Logo

YI Ukrainaga 45 mlrd yevro kredit ajratish bo‘yicha kelisha olmadi

Бугун 21:302 дақиқа

27 a’zo davlatidan 24 tasi pul ajratish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Masala dekabr oyida yana muhokama qilinadi.

YI Ukrainaga 45 mlrd yevro kredit ajratish bo‘yicha kelisha olmadi

Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga 2027-yilda 45 mlrd yevro miqdorida qo‘shimcha kredit ajratish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erisha olmadi. Bu haqda Yevropa Kengashi rasmiy sayti ma’lum qildi.

Koshtaning so‘zlariga ko‘ra, taklifni 27 ta a’zo davlatdan 24 tasi qo‘llab-quvvatlagan. Biroq Bolgariya kreditning faqat harbiy bo‘lmagan qismida ishtirok etadi. Mamlakat Ukrainadagi bolgarlar yashaydigan hududlarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratishini bildirgan.

Yevropa Kengashi raisi masala dekabr oyidagi sammitda yana ko‘rib chiqilishini aytgan.

TASS bergan xabarga ko‘ra, ushbu taklifga Vengriya, Chexiya va Slovakiya qarshi chiqqan.

Kredit qanday maqsadlarga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan?

45 mlrd yevro miqdoridagi qo‘shimcha moliyaviy yordam taklifini Yevropa komissiyasi 18-noyabr kuni ilgari surgan. Unga ko‘ra, mablag‘ning 25 mlrd yevrosi harbiy yordamga, 20 mlrd yevrosi esa Ukraina davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Taklifga muvofiq, mablag‘ xalqaro moliya bozorlaridan qarz olish orqali jalb qilinadi. Kredit Yevropa Ittifoqi budjeti kafolati bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.

Ukraina kreditni qachon qaytarishi kerak?

Taklifga ko‘ra, Ukraina kreditning asosiy qismini Rossiyadan urush yetkazgan zarar uchun reparatsiya olganidan keyingina qaytarishi kerak.

45 mlrd yevro miqdoridagi yordam Ukrainaga 2027-yildagi moliyaviy ehtiyojlarining taxminan uchdan ikki qismini qoplash uchun taklif qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya «do‘st bo‘lmagan» davlatlar, jumladan, Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarning ayrim mahsulotlari importi uchun bojni oshirmoqchi ekani ma’lum qilingandi.

Теглар

Мавзуга оид