.
Shnayderning qo‘shimcha qilishicha, Donald Tramp ikkinchi bor AQSH prezidenti etib saylangach, bu jarayon yanada jadallashdi. «Trampning hatto o‘z ittifoqchilariga nisbatan ham borgan sari tajovuzkor va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan xatti-harakatlari, shuningdek, AQSHning dollar, xalqaro savdo aloqalari va xalqaro to‘lov tizimlaridan bosim quroli sifatida keng foydalanayotgani ko‘plab davlatlarni qattiq xavotirga solib qo‘ydi», — deydi tahlilchi.
Bunga quyidagi aniq omillar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin:
Savdo urushlari
Birinchidan, Kanada va AQSH 2025 yildan buyon keskin savdo urushi girdobida qolmoqda. Tramp ma’muriyati o‘tgan yili Ottavaga qarshi po‘lat, alyumin va avtomobilsozlik kabi asosiy tarmoqlar bo‘yicha bojlar joriy qilgan edi. Joriy yilning avgust oyida esa ikki davlat o‘rtasidagi savdo muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgach, Vashington Kanadaning 20 milliard dollarlik mahsulotlariga qo‘shimcha 50 foizlik boj kiritdi.
Bunga javoban Ottava ham qarshi choralarni e’lon qilib, AQSHning umumiy qiymati 20 milliard dollar bo‘lgan 700 dan ortiq mahsulotiga boj belgiladi. Bu cheklovlar 15, 25 va 50 foizlik tabaqalashtirilgan stavkalardan iborat bo‘lib, 8-sentabrdan kuchga kirishi rejalashtirilgan.
Harbiy to‘qnashuvlar
Ikkinchidan, Donald Trampning Oq uydagi ikkinchi muddati davomida boshlangan turli savdo urushlaridan tashqari, AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi hamon davom etmoqda. Hozircha bu mojaroning na diplomatik, na harbiy yechimi ko‘rinyapti. Shuningdek, Vashington Kuba atrofida ham harbiy amaliyotlarni kuchaytirdi.
Bundan tashqari, joriy yilning yanvar oyida AQSH kuchlari tezkor harbiy amaliyot o‘tkazib, Venesuelaning o‘sha paytdagi prezidenti Nikolas Maduroni o‘g‘irlab ketdi va giyohvand moddalar hamda qurol savdosida ayblab, sud qilish uchun AQSHga olib ketdi. O‘shandan beri AQSH Venesuela neft sanoatining katta qismi ustidan nazorat o‘rnatishga qaratilgan qator bitimlarni imzolashga ulgurdi.
Munosabatlarning sovuqlashishi
Uchinchidan, Yevropa davlatlari va Tramp ma’muriyati o‘rtasidagi diplomatik aloqalar yanada taranglashgan. Bunga, bir tomondan, AQSH olib borayotgan savdo urushlari sabab bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Yevropa mamlakatlarining Eronga qarshi urushga qo‘shilishdan bosh tortgani ortidan Trampning g‘azab отиga mingani turtki bo‘ldi.
O‘tgan yili Tramp Grenlandiyani sotib olish niyatini yana bir bor ta’kidlab, bunga qarshi chiqqan Yevropa davlatlarini yangi savdo bojlari bilan tahdid qilganida, tomonlar o‘rtasidagi ziddiyat yanada kuchaydi.
Joriy yilning aprel oyida Tramp Yevropa mamlakatlarini keskin tanqid ostiga oldi. Urush oqibatida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilib, Fors ko‘rfazida neft va gaz taqchilligi hamda jahon energetika bozorlarida tartibsizlik yuzaga kelgan bir paytda, u yevropaliklarga qarata «o‘z neftingizni o‘zingiz toping», deya murojaat qildi. Tramp ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida: «Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat sababli aviatsiya yoqilg‘isisiz qolgan barcha mamlakatlar, xususan, Eron rahbariyatini ag‘darish amaliyotida ishtirok etishdan bosh tortgan Buyuk Britaniya kabi davlatlar, buning o‘rniga AQSH neftini sotib olishi kerak», deb yozdi.
