“Yuz foiz to‘lov qilingan, lekin uy topshirilmadi” — uysiz yashnabodliklar

Бугун 16:413 дақиқа

Yangi xonadon uchun to‘lov qilgan bir guruh yashnabodliklar uylari bitmayotganidan norozi. Quruvchi va fuqarolar o‘rtasida investitsiyaviy shartnomalar tuzilgan. Unga ko‘ra, turarjoy majmuasi 2023 yil 1-dekabrga qadar foydalanishga topshirilishi belgilangan. Lekin shu kunga qadar xonadonlar qurib bitkazilmagan. Vaqt.uz muxbiri holatni borib o‘rgandi.



Poytaxtning Yashnobod tumani Aviasozlar ko‘chasida qurilayotgan turar joy majmuasidan ulush kiritish asosida xonadon sotib olgan yuzlab xaridor uylari bitmayotganidan norozi.

Ma’lum bo‘lishicha, qurilishni amalga oshirayotgan “RM Minora” MCHJ va fuqarolar o‘rtasida investitsiyaviy shartnomalar tuzilgan. Unga ko‘ra, turarjoy majmuasi 2023 yil 1-dekabrga qadar foydalanishga topshirilishi begilangan. Lekin shu kunga qadar xonadonlar foydalanishga topshirilmagan.

Fuqarolar tuzilgan shartnomaga muvofiq ulush kiritish asosida majmuaning qurilishi uchun to‘lovlarni amalga oshirib kelishgan. Kimdir shartnoma bo‘yicha belgilangan summanining asosiy qismini to‘lagan bo‘lsa, yana kimdir to‘lovni to‘liq amalga oshirib bo‘lgan.

2 xonali xonadon xarid qilgan Aleksey Zokirovga ko‘ra, shartnoma tuzgan paytda uyning monolit ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lgan.

“2023 yil 15-yanvarda xonadon uchun to‘liq summani — 379 million so‘mdan ortiq pul to‘ladim. Va xonadonimni o‘sha yili 1-dekabrda olishim kerak edi. Bugungi kunga qadar, ko‘rib turganingizdek, qurib bitkazilmagan. Biz sotib olayotganimizda jarayon ketayotgandi, monolit ishlari allaqachon qilingan edi. Bugungi kungacha davom etyapti, ha, tashqi qismini biroz yopishdi, lekin bu juda uzoqqa cho‘zilyapti. Biz pul to‘laganimizda, qurilish davom etadi va bir yil ichida hammasi qurib bitkaziladi, deyishgandi. Aslida esa deyarli butun yil to‘xtab turdi, hech narsa qilinmadi. Bugungi kungacha aniq javob ololmayapmiz: qachon tayyor bo‘ladi, qachon ko‘chib kiramiz, qachon kadastr olamiz... Javoblar yo‘q.

Bizga birorta ham rasmiy qog‘oz, qurilish kechikayotgani, nima uchun kechikayotgani haqida birorta ham xat berishmadi. Hech qanday aniq javoblarni ololmayapmiz. Qandaydir tushunarsiz fors-major holatlarga ishora qilishadi: ob-havo, har xil bahonalar.

Biz prokuraturaga ariza yozdik, keyin Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga. Lekin javoblar — sudga murojaat qiling, degan mazmunda. Boshqa javoblar yo‘q”, deydi Aleksey Zokirov.

Yana bir fuqaro ko‘pchilik to‘liq to‘lovni amalga oshirgani, yig‘ilgan pulga allaqachon uy bitgan bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi.

Feruza Xo‘jayeva 2023-yil aprelda 60 metr kvadratli 2 xonali xonadon uchun hozirgacha 40 ming dollar 100 foiz to‘lov qilgan. Unga quruvchi tomonidan yil oxirigacha uyni bitirib berilishi va’da qilingan. Lekin 2026 yilga kelib ham foydalanishga topshirmaganidan norozi. Hozir ijara narxlari qimmatligi sababli hali bitmagan uyga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, quruvchi tomonidan bir necha yildan beri quruq va’dalar berib kelinadi.

Bitmagan uyga ko‘chib o‘tgan Fazilat Jumaniyozovaga ko‘ra, oilaviy xarajatlar ko‘pligi tufayli yomon sharoitda yashashga majbur bo‘lmoqda. Yana bir fuqaroga ko‘ra, ikki o‘rtada shartnoma bor. Yuridik hujjatda taraflarning majburiyatlari bo‘lib, uning majburiyati — quruvchiga pul berish, quruvchining majburiyati — qurilishni tugatish. Ushbu fuqaro o‘z majburiyatini bajargani, nega quruvchi bajarmayotganiga e’tirozini bildirdi.

Aniqlanishicha, quruvchi firma Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan xonadonlar fuqarolarga topshirilishi kerakligi bo‘yicha  ogohlantirilgan. Bunga javoban MCHJ, hozir qurilish ishlari amalga oshirilayotgani va tez fursatlarda qurilish ishlari yakunlanib, xonadonlar fuqarolarga topshirilishini bildirgan.

Qurilish firma vakili biz bilan suhbatda moliyaviy tomonlar o‘rganib chiqilayotgani, qurilish ishlari to‘xtab qolmagani va davom etayotganini ma’lum qildi. Savollarimizga tegishli xodim tomonidan tez orada javob berilishini qo‘shimcha qildi.

Vaqt.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

 

Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist

Operator va montajchi: Mirvohid Mirrahimov

 

 

Теглар

Бахтиёр Тўхтаев

Бахтиёр ТўхтаевМақолалар сони: 12

Барчаси

Мавзуга оид