
Prezident kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini kuchaytirish vazifasini yukladi
So‘nggi besh yilda kiberjinoyatlar soni 68 barobarga o‘sgan. Faqat joriy yilning o‘zida 46 mingdan ziyod holat aniqlangan, ular orqali yetkazilgan moddiy zarar 1,2 trln so‘mdan oshgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mamlakatda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va raqamli xavfsizlikni ta’minlash masalalari muhokama etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 31 milliondan ortiq aholi internetdan foydalanmoqda. Biroq so‘nggi besh yilda kiberjinoyatlar soni 68 barobarga o‘sgan. Faqat joriy yilning o‘zida 46 mingdan ziyod holat aniqlangan, ular orqali yetkazilgan moddiy zarar 1,2 trln so‘mdan oshgan.
Prezident fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, bank kartalari va elektron imzolari bo‘yicha firibgarliklar tez sur’atlarda ko‘payib borayotganini ta’kidladi. bugungi kunda shaxsiy ma’lumotlar bazalarida himoya mexanizmlari yetarli emas, ayrim tadbirkorlar mijoz ma’lumotlarini ochiq shaklda saqlayotgani qayd etildi.
Yig‘ilishda davlat xizmatlarida biometrik identifikatsiya va elektron imzolardan foydalanishda kiberxavfsizlik kafolatlarini kuchaytirish, bank tizimida onlayn-mikroqarzlarni himoya qilish va shubhali operatsiyalarni aniqlash tizimini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi. Prezident bu yo‘nalishda shaxsiy ma’lumotlarni shifrlab saqlash, ma’lumot ishlovchilari reyestrini yuritish va huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishni vazifa etdi.
Jumladan, endi onlayn-mikroqarz ajratishda:
· firibgarlar ta’sirini cheklovchi zamonaviy himoya tizimlari joriy etiladi;
· firibgarlik natijasida jabrlanuvchining nomiga olingan mikroqarzni undan undirmaslik amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
· shubhali bank hisobvaraqlarini bloklash tunu kun rejimda yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, smart qurilmalarga hujumlar va kriptoaktivlar bilan bog‘liq jinoyatlarni oldini olish uchun ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish taklif qilindi. Davlat rahbari bu tashabbuslarni ma’qullab, Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining salohiyatini oshirish va kiberjinoyatlarni tezkor fosh etish bo‘yicha 7 turdagi yangi ekspertizani joriy etishni topshirdi.
Prezident soha va tarmoqlarni raqamlashtirishning asosiy maqsadi byurokratiya va korrupsiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash ekanini ta’kidladi. Masalan, davlat xaridlari tizimini raqamlashtirish natijasida joriy yilda 7,5 trln so‘m tejalgan.
Shu bilan birga, yil boshidan davlat organlari tomonidan 7 mingdan ortiq qonunga zid hujjat qabul qilingani, 12,5 ming tadbirkorning huquqi buzilgani ma’lum qilindi. Prezident bu holatlardan xulosa chiqarib, qonunlar ijrosi ustidan masofaviy nazorat tizimini yaratish va davlat qarorlarining qonuniyligini raqamli formatda tekshirishni joriy etish zarurligini ta’kidladi.