Uning bu bayonotlari Yevropaning qator davlatlari AQSH va Isroilning harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgani haqidagi xabarlar ortidan yangradi. Xususan, Fransiya o‘z havo hududi orqali Isroil samolyotlarida qurol tashishni taqiqlagan bo‘lsa, Italiya AQSH bombardimonchi samolyotlarining Sitsiliyaga qo‘nishiga ruxsat bermadi. Ispaniya ham Eronga qarshi urush uchun AQSHga o‘z harbiy bazalari va havo makonidan foydalanishni taqiqladi. Buyuk Britaniya esa garchi o‘z bazalarini taqdim etgan bo‘lsa-da, o‘sha paytdagi bosh vazir Kir Starmer parlamentda Britaniya bu urushga qo‘shilmasligini qat’iy bildirdi. Tramp bunga javoban Britaniya va AQSH o‘rtasidagi «munosabatlar endi avvalgidek emasligi kundek ravshan», deya keskin munosabat bildirdi.
Aktivlarni muzlatish bo‘yicha xavfli pretsedent
To‘rtinchidan, 2022 yilning fevral oyida Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirganidan sanoqli kunlar o‘tib, Yevropa Ittifoqi ilk bor Rossiya Markaziy bankining qariyb 300 milliard dollarlik suveren aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Ko‘pchilik tahlilchilar buni xalqaro moliya tizimidagi o‘ziga xos yangi pretsedent sifatida baholadi.
To‘g‘ri, markaziy banklar xorijiy davlatlarning o‘zlarida saqlanayotgan aktivlarini muzlatish vakolatiga avval ham ega bo‘lgan. Biroq bunday chora juda kamdan-kam hollarda va hech qachon bunday ulkan miqyosda qo‘llanilmagan edi. Muzlatilgan mablag‘lar Rossiyaning jami 640 milliard dollarlik zaxiralarining qariyb teng yarmini tashkil qilardi. «Katta yigirmatalik» (G20) a’zosi bo‘lgan yirik iqtisodiyotni nishonga olish orqali Yevropa Ittifoqi xalqaro moliyaviy qoidalarga ko‘ra yirik yadroviy va iqtisodiy davlat zaxiralari daxlsiz hisoblanishi haqidagi ko‘p yillik an’anani buzib yubordi.
2024 yilga kelib Yevropa Ittifoqi bu borada yana bir muhim qadam tashladi: YI va G7 davlatlari muzlatilgan aktivlardan kelayotgan foydani Ukrainaga 50 milliard dollarlik qarz paketi sifatida yo‘naltirish mexanizmini ma’qulladi. Shundan so‘ng, 2025 yilning dekabr oyida Ittifoq Rossiya suveren aktivlarini muddatsiz muzlatishga kelishib oldi. Natijada bu cheklovni uzaytirish uchun har olti oyda ovoz berish majburiyati bekor qilindi.
Bunday harakatlar oqibatida dunyo davlatlari tashqi siyosatini va xatti-harakatlarini oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan mamlakatlarning markaziy banklarida o‘z zaxiralarini saqlashni o‘ta xavfli deb baholay boshlashi tabiiydir.
Boshqa davlatlar ham AQSHdan o‘z oltinlarini olib chiqib ketganmi?
Joriy yilda o‘z oltin zaxiralarini AQSHdan qaytarib olgan yagona davlat Niderlandiya emas.
Yanvar oyida Fransiya banki (Banque de France) 2025 yilning iyulidan buyon Nyu-York Federal zaxira bankida saqlab kelinayotgan qariyb 17 milliard dollarlik 129 tonna oltinni mamlakatga qaytardi. Fransiya tomoni buni texnik yangilanish va yanada yaxshiroq foyda olish zarurati bilan izohladi. Bu amaliyot Nyu-Yorkda oltin sotish va Parijda uning o‘rniga oltin quymalarini xarid qilish orqali amalga oshirildi.
Shuningdek, Germaniya ham 2013 va 2017 yillar oralig‘ida milliy zaxiralari xavfsizligini ta’minlash maqsadida Nyu-Yorkdan Frankfurtga 600 tonnadan ortiq (qiymati qariyb 77,5 milliard dollarga teng) oltinini ko‘chirib o‘tkazgan edi.





