
Saudiya fond bozori xorijiy investorlar uchun to‘liq ochildi
Saudiya Arabistoni 2026 yildan boshlab fond bozorini barcha xorijiy investorlar uchun ochib, avvalgi cheklovlar va maxsus talablarni bekor qildi.

Saudiya Arabistoni o‘z fond bozorini barcha xorijiy investorlar uchun to‘liq ochishga qaror qildi. Bu haqda mamlakatning «Capital Market Authority» 6-yanvar kuni rasmiy bayonot berdi, deb yozmoqda «Bloomberg». Qarorga muvofiq, norezidentlar uchun amalda bo‘lgan barcha maxsus talablar va cheklovlar bekor qilinadi.
Avval xorijiy investorlar Saudiya bozoriga kirish uchun kamida 500 mln AQSH dollari miqdorida aktivlarga ega bo‘lishi shart edi. Yangi qoidalarga ko‘ra esa, 2026 yil 1-fevraldan boshlab xorijiy investorlar mamlakatning asosiy fond maydoni — «Tadawul»da aksiyalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish va sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyi oxiri holatiga Saudiya fond bozorining umumiy hajmi taxminan 2,3 trlnni tashkil etgan. Shu mablag‘ning 590 mlrd saudiya riyoli (157,3 mlrd dollar) xorijiy investorlar hissasiga to‘g‘ri keladi, ularning qariyb 88 foizi esa asosiy indeksda jamlangan.
«Bloomberg»ning ta’kidlashicha, Ar-Riyodning xorijiy sarmoyaga ehtiyoji tobora ortib bormoqda. Neftdan tushayotgan daromadlarning pasayishi va davlat xarajatlarining yuqoriligi budjet taqchilligini chuqurlashtirmoqda, bu esa investitsiya faolligini sekinlashtirish xavfini kuchaytiradi.
Yangi qaror mahalliy kompaniyalar uchun ham ijobiy signal sifatida baholanmoqda. Saudiya fond birjasi ijroiya direktori dekabr oyida 40 ta kompaniya IPO uchun ariza topshirganini, umumiy nomzodlar soni esa 100 taga yetganini ma’lum qilgan edi. Britaniyaning «Jefferies International Limited» hisob-kitoblariga ko‘ra, xorijiy mulkchilik limitini 49 foizdan 60–100 foizgacha oshirish MSCI va FTSE indekslariga bog‘langan fondlar orqali 3,4–10,2 mlrd dollar miqdorida qo‘shimcha sarmoya jalb qilishi mumkin.





