
Jahon chempionatini g‘alaba bilan boshlagan U-17, dividend to‘lamoqchi bo‘lgan UzAuto Motors va Mobiuz'ni sotib olish uchun raqobat — 5 noyabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekiston o‘smirlari jahon chempionatini g‘alaba bilan boshladi
Qatardagi U-17 jahon chempionatida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi musobaqani g‘alaba bilan boshladi. Islam Ismoilov shogirdlari birinchi turda Paragvay ustidan 2:1 hisobida zafar quchdi. O‘zbekistonlik hujumchi Azizbek Abdumo‘minov ikkita gol urdi — biri 25-daqiqada, ikkinchisi birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda.
Bellashuv oxirida Paragvay penaltidan bir gol qaytargan bo‘lsa-da, natija o‘zgarmadi. Shunday qilib, O‘zbekiston va Irlandiya birinchi turdan so‘ng guruhda uch ochkodan jamg‘arib peshqadamlikni bo‘lishmoqda. Keyingi bahsda o‘zbekistonliklar 8 noyabr kuni Irlandiyaga qarshi maydonga tushadi.
O‘zbekistondagi o‘limlarning 70 foizdan ortig‘ida ekologiyaning hissasi bor
O‘zbekiston bo‘yicha ekologik holatga bag‘ishlangan UNECE’ning “Uzbekistan — National State of the Environment Report 2023” hisobotiga ko‘ra, mamlakatdagi o‘limlarning 70 foizdan ortig‘i saraton, yurak-qon tomir va qon kasalliklari bilan bog‘liq. Bu kasalliklar genetika, turmush tarzi va atrof-muhit omillari ta’sirida yuzaga keladi. Havo sifati past bo‘lgan shaharlarda (Toshkent, Olmaliq, Chirchiq, Farg‘ona, Navoiy va Angren) ifloslanish nafas yo‘llari, saraton va yurak-qon tomir kasalliklarini kuchaytirmoqda. Bolalar ayniqsa xavf ostida: Qoraqalpog‘istonda besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda rivojlanish kechikishi va o‘pka sig‘imi pastligi qayd etilgan.
Suv sifati ham salomatlikka jiddiy xavf solmoqda: aholining taxminan 30 foizi markazlashmagan manbalardan suv iste’mol qiladi. Qishloq hududlarda suv tarmoqlari bilan qamrov past, ayrim joylarda yuqori minerallik va fluor yetishmasligi yurak-qon tomir, jigar, siydik yo‘llari kasalliklari va saraton xavfini oshiradi. Eskirgan quvur tarmoqlari suvning mikrobiologik ifloslanishiga olib kelmoqda.
O‘zgidromet qor ko‘chishi xavfidan ogohlantirdi
5–7 noyabr kunlari havo haroratining keskin o‘zgarishi natijasida Chotqol tizmasi tog‘larida, ayniqsa 2000 metrdan baland hududlarda qor ko‘chishi xavfi mavjud. Bu haqda O‘zgidromet ogohlantirdi.
«Tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li yo‘llarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyot choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz», — deyiladi O‘zgidromet tezkor axborotida.
Ma’lum qilinishicha, 5–6 noyabr kunlari mamlakat bo‘ylab sovuq va nam havo massalari kirib kelishi natijasida ob-havo keskin o‘zgaradi. Harorat tunda 0…+3 daraja iliq atrofida bo‘lib, ayrim hududlarda sovuq tushishi mumkin. Kunduz kunlari esa havo +5…+10 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.
UzAuto Motors dividend to‘lamoqchi — fond bozori yangiliklari
UzAuto Motors kuzatuv kengashi har bir aksiya uchun 4 642 so‘m dividend to‘lashni tavsiya qildi. Dividend daromadliligi joriy bozor narxiga nisbatan 8,9 foizni tashkil etadi. Aksiyalarni dividend olish huquqi bilan sotib olish uchun oxirgi sana — 14 noyabr, aksiyadorlar ro‘yxati 18 noyabrda shakllanadi, yakuniy qaror esa 24 noyabrdagi aksiyadorlar yig‘ilishida qabul qilinadi. UzAuto Motors — O‘zbekiston fond bozoridagi eng yirik emitentlardan biri bo‘lib, aksiyalari yuqori likvidlikka ega. Dividenddan 5 foiz soliq undiriladi, bu depozitlardan olinadigan soliqqa (12 foiz) nisbatan past.
Investorlar uchun muhim jihat: Ex-dividend sanasidan (taxminan 17 noyabr) keyin aksiya narxi odatda dividend miqdoriga yaqin darajada pasayadi. Masalan, agar aksiya 52 300 so‘m atrofida bo‘lsa, pasayishdan keyin taxminan 47 658 so‘mga tushishi mumkin. Dividendlar kompaniya naqd pul oqimi barqaror ekanini ko‘rsatadi, ammo bu muntazam siyosatga aylanadimi yoki bir martalik to‘lovmi — hali noma’lum. Qisqa muddatli investorlar uchun likvidlik riski mavjud, uzoq muddatli investorlar esa aksiya narxining tuzatilishini kutib, keyin kirishni ko‘rib chiqishlari mumkin.
Mobiuz'ni sotib olish uchun final bosqichida 10 ta kompaniya raqobatlashadi
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) Mobiuz mobil operatorini sotib olish bo‘yicha 10 kompaniyadan majburiy bo‘lmagan takliflarni qabul qilganini ma’lum qildi. Savdolarga Rothschild & Co va KPMG xalqaro moliyaviy maslahatchi sifatida jalb etilgan. Dastlab 16 kompaniya qiziqish bildirgan bo‘lsa, ulardan 10 tasi keyingi bosqichga o‘tdi. Investorlar virtual ma’lumotlar hujrasi orqali kompaniyaning moliyaviy va huquqiy ko‘rsatkichlari bilan tanishish imkoniyatiga ega.
Endi investorlar majburiy takliflarni 19 dekabrga qadar elektron auksion platformasi orqali yuborishi mumkin. Avvalroq hukumat Mobiuz’ning 100 foiz ulushini taxminan 300 million dollarga sotishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.





