Logo

Yonilg‘i narxi oshishi sabab aviakompaniyalar foydasi ikki barobar qisqarishi mumkin

Бугун 11:252 дақиқа

Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik va aviakerosin narxlarining o‘sishi jahon aviakompaniyalari moliyaviy natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘tgan yili aviakompaniyalar yonilg‘i uchun 252 milliard dollar sarflagan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 350 milliard dollarga yetishi mumkin.

Yonilg‘i narxi oshishi sabab aviakompaniyalar foydasi ikki barobar qisqarishi mumkin © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026 yilda jahon aviakompaniyalarining yonilg‘i uchun xarajatlari 350 milliard dollarga yetishi mumkin. Bu haqda Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) hisobotida ma’lum qilindi.

Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yili aviatashuvchilar yonilg‘i uchun 252 milliard dollar sarflagan. Bu yil esa mazkur ko‘rsatkich qariyb 40 foizga oshib, 350 milliard dollarga chiqishi kutilmoqda.

IATA prognozida ta’kidlanishicha, Yaqin Sharqdagi urush bilan bog‘liq uzilishlar va yonilg‘i narxlarining o‘sishi aviakompaniyalar uchun moliyaviy sharoitni sezilarli darajada yomonlashtirgan.

Foyda keskin kamayadi

Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, xarajatlarning o‘sishi aviakompaniyalar daromaddorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 2026 yil yakunida sohaning umumiy sof foydasi 23 milliard dollar atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Bu 2025 yilda qayd etilgan 41 milliard dollarlik natijadan qariyb ikki barobar past ko‘rsatkich hisoblanadi. Shuningdek, avvalroq prognoz qilingan 45 milliard dollarlik darajadan ham ancha kam.

IATA bosh direktori Uilli Uolshning ta’kidlashicha, aviatsiya yonilg‘isi narxi taxminan 70 foizga qimmatlashgani barcha aviakompaniyalarning moliyaviy natijalariga bosim o‘tkazmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim xarajatlar tariflarni o‘zgartirish va samaradorlikni oshirish orqali qoplanmoqda, ammo bu o‘tgan yilgi rentabellikni saqlab qolish uchun yetarli emas.

Yaqin Sharqda xavotir kuchaydi

Uolsh ayniqsa kichik va moliyaviy holati nisbatan zaif aviatashuvchilar og‘ir vaziyatga tushib qolayotganini qayd etdi.

Uning aytishicha, barcha mintaqalardagi aviakompaniyalar hozircha foyda bilan ishlayotgan bo‘lsa-da, moliyaviy natijalar yomonlashgan. Bundan faqat Yaqin Sharq muayyan darajada mustasno hisoblanadi.

Shu bilan birga, Fors ko‘rfazi davlatlari aviakompaniyalari urush boshlangan dastlabki davrda havo hududining deyarli to‘liq yopilishi ortidan katta operatsion noaniqliklarga duch kelgan. Ular aviaqatnovlarni saqlab qolishga harakat qilayotgan bo‘lsa-da, moliyaviy ta’sirdan qochib bo‘lmasligi ta’kidlanmoqda.

Мавзуга оид