add

Energetika muammolari inflyatsion kutilmalarni pasaytirishga yo‘l qo‘ymayapti

Bugun 12:383 daqiqa

Dekabr oyida inflyatsion kutilmalar o‘zgarmagan bo‘lsa-da, aholi va tadbirkorlar qimmatchilikdan xavotiri ortgan. Ayniqsa, kommunal xizmatlar, yoqilg‘i va energiya narxlarining oshishi inflyatsiyani raqamlarda emas, balki kundalik hayotda seziladigan muammoga aylantirmoqda.

Energetika muammolari inflyatsion kutilmalarni pasaytirishga yo‘l qo‘ymayapti

Dekabr oyida aholining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz qoldi, ya’ni 11,5 foizni tashkil qilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2018 yildan beri qayd etilgan eng past natija hisoblanadi.

inflatsion kutilmalar 01

Aholi va tadbirkorlar kutilmalarida eng katta xavotir kommunal xizmatlar, yoqilg‘i va energiya narxlari, shuningdek transport xarajatlarining qimmatlashuvi bilan bog‘liq bo‘lib, bu TOP-3 ko‘rsatkich sezilarli darajada ortdi. Bunga sabab sifatida energetika bilan bog‘liq tizimli muammolarni aytish mumkin. Otabek Bakirov ta’biri bilan aytganda, aholi «energojabrdiyda»ga aylanmoqda. 

inflatsion kutilmalar 02

Tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari esa o‘tgan oyga nisbatan 0,6 foiz bandga yuqorilab, 11,1 foizni tashkil qilmoqda. Kelgusida narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida xomashyo narxlarining qimmatlashishini belgilagan tadbirkorlar ulushi kamaygan. Shuningdek, soliq yuki yuqori va valuta kursining o‘zgarishi «yashil» chegarada bo‘lsa-da, biroq xavotir sezilarli ortgan. Umuman, tadbirkorlar inflyatsion kutilmalarida ham deyarli barcha omillar bo‘yicha xavotirlar ortgan.

Sohalar kesimida holat qanday?

Aholining aksariyat toifalarida inflyatsion kutilmalar o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori shakllangan. Eng yuqori inflyatsion kutilmalar pensionerlar tomonidan bildirilgan bo‘lsa, nisbatan past kutilmalar talabalar (9,5 foiz), bank va moliya xodimlari (11,1 foiz) hamda qishloq xo‘jaligi (11,2 foiz) ishchilari tomonidan qayd etilgan.

inflatsion kutilmalar 03

Tadbirkorlar orasida kelgusida narxlar shakllanishi bo‘yicha eng yuqori kutilmalar qurilish sohasi vakillari tomonidan qayd etilgan bo‘lsa, nisbatan past kutilmalar madaniyat sohasida kuzatilgan.

inflatsion kutilmalar 04

Hududlar kesimida kutilmalar

Hududlar o‘rtasida eng baland inflatsiya poytaxt Toshkentda sezilgan — 14,3 foiz. Bu rasmiy inflyatsiyadan deyarli ikki karra, 7 foiz bandga ko‘proq. Bu nafaqat aholi orasidagi yuqori ko‘rsatkich, balki tadbirkorlar orasida ham poytaxtliklarning ko‘rsatkichi (12,2 foiz) eng yuqori hisoblanadi.

inflatsion kutilmalar 05

Noyabr oyida Toshkent shahri aholisining ko‘rsatkichlari keskin yaxshilangan edi, unda 10,4 foiz band qayd qilingan.

Umuman olganda, hududlar orasidagi ko‘rsatkichlarda bir necha oydan buyon sezilarli tebranishlar bo‘lmoqda, bu bo‘yicha izoh berilishi zarur.

Tovar va xizmatlar

Dekabr oyida katta farq bilan benzin va yoqilg‘i, meva-sabzavotlar, gaz va elektr energiyasi narxlari oshganini bildirganlar ulushi keskin ortgan. Bunga ham energetika bilan bog‘liq vaziyat sabab sifatida ko‘rsatilishi mumkin. Shu bilan birga, yo‘l haqi, kafe-restoranlar, tibbiy xizmatlar, ijara haqi ko‘tarilganini qayd etganlar ham ko‘paygan. Umuman olganda, asosiy turdagi tovar va xizmatlarning aksar qismi narxlari oshgani ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, dori-darmonlar hamda kiyim-poyabzallar narxlarida sezilarli pasayishlar qayd qilingan.

inflatsion kutilmalar 06

Ma’lumot uchun, avvalroq Vaqt.uz 2025 yilda qimmatlagan va arzonlashgan tovarlar ro‘yxatini tahlil qilgan edi.

Mamlakatda oyiga 30 million so‘mdan ko‘p daromad oluvchilarga inflatsiya eng yuqori darajada sezilgan — 17,5 foiz. 20–30 million so‘m orasida daromad qiluvchilar narxlar o‘sishini 17,2 foiz deb baholagan. Umumiy hisobda oylik tushumlari 4 million so‘mdan ko‘p bo‘lganlar sezgan inflatsiya darajasi o‘rtacha ko‘rsatkich deb aytilgan 12 foizdan yuqori bo‘lgan.

Daromadga ega emaslar, 2 million so‘mgacha hamda 2–4 million so‘m daromad qiluvchi aholi qatlamlari inflatsiya darajasini sezmagan. Axir ularning daromadi past yoki umuman bo‘lmasa, inflyatsiyani qayerdan bilishsin?

Sohalar kesimida qaralganda, dekabr oyida ilm-fan va ta’lim sohasida ishlovchilar narxlar 13,2 foizga o‘sganini qayd etgan. O‘z navbatida, pensionerlar uchun sezilgan inflatsiya darajasi ham yuqori — 13,1 foiz. Ishlab chiqarish, axborot, turizm, savdo, tibbiyot va qurilish sohalari vakillari ham inflyatsiyani o‘rtachadan yuqori darajada sezgan. Nisbatan past sezilgan inflatsiya darajasi maishiy xizmatlar sohasi (10,3 foiz) vakillari tomonidan qayd qilingan.

Rasmiy inflatsiya ko‘rsatkichlari barqarorlikni ko‘rsatayotgandek tuyulsa-da, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari bu tasavvurni to‘liq tasdiqlamayapti. Amalda narxlar o‘sishi eng avvalo hayotiy zarur tovar va xizmatlar — kommunal to‘lovlar, yoqilg‘i, energiya va transport xarajatlari orqali sezilmoqda. Bu esa inflyatsiyani «qog‘ozdagi raqam» emas, balki kundalik turmush muammosiga aylantirmoqda.

Energetika sohasidagi tizimli muammolar hal etilmagani holda tariflarning oshishi aholi uchun doimiy bosim manbaiga aylanib qolmoqda. Tadbirkorlar kesimida esa xomashyo emas, balki soliq yuki va valuta kursiga bog‘liq noaniqliklar birinchi o‘ringa chiqayotgani iqtisodiy muhitdagi ishonch muammosini ochiqcha ko‘rsatmoqda. 


Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 32

Barchasi

Mavzuga oid