Rezina va plyonka yoqqan issiqxonalarga ekologik jarimalar joriy etiladi

Bugun 11:242 daqiqa

O‘zbekistonda ekologik qonunbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilib, issiqxonalarda zararli chiqindilarni yoqishga qarshi yangi sanksiyalar kiritilmoqda.

Rezina va plyonka yoqqan issiqxonalarga ekologik jarimalar joriy etiladi © Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

O‘zbekistonda ekologik nazoratni kuchaytirishga qaratilgan yangi qonun loyihasi ma’qullandi. Oliy Majlis Senati tomonidan tasdiqlangan ushbu hujjat atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi javobgarlikni sezilarli darajada oshirishni nazarda tutadi.

«Jazosizlik hissi» shakllangan

Muhokamalar jarayonida senatorlar amaldagi jarimalarning pastligi sabab ayrim korxonalarda «jazosizlik hissi» shakllanganini ta’kidladi. Xususan, faqat mansabdor shaxslarga nisbatan qo‘llanilayotgan jazo choralari yuridik shaxslar faoliyatiga yetarlicha ta’sir qilmayotgani qayd etildi.

Shu bois «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunga yangi bob kiritilib, endilikda kompaniyalarga nisbatan ham moliyaviy sanksiyalar joriy etiladi. Bu o‘zgarishlar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiat resurslaridan foydalanish sohasidagi qonunbuzarliklar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgarlikni belgilaydi.

Yangi normalar

Yangi qoidalarga ko‘ra, ochiq joylarda chiqindilarni yoqish, shuningdek issiqxonalar va ishlab chiqarish obyektlarida shinalar, rezina, bitum, mazut, plyonka va boshqa sintetik materiallarni yoqish uchun jarimalar belgilanadi. Bu normalar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasiga kiritilmoqda.

Mazkur qonun qabul qilinishi ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, davlat ekonazoratini kuchaytirish va havo ifloslanishini kamaytirishga xizmat qiladi. Qonun kuchga kirishi uchun uni Shavkat Mirziyoyev imzolashi talab etiladi.

Avvalroq davlat rahbari ekologik qonunbuzarliklar uchun jarimalarni oshirishga qaratilgan qonunni imzolagan edi. Unda o‘rmon yerlaridan noqonuniy foydalanish, suv resurslarini muhofaza qilish qoidalarini buzish, filtrsiz chiqindilar chiqarish va ekologik ekspertizasiz loyihalarni amalga oshirish kabi holatlar uchun javobgarlik kuchaytirilgan.

Teglar

Mavzuga oid