Rekord eksport ortidagi yolg‘on: Xitoyning iqtisodiy zaifligi yashirilmoqda
Xitoy eksporti 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida 16,4 foizga o‘sdi. Biroq zarar bilan ishlayotgan sanoat korxonalari ulushi 2018 yildan beri ikki baravarga ko‘payib, 30 foizga yetgan. «The Atlantic» nashri bu holatni samarasiz korxonalarning subsidiyalar hisobiga faoliyatini davom ettirishi va iqtisodiyotda «zombi kompaniyalar» ko‘payishi bilan bog‘lamoqda.
© dragon-china.ruXitoyning jahon bozorlaridagi mavqei tobora mustahkamlanib bormoqda. Mamlakat avtomobillar, elektron komponentlar, sanoat uskunalari va boshqa turdagi mahsulotlarni eksport qilishni kengaytirmoqda.
«The Atlantic» nashri e’lon qilgan tahlilida ta’kidlanishicha, Xitoy iqtisodiyotidagi asosiy muammolardan biri — ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishiga qaramay, korxonalarning yetarli darajada foyda ololmayotganidir. Londondagi «Capital Economics» tadqiqot kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, zarar bilan ishlayotgan Xitoy sanoat korxonalari ulushi 2018 yildan beri ikki baravar ko‘payib, 2026 yilga kelib 30 foizga yetgan.
Nashr bu holatni mahalliy hokimiyatlarning ish o‘rinlarini saqlab qolish va iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarini ta’minlash maqsadida samarasiz korxonalarni subsidiyalar orqali sun’iy qo‘llab-quvvatlayotgani bilan izohlaydi. Natijada ayrim korxonalar bozor sharoitida mustaqil faoliyat yuritish uchun yetarli daromad topmasa-da, baribir ishlashda davom etmoqda.
Eksport rekord darajaga chiqmoqda
Xitoyning tashqi savdosi juda tez sur’atlarda o‘smoqda. Mamlakat Bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida tovarlar eksporti va importining umumiy qiymati 39,94 trillion yuanga, ya’ni taxminan 5,94 trillion dollarga yetgan. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 18,8 foizga ko‘p.
Eksport 23,2 trillion yuanni tashkil etib, yillik hisobda 16,4 foizga oshgan. Import esa 16,74 trillion yuanga yetgan va 22,3 foizga o‘sgan. Xitoyning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, tashqi savdodagi bunday o‘sish sur’ati oxirgi besh yil ichidagi shu davrlar orasida eng yuqori ko‘rsatkichdir.
«Bloomberg» xabariga ko‘ra, sentabr oyida Xitoyning tovar savdosidagi ijobiy saldosi qariyb 134 milliard dollarni tashkil etgan. Yanvar–sentabr davrida esa bu ko‘rsatkich 938 milliard dollargacha yetgan. Agar shu sur’at saqlanib qolsa, mamlakat 2025 yildagi 1,2 trillion dollarlik yillik rekorddan ham oshib ketishi mumkin.
Nega Xitoyda ayrim korxonalar zarar bilan ishlamoqda?
«The Atlantic» tahlilida bu muammoning bir nechta sababi ko‘rsatib o‘tilgan. Ular qatorida ichki talabning zaifligi, ishlab chiqarish quvvatlarining haddan tashqari ortiqchaligi, kompaniyalar o‘rtasidagi keskin narx raqobati va mahalliy hokimiyatlarning samarasiz korxonalarni qo‘llab-quvvatlashi sanaladi.
Mamlakatda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga uzoq vaqt davomida iqtisodiy rivojlanish va texnologik mustaqillikni mustahkamlash vositasi sifatida qarab kelingan. Biroq mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati ichki va tashqi bozorlardagi talabdan tezroq o‘ssa, korxonalar o‘rtasidagi raqobat keskinlashib ketadi.
Bunday vaziyatda kompaniyalar xaridorlarni jalb qilish uchun mahsulot narxini pasaytirishga majbur bo‘ladi.
«The Atlantic» keltirgan «Capital Economics» tahliliga ko‘ra, Xitoydagi ayrim sanoat korxonalari zarar ko‘rib ishlayotganiga qaramay soliq imtiyozlari, subsidiyalar va mahalliy hokimiyatlarning tinimsiz yordami orqali o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Nashr bunday korxonalarni iqtisodiy tahlilda «zombi kompaniyalar» deb ataladigan toifaga kiritadi. Bu atama yuridik jihatdan rasman bankrot bo‘lgan emas, balki faoliyati yetarli samara bermasa-da, tashqi moliyaviy yordam hisobiga faoliyat yuritishda davom etayotgan korxonalarga nisbatan qo‘llaniladi.
Qarz yuki ham o‘sib bormoqda
«The Atlantic» tahlilida Xitoyning yana bir zaif tomoni sifatida moliyaviy resurslarning samarasiz korxonalarga uzoq vaqt mobaynida yo‘naltirilishi va qarz yukining muttasil ortib borishi ko‘rsatilgan.
Xitoyning moliyaviy sektordan tashqari umumiy qarzi YAIMning 300 foizidan ham oshib ketgan. Bu ko‘rsatkich 2010 yildan beri qariyb ikki baravarga oshgan.
Xitoy eksporti tashqi savdo to‘siqlariga duch kelmoqda
Xitoy korxonalari foyda olish maqsadida tashqi bozorlarga ko‘proq tayanayotgan bir paytda, ularning mahsulotlariga nisbatan savdo cheklovlari ham tobora kuchayib bormoqda.
«Reuters» agentligi tahliliga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Xitoydan importni cheklash, antidemping va subsidiyalarga qarshi tekshiruvlarni kengaytirish imkoniyatlarini jiddiy muhokama qilmoqda. Agentlik ma’lumotida 2025 yilda Yevropa Ittifoqining Xitoy bilan tovar savdosidagi taqchilligi 370 milliard yevrodan oshgani, 2026 yilda esa 400 milliard yevrodan ham yuqoriga chiqib ketishi mumkinligi aytilgan.
Yevropa Ittifoqi va Xitoy oktabr oyida gibrid avtomobillar savdosi bo‘yicha ham muayyan kelishuvga erishdi. Yevropa savdo komissari Marosh Shefchovichning ta’kidlashicha, mazkur kelishuv Xitoydan Yevropa bozoriga gibrid va quvvatlanadigan gibrid avtomobillar eksportini yarmidan ko‘proqqa qisqartirishi mumkin.
Biroq Xitoy Savdo vazirligi ushbu kelishuvni boshqacha izohlagan: uning rasmiy bayonotiga ko‘ra, kelishuv eksportning davom etishiga sharoit yaratadi va Xitoy uchun boshqa davlatlarga nisbatan kam bo‘lmagan kvotani to‘liq kafolatlaydi.
Savdo cheklovlari Xitoy kompaniyalarining tashqi bozorlarda daromad olish imkoniyatiga katta zarba berishi mumkin. «The Atlantic» tahlilida bu holat mamlakatning boshqa davlatlarga iqtisodiy qaramlik orqali bosim o‘tkazish imkoniyatini ham cheklab qo‘yishi mumkinligi alohida ta’kidlangan.





