Eron: Ho‘rmuz bo‘g‘ozi to‘liq nazorat ostida

04.03.2026 | 15:402 daqiqa

Trampning ma’lum qilishicha, AQSH harbiy-dengiz floti Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan tijoriy kemalarni himoya qiladi. Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi esa bu bo‘g‘ozni to‘liq nazorat qilayotganini aytmoqda.

Eron: Ho‘rmuz bo‘g‘ozi to‘liq nazorat ostida

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi neft va gaz tashishda muhim bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq nazorat qilayotganini e’lon qildi.

«Hozirda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Islom Respublikasi harbiy-dengiz floti to‘liq nazoratida», – dedi Eron dengiz kuchlari vakili Muhammad Akbarzoda «Fars» axborot agentligida e’lon qilingan bayonotida.

Uning ta’kidlashicha, bu yo‘l orqali o‘tadigan har qanday kemalar Eron raketa yoki dron hujumiga uchrash xavfiga duch keladi.

Tramp: AQSH harbiy-dengiz floti tankerlarni himoya qiladi

AQSH prezidenti Donald Tramp avvalroq Fors ko‘rfazidagi muhim yo‘ldan o‘tadigan neft tankerlarini AQSH floti himoya qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

«Zarur bo‘lsa, AQSH floti tankerlarni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali eng tez yo‘l bilan qo‘llab-quvvatlaydi»,– deb yozgan u «Truth Social»da 3-martda.

Shuningdek, u AQSH Xalqaro rivojlanish moliya korporatsiyasi tomonidan Fors ko‘rfazi mintaqasidagi barcha tijoriy kemalarni sug‘urta va kafolat bilan ta’minlash topshiriqlari berilganini bildirgan. Bu neft tankerlari hamda boshqa savdo kemalarini muhofaza qilish uchun qilinadi.

AQSH harbiylari ma’lumoti

AQSH harbiylari Eronga qarshi urush boshlanganidan beri 17 ta Eron kemasini, shu jumladan bir suvosti kemasini yo‘q qilgan va mamlakat hududida taxminan 2000 ta nishonni nobud qilganini xabar qilishdi.

«Bugungi kunda Fors ko‘rfazi, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va Ummon ko‘rfazida birorta ham Eron kemasi yo‘q», – dedi AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) rahbari Bred Kuper.

Isroil va AQSHning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi

Isroil va AQSH 28-fevral kuni Eron hududiga zarba berishni boshladi. Tramp Eronning yadro dasturini yo‘q qilish niyatida ekanini bildirdi va Eron armiyasini qurolni tashlashga, aholi esa «taqdirini o‘z qo‘liga olishga» chaqirdi.

Hujumlar natijasida mamlakatda kamida 787 kishi halok bo‘lgani xabar qilindi. Eron Qizil Yarimoy jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, oliy rahnamo Ali Xomanaiy va bir qator yuqori darajali harbiylar halok bo‘ldi. Eron javoban Isroil va Fors ko‘rfazi davlatlariga zarba berdi, bu hududlarda ham qurbonlar bor. Tehron ta’kidlamoqda, u arab davlatlari bilan urushmay, faqat AQSH harbiy bazalariga zarba bermoqda.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va narxlar

Isroil va AQSH boshlagan urush neft va gaz narxlarining keskin oshib ketishiga sabab bo‘ldi. Eron hududiga zarba berilgandan keyin Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tashish to‘xtatilgan – bu yo‘l jahon nefti yetkazib berishining taxminan 20 foizi va suyultirilgan tabiiy gazning 30 foiziini tashkil qiladi.

«Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, Tehronning qarori natijasida kamiga 150 ta neft tankeri bo‘g‘oz yaqinida to‘plangan. Tankerlar to‘liq o‘tkazilmasligi kuniga 10 mln barrel yetkazib berishda defitsitga olib kelishi mumkin, bu jahon iste’molining 10 foizini tashkil etadi, deb hisoblaydi tahlilchilar.

Teglar

Mavzuga oid