
Eksportyorlar 5,8 trln so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xarid qildi
2025 yilda eksportyor va umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan sotib olingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Soliq qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2025 yil 1 noyabr holatida 425 ta umumiy ovqatlanish korxonasi jismoniy shaxslardan 190 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini 199 mlrd so‘mga sotib olgan. Shuningdek, 389 ta eksportyor tashkilot 108 turdagi shunday mahsulotlarni 5,8 trln so‘mdan ortiqroq mablag‘ga xarid qilgan.
Qayd etilishicha, umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan quyidagi mahsulotlar eng ko‘p xarid qilingan:
mol go‘shti – 626 tonna, 69,8 mlrd so‘m;
qo‘y go‘shti – 185 tonna, 24,3 mlrd so‘m;
guruch – 471 tonna, 10,4 mlrd so‘m;
pomidor – 670 tonna, 9,2 mlrd so‘m.
Shuningdek, eksportyorlar orasida eng talabgor mahsulotlar quyidagilar bo‘ldi:
uzum – 71 ming tonna, 902,9 mlrd so‘m;
shaftoli – 53,7 ming tonna, 665,9 mlrd so‘m;
gilos – 23,1 ming tonna, 587,7 mlrd so‘m;
quritilgan mevalar – 31 ming tonna, 566,3 mlrd so‘m.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 1 dekabrdan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari, 2025 yil 1 martdan esa eksportyorlar jismoniy shaxslardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olganda xarid qilish dalolatnomalarini elektron shaklda rasmiylashtirishlari mumkin bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi 9 oyda 4 foizga o‘sib, sohadagi mahsulotlar va xizmatlarning umumiy hajmi 366 trln 216,0 mlrd so‘mni tashkil etgani haqida xabar bergan edik.





