Logo

Yevropa «urush iqtisodiyoti»ga o‘tishi kerak — tahlilchi

Vashingtonning Ukrainaga yordami so‘roq ostida qolayotgan va Donald Trampning siyosiy qarorlari noaniqlik tug‘dirayotgan bir paytda, Yevropa o‘z taqdirini o‘z qo‘liga olishga majbur.

Yevropa «urush iqtisodiyoti»ga o‘tishi kerak — tahlilchi © ausnews.de

Yevropa Rossiya bilan davom etayotgan urush sharoitida o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun moliyaviy va sanoat salohiyatini safarbar qilishi kerak. «Al Jazeera» nashrida tahlilda «Foreign Policy Research Institute» xodimi Maksimilian Xess shunday fikrni ilgari surgan.

Muallifning ta’kidlashicha, Yevropa mamlakatlari Ukraina mudofaasini qo‘llab-quvvatlash, Rossiyaga nisbatan iqtisodiy bosimni saqlab turish va o‘z mudofaa sanoatini rivojlantirish uchun yetarli moliyaviy mexanizmlarni yaratishi lozim. Uning fikricha, AQSHning xavfsizlik sohasidagi kafolatlari va Ukrainaga kelgusi yordamiga to‘liq tayanib qolish Yevropa uchun borgan sari xatarli bo‘lib bormoqda.

Xess bu maqsadga erishish uchun Yevropa Ittifoqi doirasida umumiy qarz olish tizimini yo‘lga qo‘yish, muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va Yevropa mudofaa sanoatiga sarmoya kiritishni taklif qilgan.

Yevropa mudofaasiga qancha mablag‘ sarflanmoqda?

Yevropa davlatlari mudofaa xarajatlarini izchil oshirmoqda. Yevropa mudofaa agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining 27 ta a’zo davlati 2025 yilda mudofaaga jami 418 milliard yevro sarflagan. Bu 2024 yilga nisbatan 20 foizga ko‘p. Mudofaa xarajatlarining YAIMdagi ulushi 2024 yildagi 1,9 foizdan 2025 yilda 2,2 foizga ko‘tarilgan.

Agentlikning 2026 yil uchun prognoziga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi davlatlarining mudofaa xarajatlari 454 milliard yevroga yetishi, YAIMdagi ulushi esa 2,4 foizni tashkil qilishi kutilmoqda. Mudofaa tadqiqotlari va ishlanmalariga sarflanadigan mablag‘lar ham ortib bormoqda: 2025 yilda ular 17 milliard yevro bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yil uchun 20 milliard yevro prognoz qilingan.

Shunday qilib, Yevropa mudofaa xarajatlarini ko‘paytirishni allaqachon boshlab bo‘lgan. Biroq Xessning asosiy tezisi faqatgina ko‘proq mablag‘ sarflash haqida emas. Uning fikricha, Yevropa mamlakatlari bu mablag‘larni safarbar qilish uchun umumiy moliyaviy mexanizmlar yaratishi va mudofaa sanoatini uzoq muddatli moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishi kerak.

Ukraina uchun 90 milliard yevrolik qarz qanday moliyalashtirilmoqda?

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordamni davom ettirish uchun umumiy qarz olish mexanizmini amalda qo‘llamoqda.

2026 yil 23-aprel kuni Yevropa Ittifoqi Kengashi Ukrainaga 2026–2027 yillarda 90 milliard yevro miqdorida qarz berish uchun zarur qonunchilik choralarini tasdiqladi. Mablag‘lar Yevropa Ittifoqining kapital bozorlaridan qarz olish orqali jalb qilinadi va YI budjeti imkoniyatlari bilan kafolatlanadi.

Qarzning dastlabki taqsimoti quyidagicha belgilangan:

  • 30 milliard yevro — Ukraina budjetini qo‘llab-quvvatlash va davlat xizmatlarining ishlashini ta’minlash uchun;

  • 60 milliard yevro — mudofaa sanoatini rivojlantirish, harbiy mahsulotlar xaridi va Ukraina mudofaa salohiyatini kuchaytirish uchun.

Yevropa Ittifoqi Kengashi ma’lumotiga ko‘ra, qarz Rossiya tomonidan Ukrainaga to‘lanishi lozim bo‘lgan reparatsiyalar hisobiga qaytarilishi ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘larning amalda ajratilishi Ukraina tomonidan taqdim etiladigan moliyalashtirish strategiyasi va belgilangan shartlarga bevosita bog‘liq bo‘ladi.

 «Al Jazeera» tahlilida Xess ushbu holatni Yevropa umumiy qarz olish mexanizmini kengaytirish mumkinligining yorqin misoli sifatida ko‘rsatadi. Muallifning ta’kidlashicha, 2024 yildagi G7 kredit dasturida ham Yevropa Ittifoqiga 18,1 milliard yevro to‘g‘ri kelgan. Bu dastur Ukrainaga ajratilgan 50 milliard dollarlik umumiy qarz mexanizmining bir qismi bo‘lgan.

Biroq muallifning fikricha, bunday qarorlar faqatgina alohida inqirozlar paytida qabul qilinadigan choralar bo‘lib qolmasligi kerak. U Yevropa Ittifoqida Ukraina mudofaasi va Yevropa davlatlarining o‘z xavfsizligini moliyalashtirish uchun doimiy umumiy qarz olish mexanizmini yaratishni taklif qilmoqda.

