add

Ilhom Aliyev Zangezur koridori qurilishi deyarli yakunlanganini aytdi

Bugun 18:303961

Toshkentda o‘tgan sammitda Ilhom Aliyev Zangezur loyihasi bo‘yicha Vashington kelishuvini ham eslab o‘tdi. Koridor tashqi tranzit imkoniyatlarini kengaytiradi.

Ilhom Aliyev Zangezur koridori qurilishi deyarli yakunlanganini aytdi

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahatlashuv uchrashuvida Zangezur koridori qurilishi yakunlanayotganini e’lon qildi.

Bu haqda «Azertaj» agentligi xabar berdi.

«Joriy yil avgust oyida Vashingtonda erishilgan kelishuvlar orqali Ozarboyjonning asosiy qismi Naxichivon avtonom respublikasi bilan bog‘lanadi. Bu xalqaro yuk tashishlar uchun tranzit imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi», — dedi Aliyev.

Zangezur koridori — Ozarboyjonni uning eksklavi bo‘lmish Naxichivon bilan bog‘lashni maqsad qilgan transport yo‘lagidir. Bu yo‘l Armaniston janubida joylashgan Syunik viloyati orqali o‘tishi rejalashtirilgan. Loyihaga ko‘ra, koridorning uzunligi taxminan 40 kmni tashkil etadi.

Transport va logistika sohasi bo‘yicha ozarboyjonlik mutaxassis Rauf Agomirzayev Zangezur koridorini texnik jihatdan 2028 yil oxirigacha ishga tushirish mumkinligini bildirgan.

Biroq loyiha siyosiy muammolardan xoli emas. Jumladan, Eron Oliy rahnamosi oyatulloh Oli Xominaiyning maslahatchisi Ali Akbar Viloyatiy avgust oyidagi bayonotida Armaniston orqali Zangezur koridori tashkil etilishiga keskin qarshi ekanini aytgan. Unga ko‘ra, bunday koridor mintaqaning geosiyosiy muvozanatini o‘zgartirishi, chegaralarni qayta taqsimlashi va Armanistonning parchalanishiga olib kelishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

Ilhom Aliyev Zangezur koridori qurilishi deyarli yakunlanganini aytdi | Vaqt.uz