Logo

JCHdagi omadsizlikdan so‘ng Janubiy Koreya bosh murabbiyi iste’foga chiqdi

Bugun 09:472 daqiqa

Jahon chempionati pley-offiga chiqa olmagan Janubiy Koreya terma jamoasi atrofida katta bahs boshlandi. Koreya prezidenti milliy jamoaning JCHdagi mag‘lubiyatini tekshirishni buyurdi.

JCHdagi omadsizlikdan so‘ng Janubiy Koreya bosh murabbiyi iste’foga chiqdi © coal.com

Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myong mamlakat milliy terma jamoasining 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz ishtiroki yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni buyurdi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Prezident Madaniyat, sport va turizm vazirligiga rasmiy murojaat qilib, terma jamoaning natijalariga olib kelgan omillarni har tomonlama o‘rganishni talab qildi.

«Men bu kutilmagan natijadan shunchaki hayratda emas, balki butunlay lol qoldim. Agar qobiliyatga emas, o‘z odamlarimizga ustunlik berilsa va rahbarlik lavozimlariga layoqatsiz odamlar tayinlansa, natija oldindan ma’lum bo‘ladi», — dedi Li Je Myong.

Prezidentning ta’kidlashicha, milliy jamoaning pley-offga chiqa olmagani mamlakat fuqarolarini qattiq ranjitgan. U bu holat sport tashkilotlari boshqaruvidagi va kadrlar siyosatidagi kamchiliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.

Li Je Myong davlat tomonidan milliy jamoaga katta miqdorda moliyaviy va tashkiliy resurslar ajratilishini eslatib, bu mablag‘lardan samarali foydalanish yuzasidan ham tahlil o‘tkazish lozimligini bildirdi.

Shuningdek, vazirlikka mavjud muammolar sabablarini aniqlash, ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda aniq islohotlar rejasini taqdim etish vazifasi yuklatildi.

Prezident murojaati yakunida terma jamoa natijalari mamlakatda katta umidsizlikka sabab bo‘lganini ta’kidlab, yuzaga kelgan vaziyat uchun fuqarolardan uzr so‘radi.

Shu bilan birga, jamoaning bosh murabbiy Hong Myon Bo iste’foga chiqqanini ma’lum qildi. Murabbiy mag‘lubiyat uchun barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi va u ham muxlislardan uzr so‘radi.

Ma’lumot uchun, Janubiy Koreya A guruhida 3 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallab, pley-off bosqichiga chiqa olmagan.

Teglar

Mavzuga oid