Markaziy bank vakolati qisqartiriladi: ustav kapitali me’yorlari qonun bilan belgilanyapti
Senat ma’qullagan qonun bilan O‘zbekistonda to‘lov tashkilotlari ustav fondida xorijiy investorlar ulushi 50 foiz bilan cheklanishi belgilanmoqda. Bu davlat nazoratini kuchaytirish va bozor barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.
© Олий Мажлис СенатиMarkaziy bankning to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimlari operatorlari ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdorini belgilash vakolati bekor qilinmoqda. Bu bugun, 8-aprel kuni Senatning yalpi majlisida muhokama qilinib, senatorlar tomonidan ma’qullangan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda belgilanmoqda.
«To‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining ustav fondiga belgilangan me’yorlar, talablar ham qo‘yilyapti. To‘lov tizimi operatori ustav fondining, ustav kapitalining eng kam miqdori 50 milliard so‘mni tashkil qilishi kerak. To‘lov tashkilotining ustav fondi esa, endi ustav kapitali kam miqdori 20 milliard so‘mni tashkil qilishi kerak. Demak, to‘lov operatori 50 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan, to‘lov tashkiloti esa 20 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan ustav kapitaliga ega bo‘lishi kerak», – dedi Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev.
Senatorlar ma’qullagan qonunga ko‘ra, to‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkiloti ustav fondining eng kam miqdorini litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza beriladigan kungacha shakllantirishi kerak. Faqat shundan keyingina ular ariza bilan murojaat qilganda, ularga tegishli tartibda litsenziya beriladi va ular litsenziya asosida o‘zining faoliyatini amalga oshiradi.
«Ham to‘lov operatorlari, ham to‘lov tashkilotlari uchun ustav fondining aniq normalari, me’yorlari 50 milliard va 20 milliard so‘m miqdorida belgilanganligi sababli, bu «Markaziy bank to‘g‘risida»gi qonunga ham o‘zgartirish kiritilyapti. Markaziy bankning vakolatidan mana shu miqdorni belgilash vazifasi chiqarib tashlanyapti», – dedi Gadoyev.
To‘lov tashkiloti va to‘lov tizimi operatori nima?
Qonun bilan to‘lov tashkilotlari va ularning yuridik maqomini belgilovchi alohida norma kiritilyapti. To‘lov tashkiloti O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan, bank hisoblanmaydigan yuridik shaxslar hisoblanadi. To‘lov tashkiloti aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi va uning faoliyati litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Qonun bilan to‘lov tizimining operatori va uning vazifalari ham belgilanyapti. O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘lov tizimining ishlashini ta’minlash bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs to‘lov tizimi operatori hisoblanadi.
Xorijiy to‘lov tashkilotlari uchun talab
Yangi qonunga ko‘ra, xalqaro moliya tashkilotlari, chet el banklari hamda chet el to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov tashkilotlari va kredit tashkiloti hisoblanmaydigan norezident yuridik shaxslarning hamda jismoniy shaxslarning to‘lov tizimi operatori yoki to‘lov tashkiloti ustav fondidagi jami ulushi 50 foizgacha bo‘lishi kerak.
«50 foizdan kam bo‘lishi kerak. Qolgan qismi O‘zbekistonning rezidenti bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxslarniki bo‘lishi kerak. Bu yerda ham cheklov qo‘llanilyapti. Albatta, bu davlat tomonidan nazoratni amalga oshirish maqsadida qilinayapti», – deya tushuntidi Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi.





