
Har yili oktabrda siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi o‘tkaziladi
Vazirlar Mahkamasi qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini targ‘ib etishni yanada jadallashtirish bo‘yicha qaror qabul qildi.

«2025-2026 yillarda mamlakatimizda qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini targ‘ib etish ishlarini yanada jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 691-sonli Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Qaror bilan «2025-2026 yillarda mamlakatimizda qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini targ‘ib etish ishlarini yanada jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi» tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, har yili oktyabrning 1-haftasida Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligini o‘tkazib boriladi. Shu jumladan, har yili oktyabr oyida qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan respublika darajasida ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etiladi. Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi faoliyatini yanada takomillashtiriladi.
Ushbu qarorga muvofiq, o‘quvchi yoshlar va talabalar ishtirokida qatag‘on qurbonlari tavallud topgan maskanlarda «Yurt va millat fidoiylari yoddan chiqmaslar» mavzusida uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkaziladi.