Yevropa Ittifoqining mudofaa xarajatlari uchun yangi moliyaviy rejasi

Yevropa Ittifoqi 2025 yilda «Readiness 2030» dasturini ishga tushirgan edi. Uning maqsadi a’zo davlatlarning mudofaa salohiyatini mustahkamlash va zarur investitsiyalar uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirishdan iborat.

Yevropa komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, dastur doirasida 800 milliard yevrogacha qo‘shimcha mudofaa sarflarini safarbar qilish imkoniyati ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘ning katta qismi a’zo davlatlarning o‘z mudofaa budjetlarini oshirishi uchun yaratiladigan moliyaviy imkoniyatlardan shakllanishi kutilmoqda.

Dasturning muhim qismi bo‘lgan «SAFE» mexanizmi orqali a’zo davlatlarga mudofaa investitsiyalari uchun 150 milliard yevrogacha qarz ajratish rejalashtirilgan. Mablag‘lar raketa mudofaasi, dronlar, kiberxavfsizlik va boshqa muhim sohalarga sarmoya kiritish uchun yo‘naltirilishi mumkin.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar yetarlimi?

Xessning fikricha, Yevropa Rossiyaga qarshi iqtisodiy bosimni yanada kuchaytirishi va sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berayotgan kompaniyalarga nisbatan qat’iyroq chora ko‘rishi kerak.

2026 yil 12-oktabrda Yevropa Ittifoqi Rossiyaning harbiy-sanoat majmuasiga aloqador qariyb 1 600 ta shaxs va tashkilotga nisbatan yangi cheklovlar kiritdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatga 826 ta Rossiya kompaniyasi va ushbu kompaniyalarning 743 nafar rahbari kiritilgan. Yevropa Ittifoqi Kengashi buni 2022 yildan beri bir vaqtning o‘zida tasdiqlangan eng yirik sanksiyaviy ro‘yxatlardan biri deb atadi.

Biroq Xess sanksiyalangan shaxslar va kompaniyalar ro‘yxatini kengaytirishning o‘zi yetarli emas, deb hisoblaydi. Uning fikricha, Yevropa Ittifoqi Rossiya iqtisodiyotidagi cheklovlar ta’sirini kuchaytirishi, sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etayotgan kompaniyalarga Yevropa moliya tizimi va bozorlaridan foydalanish imkoniyati to‘liq cheklanishi mumkinligini aniq bildirishi kerak.

Muallif Yevropa Ittifoqining Rossiya energiyasidan voz kechish rejasida ham hali ochiq qolayotgan masalalar borligini ta’kidlaydi. Yevropa Ittifoqining rasmiy rejasiga ko‘ra, uzoq muddatli shartnomalar asosida Rossiya suyultirilgan tabiiy gazini import qilishni taqiqlash 2027 yil 1-yanvardan, quvur orqali keladigan gazni import qilishni taqiqlash esa 2027 yil 30-sentabrdan kuchga kirishi kerak. Agar qishki gaz zaxiralari bo‘yicha maqsadlar bajarilmasa, quvur gazi uchun muddat 2027 yil 1-noyabrgacha surilishi mumkin.

Xess bu muddatlarni Yevropaning Rossiya energiya manbalariga bo‘lgan qaramligini hali to‘liq bartaraf etmaganining yaqqol belgisi sifatida baholaydi.

Muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish masalasi

Xess Yevropa Ittifoqi mudofaa xarajatlari va Ukrainaga yordamni moliyalashtirishda Rossiyaning muzlatilgan davlat aktivlaridan foydalanish imkoniyatini ham kengaytirishi kerak, deb hisoblaydi.

Muallifning ta’kidlashicha, bu borada a’zo davlatlar o‘rtasida hamon kelishmovchiliklar mavjud. Xususan, Rossiyaning muzlatilgan aktivlarining katta qismi saqlanayotgan «Euroclear» depozitariysi joylashgan Belgiya ushbu aktivlardan foydalanish yuridik da’volarga va xalqaro moliyaviy tizimga nisbatan ishonchga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

Xess Yevropa davlatlari bu xavfni o‘zaro birgalikda taqsimlashi kerakligini taklif qilmoqda. Uning fikricha, agar Rossiya Yevropa aktivlarini musodara qilish yoki ulardan foydalanishga oid sud qarorlari orqali bosim o‘tkaza olsa, muzlatilgan Rossiya aktivlarini qaytarish masalasi ham shunchaki siyosiy savdolashuv vositasiga aylanib qolishi mumkin.

Yevropa AQSH texnologiyalariga bog‘liqlikni kamaytirishi kerak

Xessning yana bir tezisi shundan iboratki, Yevropa o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun zarur texnologiyalarni ishlab chiqarishda ham mustaqilroq bo‘lishi kerak.

Muallif «SpaceX»ning «Starlink» sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimini misol qilib ko‘rsatadi. Uning fikricha, AQSHdagi kapital bozorlarining keng imkoniyatlari «SpaceX» kabi kompaniyalarga uzoq muddat davomida ulkan investitsiyalar kiritish va keyinchalik harbiy ahamiyatga ega texnologiyalarni rivojlantirish imkonini bergan.

Ukrainada «Starlink» aloqa tarmog‘idan foydalanish harbiy kommunikatsiyalarni ta’minlashda o‘ta muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xess bu holatni Yevropa uchun texnologik mustaqillik masalasi bilan bog‘laydi. Uning fikricha, Yevropa mudofaa va aloqa sohasidagi texnologiyalarni rivojlantirish uchun o‘z kapital bozorlarini, xususiy investitsiyalar va davlat tomonidan moliyalashtirish mexanizmlarini yanada kuchaytirishi lozim.

Теглар

Мавзуга оид