add

Isroil vaziri yahudiylarni Nyu-Yorkni tark etishga chaqirdi

Bugun 13:552802

Isroil rasmiysi Nyu-York meri etib saylangan Zohran Mamdaniy «HAMAS tarafdori» deb atadi.

Isroil vaziri yahudiylarni Nyu-Yorkni tark etishga chaqirdi

Isroilning diaspora masalalari va antisemitizmga qarshi kurash vaziri Ammihay Shikli Nyu-Yorkda 34 yoshli musulmon siyosatchi Zohran Mamdaniyning g‘alabasidan so‘ng, shahardagi yahudiylarni Isroilga ko‘chib o‘tishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, «Nyu-York endi yahudiylar uchun xavfsiz shahar bo‘lmaydi».

Shikli o‘z bayonotini 5 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqda e’lon qilib, Mamdaniyni «HAMAS tarafdori» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Nyu-York erkinlik ramzidan fanatiklar qarashini eslatuvchi shaxs qo‘lidagi shaharga aylandi». Vazir yahudiylarni Isroilga qaytishga chaqirar ekan, «Nyu-York va London jarlikka qarab bormoqda», deb yozdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Nyu-Yorkda taxminan 1,3 million yahudiy istiqomat qiladi. Bu Isroildan tashqaridagi eng yirik yahudiy jamoasi hisoblanadi. Mamdaniy esa o‘z chiqishlarida Isroil hukumatini «aparteid rejimi», G‘azodagi urushni esa «genotsid» deb atagan, biroq HAMAS haqida alohida izoh bermagan.

Shiklining so‘zlarini Isroil milliy xavfsizlik vaziri va o‘ngchi «Osma Yexudit» partiyasi rahbari Itamar Ben-Gvir ham qo‘llab-quvvatladi. U Mamdaniyni «Isroil dushmani va ashaddiy antisemit» deb atadi.

Nyu-Yorkdagi saylovlar 4 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Deyarli barcha ovozlar sanab chiqilgandan so‘ng, Demokratik partiya va «Ishlovchi oilalar partiyasi» qo‘llab-quvvatlagan Mamdaniy 50,4 foiz ovoz bilan g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni 41,6 foiz bilan sobiq gubernator Endryu Kuomo egalladi.

Avvalroq Isroil Falastindagi Isroil harbiy jinoyatlarini tanqid qilgan musulmon siyosatchisi Zohran Mamdani g‘alaba qozongan Nyu York meri saylovlari natijalaridan tashvish bildirgani haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid