add

OKMK 9 oy yakunida 8,3 trln so‘m foyda oldi, eksport ulushi esa pasaydi

Bugun 15:351432

«Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ (OKMK) 2025-yilning III choragi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan choraklik hisobotida 2025 yil yanvar-sentabr oylaridagi sof foyda 8,3 trln so‘m ekani ko‘rsatilgan.

OKMK 9 oy yakunida 8,3 trln so‘m foyda oldi, eksport ulushi esa pasaydi

Hisobotda bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35,1 foizga ko‘p ekani qayd etilgan. Bu shuni anglatadiki, korxona 2025 yil davomida nafaqat ishlab chiqarish hajmini, balki rentabellikni ham saqlab qola olgan.

Hisobotdagi «moliyaviy natijalar to‘g‘risida» bo‘limida sof tushum (ya’ni mahsulot, ish va xizmatlar realizatsiyasidan tushgan daromad) 27,3 trln so‘mdan 34,8 trln so‘mga o‘sgani yozilgan. Bu taxminan 27-28 foiz o‘sish degani. Ya’ni, OKMK 2025-yilda ko‘proq sotdi yoki mahsulotni qimmatroq sotdi, tannarx ham oshgan bo‘lsa-da, u tushumdan tezroq oshmagani uchun asosiy faoliyatdan olingan foyda saqlanib qoldi.

Hisobotning o‘zida alohida qayd etilishicha, faqatgina 2025-yilning III choragida korxonaning sof foydasi 3,8 trln so‘mni tashkil etgan va bu o‘tgan yilning shu choragiga nisbatan 50,1 foizga ko‘p. Bu allaqachon chorak ichida daromad strukturasi foyda tomonga siljiganini ko‘rsatadi. Odatda, bunday sakrash ishlab chiqarish hajmining mavsumiy oshishi, yuqori marjali mahsulotlar ulushining ortishi yoki moliyaviy xarajatlarning yengillashishi hisobiga bo‘ladi.

OKMK hisobotidagi moliyaviy daromad/xarajat qatorlarida valuta bo‘yicha yo‘qotishlar o‘tgan yilga qaraganda pastroq bo‘lgani ko‘rinib turibdi, shu sabab operatsion foyda yakuniy foydaga deyarli to‘liq o‘tgan.

9 oy davomida korxona 377,8 mln dollar eksport tushumi olgan va bu umumiy tushumning 13,2 foiziini tashkil qilgan. O‘tgan yilning shu davrida eksport 486,1 mln dollar bo‘lib, ulushi 22,8 foiz edi. Demak, 2025 yilda eksportning ulushi kamaygan, ichki bozor va milliy valyutadagi tushum esa oshgan. Bu yomon ko‘rsatkich emas, lekin kelajakdagi IPO prospektida bu dinamikaga izoh beriladi, valuta tushumlari pasayishi dividend siyosati va tashqi qarzga xizmat ko‘rsatishda investorlarga alohida qiziq bo‘ladi.

Hisobotda «uzoq muddatli kredit va qarzlar» bandi yil boshiga nisbatan 6,9 trln so‘mga oshib, 31,4 trln so‘mga yetgani ko‘rsatilgan. Bu kombinatsiya yirik investitsiya dasturlari: konlarni kengaytirish, uchinchi boyitish fabrikasi, energetika obektlari, to‘xtamasdan davom etayotganini anglatadi. Qisqa muddatli qarzlarning 3,5 trln so‘m atrofida qolgani esa hozircha likvidlik bo‘yicha keskin bosim yo‘qligini bildiradi.

O‘zbekistonning 2025-2028 yillarda yirik davlat korxonalarini bozorga chiqarish rejasi ichida OKMK ham bor. Ochiq e’lon qilingan ro‘yxatlarda kombinatsiya aksiyalarining 10-15 foiz qismini xalqaro va mahalliy fond bozorlarida joylashtirish ko‘zda tutilgan. Bu ketma-ketlikda avval Navoi KMK, so‘ng Milliy investitsiya fondi (UzNIF) 2026 yilning birinchi yarmida, undan keyin esa OKMK bozorga chiqishi rejalashtirilgani aytilgan. Shunda investorlar avvalgi ikkita joylashtirish bo‘yicha baholash mezoniga ega bo‘ladi va OKMKni ular bilan taqqoslay oladi.

 

Teglar

Mavzuga oid

OKMK 9 oy yakunida 8,3 trln so‘m foyda oldi, eksport ulushi esa pasaydi | Vaqt.uz