
Andijonda 385 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan novvoyxona aniqlandi
Andijon viloyatida novvoyxona tabiiy gazni noqonuniy tarzda ishlatib kelayotgani aniqlandi.

Andijon viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida katta miqdordagi gaz o‘g‘riligi fosh etildi. Bu haqda «Hududgazta’minot» AJ xabar berdi.
Qayd etilishicha, Oltinko‘l tumanidagi «Ayronchi» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaroga tegishli xonadon tekshiruvdan o‘tkazilganda, uning hovlisida joylashgan novvoyxona tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangani ma’lum bo‘ldi.
Novvoyxonada hisoblash uskunasisiz va loyiha-texnik hujjatlarsiz umumiy gaz tarmog‘iga rezina shlang orqali ulanish holati aniqlangan. Gaz «zangori yoqilg‘i» sifatida tijorat maqsadida — non va oziq-ovqat mahsulotlarini pishirishda ishlatilgan.
Tekshiruv natijasida tabiiy gazni noqonuniy ishlatish orqali davlatga yetkazilgan zarar 385 million 441 ming so‘m etib hisoblandi. Holat yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirildi va materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning oktabr oyida O‘zbekiston bo‘ylab energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish natijasida tizimga 99 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum qilingandi.




